Norbaeva Shukurjon Xayitbaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xorazm shevalaridagi kiyim-kechak nomlarining struktur-semantik tadqiqi», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil19.
Ilmiy rahbar: Do‘simov Zaribboy, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan tashkilot nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Qurbanova Muhabbat Matyakubovna, filologiya fanlari doktori, professor; Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy hamda amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm shevalaridagi kiyim-kechak nomlarining struktur-semantik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xorazm shevalaridagi kiyim-kechak nomlarining lug‘aviy qatlamlari aniqlangan;
voha shevalaridagi kiyim-kechak nomlarining struktur-semantik va tarixan yasalish xususiyatlari diaxron va sinxron aspektlarda ochib berilgan;
kiyim-kechak nomlarining o‘zaro qarindosh bo‘lmagan, lekin yaqin madaniy, siyosiy, geografik, diniy mushtaraklikka ega bo‘lgan xalqlar tillariga o‘zlashish va singish sabablari aniqlangan;
Xorazm vohasi shevalaridagi kiyim-kechak nomlarining moddiy asosga, funksional xususiyatga, analogiyaga va belgilarni nisbatlashga ko‘ra tanlash singari onomasiologik tamoyillari belgilangan;
kiyim-kechak nomlarining hozirgi o‘zbek tilida ma’no torayishi, ma’no kengayishi kabi leksik hodisalarga uchrashi, ularda ro‘y beradigan fonetik o‘zgarishlar ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xorazm shevalaridagi kiyim-kechak nomlarining struktur-semantik xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kiyim-kechak nomlari (bөrk, postin, gudari, dəgdi, pota, sandal, bashbav, rөpak, chishvənt, qulaqchin, ləchək, payjama, jorrap, moza kəvish, kəlləki, piltə, paraviz, məssi, pərənji, shalvar kabi)ning ma’noviy va uslubiy xususiyatlari, leksikografik izohlaridan Abdulla Qahhor uy-muzeyida eksponat sifatida qo‘yilgan kiyim-kechak nomlarini muzey ziyoratchilariga tushuntirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2016 yil 7 sentyabrdagi 01-11-08-4640-son ma’lumotnomasi). Natijada eksponat sifatida turgan arxaik hamda shevaga xos kiyim-kechak nomlarining yangi ma’nolari aniqlangan;
Xorazm shevalariga mansub bo‘lgan 30 ga yaqin kiyim-kechak nomlari (nax, ton, bөrk, qalpaq, dәgdi, guppi kabi)ning leksikografik izohi hamda dalillovchi misollardan Xiva «Ichan-Qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasiga qarashli amaliy san’at, xalq hunarmandchiligi, tarix muzeylaridagi eksponatlarning mazmunini sharhlashda, muzey fondida saqlanayotgan eksponatlarning ilmiy pasportini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2016 yil 7 sentyabrdagi 01-11-08-4640-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning tatbiq etilishi ziyoratchilarga eksponatlar mazmun-mohiyatini tushuntirishda qulay ifoda vositasi bo‘lib xizmat qilgan;
Xorazm shevalaridagi kiyim-kechak nomlarining struktur-semantik tahlili yuzasidan asoslangan nazariy xulosalar, mumtoz adabiy asarlarda qo‘llangan bir qancha leksik birlik (ultan, bөrk, pota kabi)larning etimologiyasi, leksik-semantik va uslubiy xususiyatlari, ularni dalillovchi materiallardan FA-F8-O34 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari» (2007-2011) fundamental loyihasining «Navoiy asarlari lug‘ati» yo‘nalishida foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 22 iyundagi FTK-0313/404-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida lug‘aviy birliklarning ma’nolari boyigan, izohlari mukammallashgan.