Isomiddinov Zokirjon Jaloldinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlar va piyoz (Allium cepa L.) ning biogeokimyoviy xususiyatlari», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/V706.
Ilmiy rahbar: Isag‘aliev Murodjon To‘ychiboevich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, RhD.03/30.12.2019.V.05.03.
Rasmiy opponentlar: Raupova Nodira Baxromovna, biologiya fanlari doktori, dotsent; Artikova Hafiza Tuymurodovna, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘oriladigan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlar unumdorligi, piyoz (Allium cepa L.) hosildorligi, biogeokimyoviy xususiyatlari, makro- va mikroelementlar miqdori va sifatiga sug‘orish suvi qalqindisining ta’sirini aniqlash va tuproqlardan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlarning shakllanishi, xossalari, unumdorligi, geokimyoviy xususiyatlari, elementlar takibi va miqdorini sug‘orish suvi qalqindisi ta’sirida o‘zgarishi isbotlangan;
eskidan va yangidan sug‘oriladigan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlarning morfogenetik belgilari, fizikaviy, kimyoviy va biogeokimyoviy xossalari hamda geokimyoviy provinsiyalari aniqlangan;
sug‘oriladigan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlarda gumus, N, P, K, Mn, Na, Sm, Mo, Lu, U, Yb, Au, Nd, As, Ca, La, Ce, Se, Hg, Tb, Th, Cr, Hf, Ba, Sr, Cs, Ni, Sc, Rb, Zn, Co, Ta, Fe, Eu, Sb va boshqa kimyoviy elementlarning miqdorlari, biogeokimyoviy xususiyatlarini sug‘orish ta’sirida evolyusion o‘zgarishi ochib berilgan;
sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlarni og‘ir metallar bilan kuchsiz ifloslanishi, unumdorligini va piyoz etishtirishda iqtisodiy samaradorligini oshirish So‘x daryosi sug‘orish suvlarining suv-migratsion-akkumulyativ xususiyati bilan bog‘liqligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Eskidan va yangidan sug‘oriladigan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlar va piyoz (Allium cepa L.) ning biogeokimyoviy xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy-amaliy natijalar asosida:
sug‘oriladigan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlar sharoitida etishtiriladigan osh piyozning navlari, kimyoviy tarkibi tavsifi, dorivorlik xususiyati bo‘yicha ma’lumotlar «Dorivor o‘simliklar biologiyasi va ekologiyasi» nomli o‘quv qo‘llanmaga kiritilgan va 5411100-Dorivor o‘simliklarni etishtirish va qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishi talabalari uchun o‘quv jarayoniga joriy qilingan (Guvohnoma, №356/7-022). Natijada, sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlar sharoitlari, etishtiriladigan piyoz o‘simligining kimyoviy element tarkibi, biologiyasi, dorivorlik xususiyatlarini tavsiflashda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
«Sug‘oriladigan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlarda piyoz (Allium cepa L.) etishtirish bo‘yicha tavsiyanoma»si sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari amaliyotiga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 13 apreldagi 07/33-04/2242-son ma’lumotnomasi). Natijada, sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlar unumdorligini saqlash va oshirish, piyozdan yuqori, sifatli ekologik toza hosil olishda majmuaviy agrotexnik, agrokimyoviy va meliorativ tadbirlar tizimini amalga oshirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
So‘x daryosi suvi bilan har bir sug‘orish natijasida o‘rtacha 2,21 g/l loyqa qalqindi, tarkibida 1,544% gumus, 24 mg/kg harakatchan fosfor va 194 mg/kg kaliy kelib yotishi natijasida mineral va organik o‘g‘itlarni tejash bo‘yicha ma’lumotlar Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani «Sabir Manzura Omad» hamda Bag‘dod tumani «Bu Oysha» fermer xo‘jaliklarida jami 24,5 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 13 apreldagi 07/33-04/2242-son ma’lumotnomasi). Natijada, sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlar sharoitida piyoz etishtirishda azotdan 80 kg/ga, fosfordan 50 kg/ga va kaliydan 100% tejalib, mos holda 40 va 33 tonna hosil, har tonnadan o‘rtacha 463,2 ming so‘m sof daromad olinib, rentabellik 51% ni tashkil qilgan va iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.