Isabaeva Gulhayo Farhod qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mustaqillik davri o‘zbek qissalarida ona obrazining poetik takomili (O‘.Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, I.Sultonning “Onaizorim”, G.Mardonovaning “Quyoshim – enam” qissalari misolida)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2436
Ilmiy rahbar:Yakubov Islamjon Axmedjanovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01
    Rasmiy opponentlar: Meliev Suvonqul, filologiya fanlari doktori, professor; Ulug‘ov Abdulla O‘zbekovich, filologiya fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: 
O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Isajon Sultonning “Onaizorim”, Guljahon Mardonovaning “Quyoshim – enam” qissalarida Ona obrazi yaratilishidagi mushtaraklik va o‘ziga xosliklarni o‘rganish, adiblarning Ona obrazini yaratishdagi yondashuvlari, tamoyillar, badiiy-estetik konsepsiyalari hamda poetik mahoratlarini tarixiy-qiyosiy va analitik yo‘sinda ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hozirgi o‘zbek qissalarida ona obrazining poetik takomili, uning tarixiy-ma’rifiy asoslari, Qur’oni Karim oyatlari va Hadislarda kelgan axborotlarga tayanib dalillangan, ona obrazining xalq og‘zaki ijodi va mumtoz adabiyot namunalaridagi badiiy tadriji, umumiy va xususiy jihatlari ochib berilgan;
hozirgi o‘zbek qissalarida ona obrazining umumpoetik sathdan individual badiiy talqin sathiga o‘tishida realistik tasvir tamoyillarining o‘rni hamda biografik, tarixiy, ijtimoiy va psixologik omillarning poetik ulushi, o‘zbek onasi timsoli obraz sifatida umumbashariy miqyosga ko‘tarilib borishi asoslangan;
Ona obrazining qissa kompozisiyasi sathidagi poetik funksiyasi yoritilgan, badiiy sarlavha, peyzaj, qistirma epizod, kiritma hikoyalarning qahramon ruhiyatini ochuvchi vosita sifatida kelishi isbotlangan;
Ona milliy xarakterning potensial asosi ekanligi dalillanib, qissalarda ona obrazining individual asoslari, poetik ifoda shakllari asoslanib, ona obrazi orqali uning psixologiyasida yuzaga kelgan ruhiy tebranishlar, qalb iztiroblari, o‘y-kechinmalari, ezgulikka undovchi obraz sifatidagi inson hayotidagi o‘rni kabi masalalar badiiy makon va hayot misolida  dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mustaqillik davri o‘zbek qissalarida ona obrazining poetik takomili (O‘.Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, I.Sultonning “Onaizorim”, G.Mardonovaning “Quyoshim – enam” qissalari misolida) muammosini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
o‘zbek adabiyotida ona obrazi genezisi va yangilanish tamoyillariga doir tahliliy fikrlar hamda “Dunyoning ishlari”, “Onaizorim”, “Quyoshim – enam” qissalarida onalar obrazi talqini, ona psixologiyasining yoritilishiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan PF-201912258 “O‘zbekiston adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 25-martdagi 04/01-699-son). Natijada yozuvchilar tomonidan onalar obrazi talqinining teran va ishonarli tasvirlanishida qo‘llanilayotgan ichki monolog, tush, xotira-xayol, ramziy obrazli tasvir elementlarining keng ifoda etilganiga oid materiallar bilan boyitilgan; 
zamonaviy o‘zbek qissanavislari O‘tkir Hoshimov, Isajon Sulton va Guljahon Mardonova qissalarida ona obrazi tasvirida xarakter va milliylik ifodasi hamda qissalar kompozisiyasi, shuningdek, obraz poetik takomili tadqiq etilgan o‘rinlardan hamda ona obrazining psixologik dunyosini o‘rganishda qo‘llanilgan peyzaj, ruhiyat tasviriga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 – “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 25-martdagi 04/01-702-son). Natijada mustaqillik davridagi ona obrazining yangicha talqini O‘tkir Hoshimov, Isajon Sulton va Guljahon Mardonova ijodi o‘zbek adabiyotida yangi bosqichni boshlab berganini ilmiy jihatdan aniqlashda asos bo‘lgan; 
o‘zbek va dunyo adabiyotshunosligida qissa janri takomili va ona obrazining o‘rganilish tarixini yoritish; mustaqillik davri o‘zbek qissachiligida yaratilgan onalar obrazini yoritishda yozuvchilarning badiiy mahoratini ko‘rsatish; ona ruhiyati va qalb kechinmalarining chuqur tasviriy vositalarini aniqlash; O‘tkir Hoshimov, Isajon Sulton va Guljahon Mardonova qissalarida ona obrazi tasvirida sadoqat, oriyat, fidoyilik kabi qadriyatlarning yoritilishida mualliflar mahoratini dalillashdagi qarashlarga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanali “Hamma uchun” ko‘rsatuvining o‘zbek qissachiligiga bag‘ishlangan sonining tayyorlanishida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2024-yil 7-fevraldagi 02-28-188-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilib, ularning ilmiy-ma’rifiy saviyasi oshgan.
mustaqillik davri o‘zbek qissalarida ona obrazining umumpoetik sathdan individual badiiy talqin sathiga o‘tishida realistik tasvir tamoyillarining o‘rni hamda biografik, tarixiy, ijtimoiy va psixologik omillarning poetik ulushi, o‘zbek onasi timsoli obraz sifatida umumbashariy miqyosga ko‘tarilib borishiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Kinoteatr” telekanalida efirga uzatilgan “Birgalikda ko‘ramiz” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Dunyo bo‘ylab” telekanalining 2024-yil 27-fevraldagi 03-14-45-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Ona milliy xarakterning potensial asosi ekanligi dalillangan ma’lumotlar, onaning inson hayotidagi o‘rni badiiy makon va hayot misolidagi faktlar bilan ko‘rsatuv ilmiy saviyasi oshishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish