Batirova Aziza Negmuratovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tut ipak qurtining issiq iqlim sharoitiga mos tizim va duragaylarni yaratishning seleksion-texnologik asoslari”, 06.02.04 – Ipakchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4DSc/Qx337
Ilmiy maslahatchi: Umarov Shavkat Ramazanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Xudjamatov Safarali Xasanboy o‘g‘li, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Salimdjanov Sanginjon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Gulamov Azamat Eshankulovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tut ipak qurtining monovoltin zotlar populyasiyasida bahor va yozning keskin o‘zgaruvchan issiq harorat hamda quruq sharoitga chidamli, genetik va irsiy potensialini maksimal darajada saqlab qoladigan genotiplarni tanlash,  ulardan seleksion avlodlar olish orqali yangi oilalar shakllantirish asosida anomal issiqqa chidamli tizim va duragaylar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tut ipak qurtining monovoltin zotlari asosida olingan yangi tizimlarni anomal issiq sharoitda seleksiyalash natijasida pilla vaznini 1,70-1,84 grammga, ipakchanligini 20,96-21,4 % ga etishi isbotlangan;
yirik pillali zotlardan yangi tizimlarni tanlash natijasida urg‘ochi kapalaklar tashlagan sog‘lom tuxumlar soni bahor mavsumida 674-681 dona, yoz mavsumida 666-701 donani tashkil etishi aniqlangan;
yoz mavsumida seleksion avlodlarning eng mustahkam, issiqqa chidamli genotiplarini tanlash orqali, yangi tizimlarning qurtlar hayotchanligi 87,2-91,5 % darajada moslanuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lishi aniqlangan;
issiqqa chidamli F1 duragay kombinatsiyalar olishda ota va onalik komponentlarni genetik salohiyatidan samarali foydalanish yo‘llari aniqlangan va duragaylarni yoz mavsumida ham hayotchanlik darajasini 92,7 % ga etkazish mumkinligi asoslangan;
yangidan chiqarilgan to‘g‘ri va teskari yo‘nalishdagi «Yozgi 3», (♀Liniya 1 x ♂Liniya 2), «Yozgi 4» (♀Liniya 2 x ♂Liniya 1) sanoatbop duragaylarining xom ipagi 6 xil sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha 3A tipga va 6 xil mexanik xususiyatlari bo‘yicha 4A tipga mansubligi isbotlangan;
ilk bor tut ipak qurtining monovoltin zotlar populyasiyasida keskin o‘zgaruvchan sharoitlarga chidamli genetik va irsiy potensiallarini maksimal darajada saqlab qoladigan genotiplarni tanlab olish uslubiyoti ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tut ipak qurtining issiq iqlim sharoitiga mos tizim va duragaylarini yaratishning seleksion hamda texnologik asoslarini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
«Tut ipak qurtining anomal issiq sharoitga mos tizim va duragaylarni tanlash va ularni sanoat uchun qimmatli belgilarini baholash» nomli uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Ushbu usul Farg‘ona viloyati «Farg‘ona pilla naslchiligi» MChJ da «Liniya 1» (14,5 g) va «Liniya 2» (14,5 g) tizimlarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi ma’lumotnomasi №3-11-son, 2025 yil 4-yanvar). Natijada har bir kilogramm naslli pilla hisobiga «Liniya 1» tizimida 60 g, «Liniya 2» tizimida esa 56,3 g elita urug‘i etishtirilgan. O‘z navbatida qiyoslovchiga nisbatan 3,0-4,19 g gacha qo‘shimcha elita urug‘lari olishga erishilgan. «Liniya 1» va «Liniya 2» tizimlardan qo‘shimcha tayyorlangan tuxumlarning sotish qiymati 5921,2-6517,2 ming so‘mni, sof foyda 2110,6-2272,2 ming so‘mni, umumiy rentabellik darajasi esa 53,5 – 55,4 % ni tashkil etgan;
issiq iqlim sharoitiga chidamli yangi «Yozgi 3» duragayidan 6 qutisi yozgi mavsumda Xorazm viloyati «KHIVA SILK FABRIC» MChJ pilla yigiruv korxonasi xo‘jaliklarida parvarishlangan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi ma’lumotnomasi №3-11-son, 2025 yil 4-yanvar). Natijada qiyoslovchiga nisbatan 1 quti qurt hisobiga 7,8 kg, jami 6 qutidan qo‘shimcha 46,8 kg pilla hosili olinib, uni qayta ishlash (chuvish) hisobiga 7 kg xom ipak olingan, daromad 3 898,0 ming so‘m, sof foyda 2968,4 ming so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi 23,4 foizga ko‘tarilgan. «Yozgi 3» duragayiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «Intellektual mulk markazi» davlat muassasasi tomonidan 2024 yil 13-sentyabrdagi №ZAP 20240001/2-raqamli ijobiy qaror olingan;
anomal issiq sharoitga mos yangi «Yozgi 4» duragayidan yozgi mavsumda Farg‘ona viloyati «NURLI TONG SILK» MChJ da 5 quti ipak qurti parvarishlangan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi ma’lumotnomasi №3-11-son, 2025 yil 4-yanvar). Natijada tajribadagi har bir quti qurt hisobidan 8,4 kg qo‘shimcha pilla hosili olishga erishilib, jami parvarishlangan qurtdan 42,0 kg qo‘shimcha pilla xomashyosi tayyorlangan. Pillani qayta ishlash hisobiga 5,6 kg xom ipak ishlab chiqarilgan. Ipakni sotish qiymati 14042,1 ming so‘mni, sof foyda esa 2659,4 ming so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi 23,4 foizni tashkil etgan. «Yozgi 4» duragayiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «Intellektual mulk markazi» davlat muassasasi tomonidan 2024 yil 13-sentyabrdagi №ZAP 20240002/2-raqamli ijobiy qaror olingan.
    ipak qurtining yozgi issiq iqlim sharoitiga chidamli yangi «Liniya 1» seleksion tizimidan 130 ta, «Liniya 2» seleksion tizimidan 156 ta tuxum qo‘ymalari Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining «Tut ipak qurti naslchiligi, ekologiyasi va kimyoviy zaxarlanish profilaktikasi» laboratoriyasiga naslchilik ishlarida qo‘llash hamda kelgusida duragay tuxumlari tayyorlash uchun topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi ma’lumotnomasi №3-11-son, 2025 yil 4-yanvar). Natijada yangi yaratilgan seleksion tizimlarning 286 ta boshlang‘ich tuxum qo‘ymalari seleksiya va naslchilik amaliyotida yangi zot va duragaylarni ko‘paytirish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish