Xazratqulov Muzaffar Ismatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zarafshon vohasi sug‘oriladigan erlarida xo‘raki ko‘k no‘xatning hosildor, don sifati yuqori boshlang‘ich manbalarini yaratish”, 06.01.05 – Seleksiya va urug‘chilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Qx1257
Ilmiy rahbar: G‘aybullaev G‘ulom Saydalimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.05/29.08.2023.Qx.172.01.
Rasmiy opponentlar: Bekbanov Bisenbay Aripovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim; Qarshieva Umida Shukurovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universititi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sug‘oriladigan erlarda ekish uchun xo‘raki ko‘k no‘xatning qimmatli xo‘jalik belgilariga ega, hosildor, don sifati yuqori bo‘lgan boshlang‘ich manbalarini boyitish asosida ekinning yangi navlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
xo‘raki ko‘k no‘xat nav va namunalarning o‘suv davri davomiyligi, kasalliklarga chidamliligi, hosildorligi, don sifati va boshqa qimmatli xo‘jalik belgilarini baholash asosida duragaylash uchun ota-ona juftlari tanlab olingan;
duragaylash orqali belgi va xususiyatlarning F1-F2 avlodlarida irsiylanish va o‘zgaruvchanligi aniqlangan; 
duragay avlodlaridan hosildor, don sifati yuqori va boshqa qimmatli xo‘jalik belgilariga ega tizmalarni tanlash asosida ekin seleksiyasi uchun boshlang‘ich manbalar yaratilgan;
o‘rganilgan namunalar orasidan hosildor, texnologik sifat ko‘rsatkichlari, donning diametri, don po‘stining dag‘alligi, donning rangi, ta’mi, don tarkibida oqsil miqdori va boshqa qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlari yuqori namuna va tizmalarni tanlab olish orqali ekin seleksiyasi uchun dastlabki manbalar yaratilgan. 
yaratilgan dastlabki manbalar asosida xizmat qilgan namuna va tizmalar orasidan ajratib olingan KP-18-2014/01 tizmasidan yakka tanlash usuli bilan hosildorligi va don sifati yuqori bo‘lgan xo‘raki ko‘k no‘xatning yangi Shoda navi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zarafshon vohasi sug‘oriladigan erlarida xo‘raki ko‘k no‘xatning hosildor, don sifati yuqori boshlang‘ich manbalarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
Seleksiya uchun tanlab olingan nav namunalar va tizmalar asosida hosildorligi va don sifati yuqori, ertapishar, fuzarioz va askoxitoz kasalliklariga yotib qolishga, don to‘kilishiga, chidamli yangi boshlang‘ich manbalar yaratish bo‘yicha ishlar olib borilgan hamda Samarqand viloyati Jomboy tumanida joylashgan “Farboma selekt” urug‘chilik fermer xo‘jaligida 2,7 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil, 22-iyundagi 05/05-02-448 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘k no‘xat uchun xo‘jalik jihatdan ahamiyatli belgi hisoblangan determinant, bargsiz jingalakli shaklga ega, don tukiluvchanligiga o‘ta chidamli, hosildor, don sifati yuqori bo‘lgan 10 dan ortiq boshlang‘ich manbalar yaratilgan va seleksiyada boshlang‘ich manba sifatida tanlab olingan.
xo‘raki ko‘k no‘xatning nav namunalari va linyalari ustida ilmiy tadqiqotlar asosida xo‘raki ko‘k no‘xatning “Shoda” navi yaratilgan hamda Samarqand viloyati Jomboy tumanida joylashgan “Yodgor Nazarov erlari” fermer xo‘jaligida 2,4 gektar, “Farboma selekt” urug‘chilik fermer xo‘jaligida 2,7 gektar, “Shaxboz Nurli dalasi” fermer xo‘jaligida 3,0 gektar, “Zumrat Sayidova” fermer xo‘jaligida 1,5 gektar maydonda, jami 9,6 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil, 22-iyundagi 05/05-02-448 sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida, yaratilgan yangi “Shoda” navi andoza “Osiyo-2001” naviga nisbatan yuqori hosildorlik ko‘rsatkichiga ega bo‘lib, bu navdan andoza navga nisbatan 4,5-5,0 s/ga gacha qo‘shimcha hosil olingan.
xo‘raki ko‘k no‘xatning (P. sativum) sug‘oriladigan erlarida ekishga mos bo‘lgan “Shoda” navi yaratilib, Samarqand viloyati Jomboy tumanida 9,6 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil, 22-iyundagi 05/05-02-448 sonli ma’lumotnomasi). Natijada xo‘raki ko‘k no‘xatning “Shoda” navidan yuqori iqtisodiy samaradorlikka, ya’ni 78,4% rentabellikka erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish