Djafarova Dildora Ilxomovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Fransuz va o‘zbek tillarida leksik motivlashuvning milliy-madaniy xususiyatlari”, 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil151.
Ilmiy rahbar: Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSC.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Xudoyberganova Zilola Norboevna, filologiya fanlari doktori, professor; Nishonov Patxiddin Payziboevich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent;
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: fransuz va o‘zbek tillariparranda va o‘simlik leksikasi materiallari asosida so‘zlar motivlashuvini, motivlashuv turlarini, motivatsiya va nominatsiya tushunchalarining o‘zaro bog‘liq va farqli jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tilshunoslik sohasida “motivatsiya, nominatsiya, remotivatsiya, neomotivatsiya, demotivatsiya” tushunchalarining mohiyati asoslangan;
motivlashuv aspektida fransuz va o‘zbek tillarining milliy-madaniy o‘ziga xosligi, motivlashgan leksik birliklarning fonetik, morfologik, semantik, morfo-semantik jihatdan o‘xshashligi isbotlangan.
motivatsiya jarayonida olamning lisoniy manzarasi sifatida qushlar va o‘simliklar nomlanishi milliy etnolingvistik xususiyatlarga ega ekanligi ikki turga ajratilib isbotlangan hamda bu xususiyatlar motivlashuv jarayonida asosiy omillardan biri ekanligi dalillangan;
ikki lingvistik makrotizimga tegishli bo‘lgan parranda va o‘simlik guruhiga oid leksik birliklarning motivatsiya jarayonida qo‘llanilish statistikasi ishlab chiqilgan;
motivatsiya jarayonida motivlashgan so‘zlarning milliy-madaniy xususiyatlarga ega ekanligi isbotlab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fransuz va o‘zbek tillarida leksik motivlashuvning milliy-madaniy xususiyatlarini ochib berish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
motivatsiya, motiv, motivema, leksik va strukturaviy motivatsiya, fonetik motivatsiya, morfologik motivatsiya, remotivatsiya, demotivatsiya, neomotivatsiya singari tushunchalar bilan bog‘liq natijalar “Motivologiyaga oid terminlar lug‘ati”da foydalanilgan (№000557). Mazkur lug‘at tilshunoslik sohasi mutaxassislariga, tadqiqotchi izlanuvchilarga motivologiya xususida ma’lumotlar manbasi bo‘lib xizmat qilgan;
motivlashgan parranda va o‘simlik nomlaridan “Dunyo bo‘ylab” telekanali “Bolalar va o‘smirlar dasturi” tahririyati tomonidan tayyorlangan “Children and Nature” turkum ko‘rsatuvlari senariylarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 4 avgustdagi 08-14/346-son ma’lumotnomasi). Lisoniy mul`timedia dasturlaridagi interaktiv mashqlar o‘quvchi-tomoshabinlarga motivlashgan o‘simlik va parranda nomlarini o‘zlashtirish imkonini bergan;
monomotivatsiya, nominatsiya, polimotivatsiya singari leksik birliklar bilan bog‘liq natijalardan O‘zbekiston-Fransiya do‘stlik jamiyatining “O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari va gastronomik turizmni rivojlantirish istiqbollari” loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston-Fransiya do‘stlik jamiyatining 2018 yil 9 yanvardagi 83-son ma’lumotnomasi). Mazkur tushunchalar va motivlashgan leksik birliklar turizm sohasida lug‘at yaratish jarayonida xizmat qilgan.