Ziyadullaev Zoxidjon Fayzullaevichning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida

fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Respublikaning janubida bug‘doy seleksiyasi, urug‘chiligi va nav agrotexnikasi xususiyatlari», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik  (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc /Qx16.

Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Don dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali.

Ilmiy rahbar: Xalilov Nasriddin Xalilovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: «Yaksart» yumshoq bug‘doy navi, NAR 00121, 2013 y.; «G‘ozg‘on» yumshoq bug‘doy navi, NAR 00123, 2013 y.; «Turkiston» yumshoq bug‘doy navi, NAR 00125, 2013 y.;«Elomon» yumshoq bug‘doy navi  NAR 00122.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2017 yil 2 avgustdagi 02-11/2050, 02-11/2051, 02-11/2049-son va 2017 yil 30 noyabrdagi 02-11/3217-son ma’lumotnomalari.

II. Tadqiqotning maqsadi: yumshoq bug‘doyning yuqori sifatli, har bir mintaqaning tuproq-iqlim sharoitlariga mos, serhosil, qurg‘oqchilik, issiqlik, sho‘rlanishga, kasalliklarga, yotib qolishga chidamli bug‘doy navlarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

respublikaning janubiy mintaqalari sharoitida yumshoq bug‘doyning jahon kolleksiyasi nav va namunalari o‘rganilib, serhosil, kasalliklarga, qurg‘oqchilikka, issiqlikka, sho‘rlanishga chidamli bo‘lgan 162 ta manbalari aniqlangan;

yumshoq bug‘doyning qurg‘oqchilikka chidamli 70 ta, issiqlikka chidamli 18 ta va mahsuldorlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan 15 ta, jami 103 ta nav va namunalari tanlab olingan va seleksion jarayonlarda ularni chatishtirish asosida xo‘jalik belgilarining korrelatsion bog‘liqligi aniqlangan;

sariq zang kasalligiga chidamli bo‘lgan 20 ta, qo‘ng‘ir zang kasalligiga chidamli 23 ta hamda kompleks ya’ni sariq va qo‘ng‘ir zang kasalligiga chidamli 17 ta boshlang‘ich manbalar tanlab olinib, seleksiya jarayonining keyingi bosqichlarida belgilarning irsiylanish samaradorligi aniqlangan;

sariq zang kasalligiga chidamlilik xususiyati «G‘ozg‘on» va «Yaksart» navida 2 ta, «Turkiston» va «Elomon» navida 1 ta dominant genlar ta’sirida irsiylanishi aniqlangan;

genetik kelib chiqishi uzoq bo‘lgan xorijdan keltirilgan navlar bilan mahalliy navlar ishtirokida 15 ta kombinatsiyada G‘1 avlodlar ajratib olinib, dominantlik hamda to‘liq irsiylanish belgilari aniqlangan;

jahon kolleksiyasidan tanlab olingan nav va namunalar bilan mahalliy navlar chatishtirish asosida 15 ta kombinatsiyada yaratilgan G‘1 va G‘2 avlodlarida duragaylarning o‘simlik bo‘yi, boshoq uzunligi, boshoqdagi donlar soni, 1000 ta don vazni bo‘yicha belgi va xususiyatlarini irsiylanishi ilmiy asoslangan;

qimmatli biologik-xo‘jalik belgi va xususiyatlarni kompleks o‘rganish asosida qurg‘oqchilik, issiqlik, zang kasalliklariga chidamli, nonboplik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan kuzgi yumshoq bug‘doyning serhosil «Turkiston», «Yaksart», «G‘ozg‘on» va «Elomon» navlari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Kuzgi bug‘doyning yuqori sifatli seleksion ashyolarini yaratish va tur ichida murakkab duragaylash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:

qimmatli xo‘jalik belgilariga ega hosildor, qurg‘oqchilik, issiqlik, zang kasalliklarga chidamli kuzgi bug‘doyning «Turkiston», «Yaksart», «G‘ozg‘on» va «Elomon» navlari yaratilgan va ushbu navlar uchun Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patentlari olingan («Yaksart» yumshoq bug‘doy navi, NAR 00121; «Elomon» yumshoq bug‘doy navi  NAR 00122; «G‘ozg‘on» yumshoq bug‘doy navi, NAR 00123; «Turkiston» yumshoq bug‘doy navi, NAR 00125 ). Buning natijasida yumshoq bug‘doyning qurg‘oqchilik, issiqlik va kasalliklarga chidamli «Turkiston», «Yaksart», «G‘ozg‘on» va «Elomon» navlarini ekish orqali andoza navlarga nisbatan gektaridan 8–12 sentnergacha qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan;

2012–2016 yillarda yangi yaratilgan kuzgi bug‘doyning «Turkiston» navi 61437 gektar, «Yaksart» navi 279285 gektar va «G‘ozg‘on» navi 31267 gektar, jami 371989 gektar respublikamizning ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining sug‘oriladigan maydonlariga joriy etilgan. Shuningdek, respublikada 2018 yil g‘alla hosili uchun jami 118,3 ming gektar maydonga ekish uchun «Yaksart» navidan 16446 tonna, «G‘ozg‘on» navidan 11237 tonna, «Turkiston» navidan 1884 tonna jami 29567 tonna sara urug‘liklari jamg‘arilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 10 noyabrdagi 02/21-584-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida 2012–2016 yillarda ushbu navlardan andoza navlarga nisbatan gektaridan 3,4–9,2 sentnergacha qo‘shimcha don hosili olinib, iqtisodiy samaradorlik 285,0–842,0 ming so‘mni, rentabellik 14–21 foizni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish