Maxsudova Nargiza Aslonbekovnaning    
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Konseptlarning leksikografik talqinining nazariy va amaliy asoslari”, 10.00.11 – Til nazariyasi, amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2023.3.PhD/Fil3969  
Imiy rahbar: Shaxabitdinova Shoxida Xoshimovna, filologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat chet tillari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, PhD.03/29.12.2022.Fil.156.01.
Rasmiy opponentlar: Yoqubov Jamalidin Abduvalievich, filologiya fanlari doktori, professor; Gulyamova Shaxnoza Kaxramanovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi konseptlarni leksikografik talqin qilishni takomillashtirish bo’yicha nazariy asos va amaliy tavsiyalar yaratishdir.
III.   Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tadqiqot konseptlarning leksikografik tavsifining turli xil xususiyatlari, jumladan, standartlashtirish, o’ziga xoslik, umumiylik, sinxron, diskretlik, antroposentrizm va me’yoriy asoslar uchun ilmiy asos yaratishi dalillangan;
taqdim etilgan misollar konseptlarni to’g‘ri tushunishni rivojlantirishga qaratilgan aniqlik, kontekstuallik, izchillik, betaraflik va adekvatlik kabi asosiy tamoyillarni ko’rsatib, ushbu tamoyillar ularni ilmiy kontekstda qo’llash, tahlil qilish va muhokama qilish imkoniyatlarini kengaytirishi asoslangan;
konseptlar til va fikrlashning asosiy elementlari bo’lib xizmat qiladi va ularning talqini semantik, kognitiv, semiotik, lingvistik, madaniy, hissiy, tarixiy, falsafiy, sotsiologik, psixologik, etnografik, qiyosiy, metaforik, tarkibiy tahlil, uslubiy va pragmatik yondashuvlarni o’z ichiga olgan turli xil analitik usullardan foydalanadigan murakkab va ko’p qirrali jarayonni o’z ichiga olishi isbotlangan;
konseptlarni leksikografik talqin qilishning bir nechta asosiy muammolari, jumladan, ularni talqin qilishning ko’pma’noliligi va subyektivligi (1); cheklangan lug‘at ta’riflari (2); assotsiativ aloqalarini uzatishning murakkabligi (3); til vositalarini tanlash muammosi (4); konseptual va majoziy tarkibiy qismlarini ajratish qiyinligi (5); milliy va madaniy xususiyatlarini hisobga olish muhimligi (6); yagona standartlarning yo’qligi (7), noverbal vositalarini talqin qilish usullarining yetarli darajada rivojlanmaganligi (8) kabilar aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Konseptlarning leksikografik talqinining nazariy va amaliy asoslarini o‘rganish bilan bogʻliq vazifalarni tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
olam milliy-madaniy manzarasi xususiyatlarini ifodalovchi og‘zaki va yozma yodgorliklar, etnoslar milliy madaniy merosini aks ettiruvchi axborot manbai hisoblangan totem va geraldik belgilarning kognitiv konseptual ifodasi, olam manzarasi tuzilmasida etnik komponentlar etimologiyasini o‘rganishda olam manzarasi voqelangan metafora va iboralar aksiologik-baholovchi xususiyati haqidagi tahliliy fikrlar va nazariy xulosalaridan Samarqand davlat chet tillar institutida Evropa ittifoqining Erasmus+ dasturi 58545-EPP-1-2017-1-ES-EPPKA2-CBHE-JP CLASS: “Computational linguistics at Central Asian universities” grant loyihasi doirasida ingliz tilida o‘qish kompetensiyasini kasbga yo‘naltirganlik asosida shakllantirishda  foydalanilgan. (Samarqand  davlat chet tillari institutining 2024-yil 4-iyundagi 1175/02-sonli ma’lumotnomasi). Natijada til birliklarining sistemaviy xususiyatlarini o‘rganish hamda til birliklari substansial xususiyatlarining pragmatik yuzaga chiqishiga doir masalalarni oydinlashtirishga erishilgan; 
 konseptlarning leksikografik tavsifining standartlashtirish, konkretlik, umumiylik, lingvistik ma’noga berilgan urg‘u, sinxron yondashuv, diskretlik, antroposentrizm, normativ-huquqiy baza kabi o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi ilmiy qarashlardan Andijon davlat universitetida 2022-2023-yillarda bajarilgan "№ IL-402104213. O‘zbek tilida elektron lingvistik ensiklopedik lug‘at ishlab chiqish" davlat innovatsion-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihada foydalanilgan (Andijon davlat universitetining 2024-yil 15-iyundagi 32-01-757-son ma’lumotnomasi). Natijada konseptlar tavsifida qo‘llaniluvchi ayrim birliklarining o‘ziga xosliklari ochib berilgan;
tadqiqot jarayonida olib borilgan “olamning falsafiy manzarasi”, “olamning lisoniy manzarasi”, “olamning folklor manzarasi” terminlar asosida olam manzarasi haqida jahon tilshunosligida mavjud nazariyalarga munosabat bildirish, jamiyatda olam manzarasiga xos atrofdagi voqelikni qabul qilish, uni aks ettirishning obrazli-hissiyotli, pragmatik va ekspressiv komponentlarining etnik jihatdan o’ziga xosligini asoslab berish kabi tahliliy fikr va nazariy xulosalaridan O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining DM “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Adabiy jarayon” nomli eshittirishlar ssenariysining 2024-yil fevral va mart oylaridagi sonlarida foydalanilgan. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot natijalaridan teleradiokompaniyaning ko’plab dasturlarida sharh va reportajlar tayyorlash jarayonida manba sifatida qo’llanildi. (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2024-yil 12- martdagi 04-36-357-son ma’lumotnomasi). Natijada eshittirishlarning ilmiy saviyasi ortgan hamda tillardagi taom nomlarini o‘rganishda, tizimni aniqlashda hamda mukammal tasniflashda nazariy qarashlar va faktlar bilan boyitib berishda o‘ziga xoslik ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish