Xodjaeva Dilafro‘z Izatilloevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog'i): «Ingliz va o‘zbek tillari lingvodidaktik terminlari: semantik va funksional xususiyatlar », 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.1.DSc/Fil.770.
Ilmiy maslahatchi: Mirzaev Ibodullo Kamolovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Gadoeva Mavlyuda Ibragimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Kilichev Bayramali Ergashevich, filologiya fanlari doktori, professor, Mirsanov G‘aybullo Qulmurodovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillaridagi lingvodidaktik terminlarining semantik va funksional xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qiyoslanayotgan tillardagi lingvodidaktik terminlarning funksional xususiyatlari nominativ (biror narsaga nom berish), signifikativ (biror narsaning ma’nosini ko‘rsatish), kommunikativ (axborot almashish), pragmatik (amalga undash yoki ta’sir ko‘rsatish) hamda gnoseologik (tushunish va ifodalash) vazifalar ustivorligida namoyon bo‘lishi aniqlangan;
ingliz va o‘zbek tillari lingvodidaktik terminologiyasining semantik munosabatlari, asosiy va hosila ma’nolari, kontekstual farqlari, terminlar tarkibida ma’no kengayishi, torayishi, semantik o‘zgarish jarayonlari har ikkala millat mentalitetiga xos bo‘lgan mantiqiy, lisoniy, madaniy tafakkurning verballashuv hodisasi ekanligi asoslangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi lingvodidaktik terminlarning til va nutq, shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra ma’nodoshlik (sinonimlik), oppozitivlik (antonimlik), ierarxik (gipero-giponimik) aloqa hosil qila olishi kabi leksik-semantik, kognitiv-pragmatik, konseptual-kontekstual imkoniyati intralingvistik va ekstralingvistik omillar zamirida shakllanganligi isbotlangan;
lingvodidaktik terminlarning ingliz va o‘zbek tillarida qo‘llanilishiga oid yaratilgan korpus mazkur birliklarning chastotaviy, kontekstual, kollokatsion va etimologik xususiyatlarini empirik tahlil qilish, ularning qo‘llanilish qamrovini aniqlash orqali deskriptiv, konseptual aniqlik va didaktik funksiyalari samaradorligi dalillangan;
har ikkala tildagi lingvodidaktik terminlar yasalish jarayonining derivativ va kommunikativ xarakteri terminologik birlikning kontekst rivoji doirasida voqelanishi, kontekst hosil qilish qonuniyatlari bilan belgilanishi va mazkur jarayonda affiksatsiya usuli termin hosil qilishda sermahsul ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillaridagi lingvodidaktik terminlarining semantik va funksional xususiyatlari tadqiqini amalga oshirish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
qiyoslanayotgan tillardagi lingvodidaktik terminlarning funksional xususiyatlari nominativ (biror narsaga nom berish), signifikativ (biror narsaning ma’nosini ko‘rsatish), kommunikativ (axborot almashish), pragmatik (amalga undash yoki ta’sir ko‘rsatish) hamda gnoseologik (tushunish va ifodalash) vazifalar ustivorligida namoyon bo‘lishiga doir nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyasini (7 jild) chop etish” mavzuidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 22-iyundagi № 04/1-1875-son ma’lumotnomasi). Natijada soha terminlarining semantik, funksional hamda pragmatik xususiyatlarini genetik-etimologik nuqtai nazardan talqin qilish imkoniyatini bergan;
ingliz va o‘zbek tillari lingvodidaktik terminologiyasining semantik munosabatlari, asosiy va hosila ma’nolari, kontekstual farqlari, terminlar tarkibida ma’no kengayishi, torayishi, semantik o‘zgarish jarayonlari har ikkala millat mentalitetiga xos bo‘lgan mantiqiy, lisoniy, madaniy tafakkurning verballashuv hodisasi ekanligiga oid ilmiy xulosa va tavsiyalaridan Tukiyaning Balikesir universitetida amalga oshirilgan “Idare Hukuku Ve Idare Yargi Uluslararasi Isalaj 24” xorijiy loyihani bajarishda foydalanilgan (Turkiya Balikesir universitetining 2024-yil 16-maydagi ma’lumotnomasi). Natijada turk va xorijlik talabalarning turli tillarda o‘qitish metodikasi bilan bog‘liq terminlarni, ularning lingvistik xususiyatlari, etimologik asosini tushunish va ulardan foydalanish bo‘yicha xabardorligini oshirishda xizmat qilgan;
har ikkala tildagi lingvodidaktik terminlar yasalish jarayonining derivativ va kommunikativ xarakteri terminologik birlikning kontekst rivoji doirasida voqelanishi, kontekst hosil qilish qonuniyatlari bilan belgilanishi va mazkur jarayonda affiksatsiya usuli termin hosil qilishda sermahsul ekanligiga doir ilmiy xulosa va tavsiyalardan Urganch davlat universitetida 2020-2022-yillarda amalga oshirilgan S-UZ800-20GR-0034-raqamli “ACCESS MICROSChOLARShIP PROGRAM” xorijiy loyihani bajarishda foydalanilgan (Urganch davlat universitetining 2024-yil 20-iyuldagi № 06-137/4-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarga xorijiy til o‘rgatishda o‘qituvchilar tomonidan lingvota’limshunoslik terminlaridan samarali foydalanish imkoniyati yaratilgan.
ingliz va o‘zbek tillaridagi lingvodidaktik terminlarning til va nutq, shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra ma’nodoshlik (sinonimlik), oppozitivlik (antonimlik), ierarxik (gipero-giponimik) hosil qila olishi kabi leksik-semantik, kognitiv-pragmatik, konseptual-kontekstual xususiyatlari intralingvistik va ekstralingvistik omillar ta’sirida shakllanishiga doir xulosa va natijalardan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2021-yil 23-noyabrdagi 500-sonli buyrug‘iga asosan berilgan №500-161 raqamli nashr guvohnomasi asosida 70230104 – Adabiyotshunoslik (ingliz), 70230201 – Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (ingliz tili) mutaxassisligi talabalari uchun “Xorijiy tillarni o‘qitishda madaniyatlararo muloqotni shakllantirish” nomli o‘quv qo‘llanmasini yaratishda foydalanilgan (Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2024-yil 25-iyuldagi № 02/01-01-61-son ma’lumotnomasi). Natijada lingvodidaktik terminlarning til va nutqdagi o‘rni, qo‘llanishi, semantik va funksional xususiyatlariga doir nazariy hamda faktik materiallar orqali o‘quv adabiyoti mazmuni takomillashtirilgan;
lingvodidaktik terminlarning ingliz va o‘zbek tillarida qo‘llanilishiga oid yaratilgan korpus terminlarning chastotaviy, kontekstual, kollokatsion va etimologik xususiyatlarini empirik tahlil qilish, ularning qo‘llanilish qamrovini aniqlash orqali deskriptiv, konseptual aniqlik va didaktik funksiyalari samaradorligi bilan bog‘liq xulosa va natijalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining “Assalom, Buxoro”, “Najot bilimda”, “Yoshlar siyosati” teledasturlari ssenariysini tuzishda foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2024-yil 08-avgustdagi № 01-09-116-son ma’lumotnomasi). Natijasida esa ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukamallashtirilib, ilmiy dalillarga boy bo‘lishiga, ko‘rsatuvning ilmiy-ommaboplik xususiyati oshirilgan.