Paziljanova Zulfiya Sabirjanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zamonaviy nemis tili darsliklari vositasida talabalarning madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirish texnologiyasi”, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogiga fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Ped1379.
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Saydaliev Saidumar Saydalievich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qo‘qon davlat pedagogika instituti, PhD.03/04.06.2021.Fil.132.01.
Rasmiy opponentlar: Axmedova Laylo Talibjanovna, pedagogika fanlari doktori; Qaxxorova Mavluda Mukarramovna, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi zamonaviy nemis tili darsliklari vositasida talabalarning madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirish metodikasi va texnologiyalarini takomillashtirish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nemis tili muloqot madaniyatining proksemika, takesika, kinesika, sensorika, xronemika kabi noverbal turlarini o‘zbek tili muloqot madaniyati me’yorlari bilan qiyoslab, ularning muomala, munosabat, murojaat jarayonidagi salomlashish, sizlash, xushmuomalalik kabi o‘xshash va madaniy, siyosiy, ijimoiy munosabatdagi oila, turmush, nikoh kabi farqli jihatlari aniqlangan;
madaniyatlararo muloqot kompetensiyasining kognitiv, konativ va affektiv darajalarini psixolingvistikaning millatlararo tolerantlik, hayotiy vaziyatlarda madaniy shok va xalqaro ziddiyatlarning oldini olish tamoyillari madaniyatlararo muloqot jarayonidagi ijobiy natijani ta’minlovchi omil ekani dalillangan;
talabalarning madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirishda anketa-so‘rovnoma, topshiriq va mashqlarga ko‘ra grammatik-tarjima, audiolingual va audiovizual, kommunikativ-pragmatik va madaniyatlararo muloqot metodlarining afzalligi isbotlangan;
tillarni egallashning umumevropa kompetensiyalarini o‘rganish, o‘rgatish va baholash tizimining S1 darajasi talablari asosida talabalarning madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirish mazmunini seminar-trening, loyiha, rolli o‘yin va anketa-so‘rovnomalar orqali takomillashtirishga erishish usullari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nemis tilini o‘qitishda talabalarning madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tillarni egallashning umumevropa kompetensiyalarini o‘rganish, o‘rgatish va baholash tizimining S1 darajasi talablari asosida talabalarning madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirish mazmunini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan xulosa va tavsiyalardan A-1-197 raqamli “Ingliz va nemis tillarini o‘rganish uchun o‘quv-uslubiy modullarni takomillashtirish va ulardan foydalanishning nazariy va amaliy asoslari” nomli amaliy loyiha doirasida darslik yaratishda foydalanilgan (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining 2022 yil 14 yanvardagi 02-07-109/04-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida yaratilgan o‘quv dasturi, darslik va qo‘llanmalarning ilmiy-nazariy jihatlari takomillashtirilgan;
madaniyatlararo muloqot kompetensiyasining kognitiv, konativ va affektiv darajalarini psixolingvistikaning millatlararo tolerantlik, hayotiy vaziyatlarda madaniy shok va xalqaro ziddiyatlarning oldini olish tamoyillariga oid xulosalar asosida “Deutsch macht uns Spaß” nomli o‘quv qo‘llanmasi ishlab chiqilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 648-sonli buyrug‘iga asosan berilgan 648-065-son nashr ruxsatnomasi). Natijada o‘quv qo‘llanma nazariy jihatdan boyib, ta’lim jarayonida undan foydalanish orqali talabalarda madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirish jarayonlarini takomillashtirish samaradorligi ortgan;
talabalarning madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirish modelini o‘qitishning grammatik-tarjima, audiolingual va audiovizual, kommunikativ-pragmatik va madaniyatlararo muloqot metodlari asosida takomillashtirishga oid xulosalardan Moskva davlat pedagogika universitetining 2019-2021 yillarda bajarilgan “Chet tillarni o‘rganishdagi o‘quv faoliyati sharoitida kichik yoshdagi maktab o‘quvchilarining nazariy tafakkurini rivojlantirish” nomli amaliy loyiha doirasida o‘quv qo‘llanma yaratishda foydalanilgan (Moskva davlat pedagogika universitetining 2021 yildagi 345/21-son ma’lumotnomasi). Natijada kichik yoshdagi maktab o‘quvchilari hamda talabalarning nemis tilida madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirishda amaliy ish samaradorligiga erishilgan;
nemis tili muloqot madaniyatining proksemika, takesika, kinesika, sensorika, xronemika kabi noverbal turlarini o‘zbek tili muloqot madaniyati me’yorlari asosida tasniflashga oid xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Bolalar va biz”, “Ta’lim va taraqqiyot” radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2022 yil 10 yanvardagi 04-36-49-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur radioeshittirishlarning mazmuni kengayishiga, ilmiylashishiga va radiotinglovchi talabalarning madaniyatlararo muloqot kompetensiyasini rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishilgan.