Babadjanova Umida Bahodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sayod va Hamro» dostonining turkiy versiya va variantlari», 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1. PhD/Fil 94
Ilmiy rahbar:Ro‘zimboev Safarboy, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar:Eshonqulov Jabbor Solievich, filologiya fanlari doktori; Xudoyqulova Latifa Avazovna, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot:Toshkent davlat san’at va madaniyat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm dostonchilik an’anasida muhim o‘rin tutgan«Sayod va Hamro» dostonining turli versiya va variantlari, og‘zaki, toshbosma va nashrlarini qiyosiy tadqiq etish, mazkur variant va versiyalarning o‘ziga xos va farqli xususiyatlarini aniqlash, doston syujet tizimida obrazlar o‘rnini tahlil etish, bir doston misolida xalq og‘zaki ijod namunalarining yuzaga kelish va taraqqiy etish, jonli ijro jarayonida yashash qonuniyatlarini ochishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Sayod va Hamro» dostonining ikki nafar og‘zaki va bir nusxa toshbosma variantlarini qiyosiy o‘rganish asosida dostonning mukammal varianti aniqlangan;
dostonning o‘zbekcha variantlari va qoraqalpoq hamda turkman versiyalari qiyoslanib, syujetdagi umumiylik, obrazlar tizimidagi yaqinlik va milliy alohidaliklar yoritib berilgan;
dostonning ilk marotaba ozarbayjon va turk versiyalari bilan syujet tizimi, kompozisiya, yetakchi obrazlar kesimida o‘zaro solishtirilib, asarning genetik va tarixiy asoslariga, talqinlariga aniqlik kiritilgan, ozarbayjon va turk versiyalarining O‘rta Osiyo versiyalaridan keskin farq qilishiga asos bo‘lgan omillar va tarixiy sharoitlar aniqlangan;
variantlararo chog‘ishtirish asosida epik ijodga xos an’analar, badiiyatiga tegishli qonuniyatlarning mushtaraklik va xususiylik jihatlari yoritilgan;
yozma va og‘zaki variantlar qiyosi asosida dostondagi obrazlar va yetakchi motivlar evolyusiyasiga aniqliklar kiritilgan, fol`klorda versiya va variantlilik masalasi bir doston versiya va variantlari misolida alohida ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek xalq dostonlarining, jumladan, «Sayod va Hamro» dostonining turkiy versiya va variantlarini (o‘zbek, turk, turkman, qoraqalpoq, ozarbayjon) tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktyabrdagi «2010-2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 222-son qarori ijrosi bo‘yicha O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida nashr etilayotgan «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari» 100 jildligida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 15 fevraldagi 311255-416-son ma’lumotnomasi). Natijada, “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari» 100-jildligiga kiritilgan «Sayod va Hamro» dostonining turkiy versiya va variantlarining shakllanish tarixi va badiiy evolyusiyasi nazariy manba sifatida xizmat qilgan;
«Qoraqalpoq fol`klori» 100-jildligining 27–42-jildlariga kiritilgan «Sayatxan - Hamra» (Juman baxshi Tureev); «Yusup Axmet» (Abdureyim Tureniyazov); «Shiyrin-Sheker» (Qurbanbay jirov Tajibaev); «Bozaman» (Qurbanbay jirov Tajibaev) dostonlarini nashrga tayyorlashda matniy tahlil qilish va dostonlarning versiya va variantlarini oydinlashtirishga doir nazariy umumlashmalardan foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 15 fevraldagi 311255-416-son ma’lumotnomasi). Natijada, «Sayatxan - Hamra»; «Yusup Axmet»; «Shiyrin-Sheker»; «Bozaman» dostonlarining versiya variantlarini nashrga tayyorlashda asos bo‘lib xizmat qilgan;
Xalq dostonlari, xususan, «Sayod va Hamro» dostonining turkiy versiya va variantlariga oid faktik materiallar va tahliliy xulosalardan FI-XT-0-19919 «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rni» fundamental ilmiy loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 15 fevraldagi 89-03-715-son ma’lumotnomasi). Mazkur natijalar o‘zbek xalqi badiiy tafakkuri takomilida muhim o‘rin tutgan doston janri hamda uning versiya va variantlarining qiyosiy tekstologik tadqiqot qonuniyatlarini oydinlashtirishga asos bo‘lgan.