Pardaev Umidjon Uralovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta muddatli istiqbolda davlat byudjeti daromadlarini prognozlashtirish va rejalashtirish metodologiyasini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.DSc/Iqt221. 
Ilmiy rahbar: Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti .
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
 Rasmiy opponentlar: Xaydarov Nizomiddin Xamraevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Abdullaev Zafar Alidjanovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent, To‘raev Shavkat Shuxratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘rta muddatli istiqbolda davlat byudjeti daromadlarini prognozlashtirish va rejalashtirish metodologiyasini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-uslubiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘rta muddatli istiqbolda davlat byudjeti daromadlarini prognozlashtirishda mol-mulk va er solig‘ini to‘lashdan ozod etilgan yuridik shaxslar uchun hisoblangan soliq miqdoriga nisbatan qatʼiy 1 foiz stavka soliq undirish taklif etilgan;
qo‘shilgan qiymat solig‘i zanjirini yaratish maqsadida sug‘oriladigan er maydoni 25 gektardan ko‘p bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi xo‘jalik sub’ektlarida aylanmasidan qatʼiy nazar qo‘shilgan qiymat solig‘ini joriy etish tavsiya etilgan;
davlat byudjeti daromadlari prognozining aniqligini oshirish maqsadida yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlari kadastr qiymati va bozor narxi o‘rtasidagi tafovutlarni maqbullashtirishda eng kam meʼyorlarini mutlaq miqdorlarda 1 kv.m uchun 1,0 – 2,5 mln.so‘mgacha tabaqalashtirilgan holda joriy etish zarurligi asoslangan;
hududlardagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish maqsadida kichik biznes va tadbirkorlik rivojlantirish imkoniyati past bo‘lgan hududlarda tabaqalashtirilgan soliq solishni qo‘llash orqali soliq tushumlari prognozini ishlab chiqish tavsiya etilgan;
davlat byudjetini prognozlashtirishda soliq to‘lovchilarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida hududlarning soliq salohiyatini baholash uslubiyatini takomillashtirish asosida 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rta muddatli istiqbolda davlat byudjeti daromadlarini prognozlashtirish va rejalashtirish metodologiyasini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishining natijalari asosida:
yuridik shaxslarning mol-mulkiga va er solig‘i to‘lashdan ozod etilgan to‘lovchilardan ushbu soliqlardan berilgan imtiyozga summasi tushumlarini byudjet daromadlarida aniq prognozlashtirish va rejalashtirish maqsadida qatʼiy belgilangan miqdordagi soliq stavkasida soliqqa tortishni joriy etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi PQ-73-son qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining 2022 yil 17 fevraldagi 15-15687-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, yuridik shaxslarning mol-mulkiga va er solig‘i to‘lashdan ozod etilgan to‘lovchilardan ushbu soliqlardan hisoblangan summaning 1 foiz stavkasida soliq undirish tartibi o‘rnatilgan.
qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va davlat byudjeti daromadlarini barqarorlashtirish ta’minlash maqsadida aylanma (oborot)dan qatʼiy nazar sug‘oriladigan er maydoni 25 gektardan ko‘p qishloq xo‘jaligi korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini joriy etish tavsiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 29 dekabrdagi O‘RQ-741-son "O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining 2022 yil 17 fevraldagi 15-15687-son ma’lumotnomasi). Natijada, sug‘oriladigan er maydoni 25 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan va qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tmagan 5,8 mingta yoki 30 foiz korxonani ushbu tizimga o‘tkazish orqali, ularda hisobga olingan (eksportda, texnik xizmat, urug‘, yoqilg‘i va boshqa tovarlar sotib olinganda) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini byudjetdan qoplab berish imkoniyati yaratilgan.
yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan binolar va inshootlarni kadastr hujjatlaridagi qiymati bilan bozor narxi o‘rtasidagi tafavvutlarni maqbullashtirish hamda mol-mulk solig‘i bo‘yicha prognoz qo‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yhatidan o‘tkazuvchi organlarda ro‘yhatdan o‘tkazilgan binolar va inshootlarni qiymatiga eng kam meʼyorlarni joriy etish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 29 dekabrdagi O‘RQ-741-son "O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonuni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining 2022 yil 17 fevraldagi 15-15687-son ma’lumotnomasi). Natijada, soliq to‘lovchi ko‘chmas mulk ob’ektlari qiymatini mustaqil baholashni amalga oshirishga huquqi berilgan holda, ko‘chmas mulk ob’ektlariga nisbatan soliq bazasi 1 kv. metr uchun mutlaq miqdorda Toshkent shahrida – 2,5 mln so‘m, Nukus shahri va viloyat markazlarida – 1,5 mln so‘m, boshqa hududlarda – 1 mln so‘mdan past bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
mamlakatning hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, tuman va shaharlarning salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib davlat byudjeti tushumlarni rejalashtirishning natijadorligini oshirish maqsadida tabaqalashtirilgan soliq solish amaliyotini qo‘llash bo‘yicha tavsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PF-287-son “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining 2024 yil 15 martdagi 15-25190-son ma’lumotnomasi). Natijada, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari eng past bo‘lgan hududlarda foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga soliq va er solig‘ini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilangan. Shuningdek, 2023-yilda 5 toifadagi kichik biznes sub’ektlari soni 581 taga oshishiga erishilgan.
hududlarning ichki imkoniyatlarini oshirish, soliq bazasini muntazam oshirib borish, hududlarda potensial soliq to‘lovchilarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida hududlarning soliq salohiyatini baholash uslubiyotini takomillashtirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi PQ-4389-son “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududlar soliq salohiyatini baholash metodikasi” ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining 2024 yil 15 martdagi 15-25190-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida 2022-yilda hududlarda soliq to‘lovchilar soni 52,1 ming taga, 2023-yilda 82,7 ming taga oshgan, shuningdek, hududlar soliq tushumlari 2022-yilda 113,5 foizga, 2023-yilda 113,4 foizga o‘sishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish