Rustamova Malika Bahodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Issiqlik energetikasi qozon agregatlarini texnologik parametrlarini raqamli boshqarish tizimini sintezlash”, 05.01.08 – Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/T5078.
Ilmiy rahbar: Siddikov Isomidin Xakimovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc. 03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Ismailov Mirxalil Agzamovich, texnika fanlari doktori, professor; Sapaev Mamatkarim, texnika fanlari nomzodi, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona Davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: raqamli texnologiyalari asosida energetika obektlari texnologik parametrlarini boshqarish jarayonining modellari va algoritmlarini ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qozon agregatining dinamik xossalari, o‘zgaruvchilarning tizimli bog‘lanishlari va issiqlik almashish qonuniyatlari asosida bug‘ hosil qilish jarayonining ko‘p o‘lchamli axborot-konseptual modeli ishlab chiqilgan.
qozon agregati ish rejimlarini o‘zgaruvchanligini inobatga olish imkonini beruvchi qat’iymas mantiq va chiziqli rostlash qonuniyatlarini birgalikda qo‘llash asosida raqamli rostlagichni sintezlash algoritmi ishlab chiqilgan..
bug‘ hosil bo‘lish jarayonining dinamikasi va qozon agregati ish rejimlarini o‘zgarishiga asoslangan qat’iymas mantiqiy rostlagichning parametrlarini korreksiyalash algoritmi ishlab chiqilgan.     
 boshqarish signallarini impulslar kengligi bo‘yicha modulyasiyalash asosida ko‘p o‘lchamli raqamli optimal boshqarish tizimini sintezlash algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Issiqlik energetikasi obektlari qozon agregati texnologik parametrlarini raqamli boshqarish tizimlarini sintezlash natijalari asosida:
issiqlik energetikasi obektlarining qozon agregatlarida sodir bo‘ladigan jarayonning fizik qonunlari asosida uning ish rejimlarini boshqarish jarayonini matematik modeli «Qirguli issiqlik manbai» MChJda joriy etilgan (“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning 2024 yil 28 noyabrdagi №05-19/458-son ma’lumotnomasi). Natijada, qozon agregatining texnologik parametrlarini o‘zgarishiga mos ravishda boshqarish obektining optimal funksional rejimlarini tanlash imkonini bergan;
qozon agregati texnologik parametrlarini raqamli boshqarish jarayoniga adaptatsiyalash xususiyatini beruvchi algoritmlar «Qirguli issiqlik manbai» MChJ ishlab chiqarish davlat korxonasida joriy etilgan (“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning 2024 yil 28 noyabrdagi №05-19/458-son ma’lumotnomasi). 
qozon agregati dinamik xususiyati texnologik parametrlari va tashqi g‘alayonlarning keng diapozonda o‘zgarishi sharoitida yuqori sifatli boshqarishni ta’minlash imkonini beruvchi raqamli boshqarish tizimining dasturiy majmuasi “Qirguli issiqlik manbai” MChJ ishlab chiqarish davlat korxonasida joriy etilgan (“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning 2024 yil 28 noyabrdagi №05-19/458-son ma’lumotnomasi). Natijada, qozon agregati texnologik parametrlarini barqarorlashtirish asosida shartli yoqilg‘i sarfini sutkasiga 3-4% ga kamaytirishga erishildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish