Samandarova Sadoqat Sohibjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“Publisistik matnlarda evfemik va disfemik ifodalar”, 10.00.01 – O‘zbek tili. (Filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2406
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Ilmiy maslahatchi: Odilov Yorqin Rahmonalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Usmonova Shahodat Abdurahimovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbekcha publisistik matnlardagi evfemik va disfemik ifodalarning lisoniy jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek publisistik matnlarida ijtimoiy-siyosiy mazmunli evfemik va disfemik ifodalarning lisoniy xususiyatlari ochib berilgan;
o‘zbek publisistik matnlariga xos evfemik ifodalarning madaniy muloqotni shakllantirishi, dag‘al ifodani yumshatishi va estetik vazifalarda qo‘llanishi aniqlangan;
o‘zbek publisistik matnlarida evfemik va disfemik ifodalarning o‘quvchi ongiga manipulyativ ta’siri asoslangan;
o‘zbek publisistik matnlarida evfemik va disfemik turg‘un birliklarning ekspressiv vazifa bajarishdagi o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan;
o‘zbek publisistik matnlarida evfemik va disfemik ifodalarning ijobiy va salbiy taassurot qoldirish, diqqatni tortish, OAV tilini yanada bo‘yoqdor qilish maqsadida qo‘llanishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Publisistik matnlarda evfemik va disfemik ifodalar mavzusidagi tadqiqot bo‘yicha olingan natijalar asosida:
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2017–2020-yillarda bajarilgan OT-F1-78 raqamli “Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili, uning tarixiy taraqqiyoti va istiqbollari (o‘zbek tili vazifaviy uslublari tahlili asosida)” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida globallashuv davrida publisistik matnlarning o‘ziga xosligi, kommunikativ, ekspressiv, estetik vazifasi, mavzularga ixtisoslashuv jarayonida o‘zbek tilining sotsial imkoniyatlaridan samarali foydalanishga oid qarashlaridan; lingvomadaniyatshunoslik, media tili sohalarida til vositalarining qo‘llanishiga oid tahlillardan loyihaning “Globallashuv davri publisistikasi tilining taraqqiyoti” bo‘limida foydalanildi. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024-yil 14-dekabrdagi 3/1255-2784-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha zamonaviy o‘zbek tilshunosligidagi yangilanishlar, media tili tushunchalari bilan to‘ldirilishida tadqiqot ishi zaruriy manba vazifasini o‘tadi.
Shuningdek, 2021–2022-yillarda O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida bajarilgan IL-21071156 raqamli “Antropotsentrik tilshunoslik terminlari izohli lug‘ati”ni tuzish va nashr qilish (veb-sayti va mobil ilovasini yaratish)” mavzusidagi innovatsion loyihasi doirasida publisistik matnlarda qo‘llanadigan evfemik va disfemik ifodalarning sotsial, lingvokulturologik, kommunikativ, manipulyativ va ekspressivlik vazifalarini dalillaydigan qarashlar; ijtimoiy, siyosiy, harbiy, iqtisodiy mavzularda foydalaniladigan evfemik va disfemik ifodalarning publisistik matn talablariga mos ravishda qo‘llanishi haqidagi ilmiy-nazariy qarashlaridan, publisistik matnlarga xos evfemik va disfemik ifodalarning qo‘llanish maqsad va vazifalari, dunyo va milliy tilshunosligimiz o‘rtasidagi qiyosiy jihatlarning ilmiy-nazariy asoslari kabi masalalaridan loyiha doirasida foydalanildi. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024-yil 14-dekabrdagi 3/1255-2784-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha zamonaviy o‘zbek tilshunosligidagi yangilanishlar, sotsiolingvistika tushunchalari bilan to‘ldirilishida tadqiqot ishi zaruriy manba vazifasini o‘tadi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Yoshlar” teleradiokanalining “Yoshlar bilan...” muloqot dasturida publisistik matnlarda qo‘llanadigan evfemik va disfemik ifodalar yuzasidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlardan olingan nazariy va amaliy ko‘nikmalar, shuningdek, ularning adabiy til leksik tizimida mavjud mushtarak jihatlarining o‘rganilishi natijasida olingan fikr va xulosalardan foydalanildi. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Yoshlar” teleradiokanalining 2024-yil 26-noyabrdagi 14-05-23-sonli ma’lumotnomasi). Jumladan, ushbu dasturda siyosiy-ijtimoiy informatsiyalarni tinglovchilarga ta’sirchan usulda etkazishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan til vositalari – evfemik va disfemik ifodalar haqida ma’lumotlar berilgan. Bundan tashqari, mazkur dasturning turli sonlarini tayyorlashda suhbatdoshlarga muloqotning ta’sirchanligini oshirishga, tinglovchilar diqqatini jalb qilishga, suhbat tilining xalqchil va ifodaviy bo‘lishiga yordam beradigan uslublar haqida tavsiyalar berib borilgan.