Qosimova Nafisa Farhodovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiyma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Lisoniy belgi asimmetriyasi va uning so‘roq gap tarjimasida voqelanishi», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2PhD/Fil.211.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Ibodulla Kamolovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Siddiqova Iroda Abduzuxurovna, filologiya fanlari doktori, professor; Mirsanov G‘aybullo Qulmurodovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ingliz tili so‘roq gaplarining rus va o‘zbek tillariga tarjimasida lisoniy belgi asimmetriyasining sistema, struktura va funksiyada namoyon bo‘lishini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
savol va so‘roq gapning konseptual mohiyatiga aniqlik kiritilgan, ulardagi ma’nolarning implisit va eksplisit ravishda ifoda etilishi ochib berilgan hamda savol va so‘roq gapning o‘zaro shakl va mazmun dixotomiyasi dalillangan;
lisoniy belgi asimmetriyasining til tizimi va qo‘llanishida namoyon bo‘lishi tilda birlamchi va ikkilamchi sistem, struktur va funksional xususiyatlarni aniq belgilashga imkon berishi asoslangan;
kommunikativ maqsadiga ko‘ra sof so‘roq gaplarni so‘roq-buyruq, so‘roq-tasdiq, so‘roq-inkordan farqlashning asosiy mezoni tarjimada namoyon bo‘ladigan lisoniy belgi asimmetriyasi ekanligi va bu hodisa so‘roq gaplarning ikkilamchi funksiyalarini tarjima qilishda yaqqol namoyon bo‘lishi aniqlangan;
ohang umumiy so‘roq gapning birlamchi belgisi ekanligi, uni hosil qiluvchi qolgan barcha vositalarning ikkilamchi, uni to‘ldiruvchi formal xususiyatga ega ekanligi asoslangan;
tarjimashunoslik amaliyotiga lisoniy qiymat nazariyasini tatbiq etish orqali so‘roq gaplarning kommunikativ kontekst doirasida birlamchi (lokutiv), ikkilamchi (illokutiv) funksiyalarining namoyon bo‘lishi va grammatik belgilar polisemiyasi differensial-kontekstual xarakterga ega ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
tillararo sistem, tarkibiy va mazmuniy nomutanosiblik holatlarining namoyon bo‘lishi, lisoniy belgi asimmetriyasi va so‘roq gaplarning polifunksionalligi bilan bog‘liq xulosalardan F-1-06 raqamli «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi» nomli fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (Fan va texnologiya agentligining 2017 yil 22 noyabrdagi FTA-02-11/1164-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi tarjimashunoslikka oid bo‘lgan yangi nazariyalarning to‘g‘ri talqin qilinishiga, ingliz, rus va o‘zbek tillarining boy ifoda imkoniyatlarini namoyon etishga xizmat qilgan;
til nazariyasi, umumiy tilshunoslik, tarjimashunoslik, matn lingvistikasi, lingvistik tahlil masalalari bilan bog‘liq xulosalardan 5A120102–Lingvistika magistratura mutaxassisligida «Zamonaviy lingvistika yo‘nalishlari», «Tarjima nazariyasi va amaliyoti», «Yozma tarjima», «Matnning filologik tahlili», «Til nazariyasi amaliyoti», «Vizual va sinxron tarjima» kabi fanlarning nazariy masalalarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 fevraldagi 89-03-869-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqorida ko‘rsatilgan fanlarni o‘qitishning sifati va samaradorligi, talabalarning mazkur fanlar bo‘yicha nazariy bilimlarining oshishi va o‘quv materiallarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
kommunikatsiya nazariyasi, til voqelanishi, jumladan, so‘roq gaplarning yasalish shart-sharoitlari va serqirraligi, ulardagi uslubiylik, fikrning qanday maqsadga yo‘naltirilganligi bilan bog‘liq xulosalardan Buxoro telekanalining «Menga so‘z bering», «Kichkintoy», «Munosabat», «Assalom, Buxoro» kabi turkum ko‘rsatuvlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 29 yanvardagi 05/15/392-son ma’lumotnomasi). Natijada telekompaniya ijodiy jamoasining o‘zbek tilida sof va ravon fikrlashi, til vositalarini tanlashda uslubiylikni ta’minlash, bildiriladigan fikrni teletomoshabinlarga mantiqiy etkazishi uchun zamin yaratgan;
tillararo asimmetriya asliyat va tarjima birliklarining qiymatini belgilovchi semantik transformatsiyalarni taqozo etishi va bu transformatsiyalar pragmatik, stilistik, funksional-semantik moslikni yuzaga keltirishiga doir xulosalardan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga qarashli hamroh-tarjimonlarning nutq madaniyatini rivojlantirish, lingvomadaniy aloqalarni adekvat tarzda o‘rnatish, tarjima jarayonining to‘laqonliligini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining 2017 yil 21 dekabrdagi 01-04/736-son ma’lumotnomasi). Ilmiy xulosalarning qo‘llanilishi hamroh-tarjimonlarning chet el sayyohlariga tarixiy materiallar mazmunini to‘g‘ri etkazib berish bilan bog‘liq faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qilgan.