Abdinazarov O‘ktam Qushoqovichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ingliz va o‘zbek tillaridagi gippologik leksikaning chog‘ishtirma tadqiqi” mavzusidagi 10.00.06-Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik (filologiya fanlari) ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Fil3438.
Ilmiy rahbar: Bakirov Poyon Uralovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz iqtisodiyot va servis universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti, PhD.03/05.05.2023.Fil.163.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi kengash.
Rasmiy opponentlar: Gadoeva Mavluda Ibragimovna, f.f.d. (DSc), professor; Dadaboev Olimjon Ortiqovich, filologiya fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillaridagi gippologik nomlarning leksik-semantik va derivatsion o‘ziga xosliklarini, shuningdek, etimologik xususiyatlarini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ingliz va o‘zbek tillaridagi gippologik oid leksika 498/512 nisbatda bo‘lib, ot turkumiga oid leksemalar har ikki tilde ham umumiy leksik birlikning deyarli 28 % ini, sifat kategoriyasiga oid leksik birliklar 33%, birikmali gippologik terminlar 18%ni, fe’l turkumiga oid gippologik leksik birliklar 21%ni tashkil etishi aniqlangan;
o‘zbek tilida gippologik leksikaning hosil bo‘lishida analitik, empirik, konstruksion yondashuvlarning, ingliz tilidagi gippologik leksikaning hosil bo‘lishida esa empirik, konstruksion yondashuvlarning ta’siri ko‘proq ekani isbotlangan;
gippologik nomlarning etimologik kelib chiqishi har ikkala tilning “shartli ramziy modeli” tasnifiga ko‘ra amalga oshirilishi, yilqichilikka oid leksik birliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kalkalash yo‘li orqali o‘zlashtirilganligi, xususan, ingliz tiliga ispan, fransuz tillaridan, o‘zbek tiliga fors, mo‘g‘ul tillaridan gippologik nomlar kirib kelganligi aniqlanib, ingliz o‘zlashmalari o‘zbek o‘zlashmalariga nisbatan fonetik beqarorlikka ega ekanligi dalillangan;
gippologik leksikaning kontekstga aloqadorligi matnlararo diskursiv tahlil bilan bog‘liqligi, ingliz tilidagi semantik maydon o‘zbek tilidagi gippologik leksikasiga nisbatan rang-barang ekanligi, o‘zbek tili leksikasi ko‘proq semantik motivlanishga taalluqligi, giponimik va giperonimik munosabatlar omonimlik, antonimlik va sinonimlik xususiyatlari bilan ifodalanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillaridagi gippologik leksikani chog‘ishtirma tadqiqi yuzasidan olingan natijalar asosida:
o‘zbek tilida gippologik leksikaning hosil bo‘lishida analitik, empirik, konstruksion yondashuvlarning, ingliz tilidagi gippologik leksikaning hosil bo‘lishida esa empirik, konstruksion yondashuvlarning ta’siri ko‘proq ekani kabi ilmiy natijalari, amaliy takliflari hamda tavsiyalaridan O‘zbekiston Yoshlari Umumjahon assosiatsiyasining “Xavfsiz migratsiya” va “Musofir” loyihalarida foydalanilgan (O‘zbekiston Yoshlari Umumjahon assosiatsiyasining 2024-yil 27-noyabrdagi 1-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida yaratilgan albom, broshyura, bukletlar va boshqa tarqatma materiallar yangi izlanish va misollar bilan to‘ldirilgan, loyiha ishtirokchilari va mutaxassilarining mavzuga doir xabardorlik darajasi oshirilishiga erishilgan;
gippologik leksikaning kontekstga aloqadorligi matnlararo diskursiv tahlil bilan bog‘liqligi, ingliz tilidagi semantik maydon o‘zbek tilidagi gippologik leksikasiga nisbatan rang-barang ekanligi, o‘zbek tili leksikasi ko‘proq semantik motivlanishga taalluqligi, giponimik va giperonimik munosabatlar omonimlik, antonimlik va sinonimlik xususiyatlari bilan ifodalanishi kabi ilmiy yangilik va tavsiyalaridan O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi badiiy asarlarning tarjima jarayonlarida unumli foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining 2024-yil 3-dekabrdagi 1-3702-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kitobxonlarning badiiy adabiyotlar matnida qo‘llaniladigan maxsus terminlar, ularning bir-biriga o‘xshash va farqli jihatlari haqidagi bilim va malakalarining oshishiga xizmat qilgan;
gippologik nomlarning etimologik kelib chiqishi har ikkala tilning “shartli ramziy modeli” tasnifiga ko‘ra amalga oshirilishi, yilqichilikka oid leksik birliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kalkalash yo‘li orqali o‘zlashtirilganligi, xususan, ingliz tiliga ispan, fransuz tillaridan, o‘zbek tiliga fors, mo‘g‘ul tillaridan gippologik nomlar kirib kelganligi aniqlanib, ingliz o‘zlashmalari o‘zbek o‘zlashmalariga nisbatan fonetik beqarorlikka ega ekanligi kabi yangiliklaridan Turkiyaning “TUMED – international alumni association” tashkilotining “Uluslararası Mezunlar Karier İnşaası” loyihasida foydalanilgan (Turkiyaning “TUMED – international alumni association” tashkilotining 2024-yil 28-noyabrdagi 5-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida tayyorlangan maqolalarda gippologik leksikaning etimologik xususiyatlarini tavsiflashda so‘zlar, iboralarning yangi ma’nolarini qo‘llashning tartibi takomillashtirilgan.