O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 oktyabrdagi PF-6097-son Farmoni 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 9-bandida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy darajali kadrlar tayyorlash va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori loyihasini tayyorlash va uni o‘rnatilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilangan.
     O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori loyihasiga kiritish uchun OAK tomonidan, jumladan quyidagilar tavsiya etildi:

   1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 2021 yildan boshlab oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayoni raqamlashtirilgan «Elektron OAK» tizimini joriy qilishni tashkil etish.

    2. a) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi bo‘yicha ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarning akademik mustaqilligini kengaytirish bo‘yicha:
    2021 yildan boshlab respublikaning reytingi bo‘yicha birinchi 30 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim muassasalari kengashlariga, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tavsiya etgan ilmiy tashkilotlar kengashlariga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Mudofaa vazirligi hay’ati tavsiya etgan idoraviy mansub oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, Hukumat qarorlarida nazarda tutilgan ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari kengashlariga talabgorlarni dotsent, katta ilmiy xodim hamda professor ilmiy unvonida tasdiqlash huquqini berish;
    2021 yildan boshlab sinov tariqasida amaldagi fizika-matematika, geografiya, psixologiya, pedagogika va san’atshunoslik yo‘nalishlaridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarga talabgorlarni falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarida bevosita tasdiqlash huquqini berish (42 ta ilmiy kengash. Ma’lumot uchun: 2020 yilda 10 ta ilmiy kengashga akademik mustaqillik berilgan);
    2022 yildan boshlab sinov tariqasida amaldagi kimyo, biologiya, geologiya-mineralogiya hamda tarix, falsafa, siyosiy, sotsiologiya va arxitektura yo‘nalishlaridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarga talabgorlarni falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarida bevosita tasdiqlash huquqini berish (59 ta ilmiy kengash);
     2023 yildan boshlab sinov tariqasida amaldagi texnika, filologiya, yuridik va islomshunoslik yo‘nalishlaridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarga talabgorlarni falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarida bevosita tasdiqlash huquqini berish (58 ta ilmiy kengash);
     2024 yildan boshlab talabgorlarni bevosita ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarda tasdiqlash vakolatini to‘laligicha (100%) ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari tasarrufiga berish;
     b) 2021 yildan boshlab oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha:
    falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari dissertatsiyalari sifatini oshirish va ko‘chirmachilik (plagiat) holatining oldini olish maqsadida dissertatsiyalarning ilmiy jamoatchilik tomonidan elektron ekspertizadan o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish (xizmat doirasida foydalanish uchun va boshqa grifli dissertatsiyalar bundan mustasno);
     ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari kengashlari qarori bilan nashr qilingan yakka mualliflikdagi monografiya taqdimnomasi muhokamasi asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish amaliyotini joriy qilish;
     xalqaro tajribaga muvofiq «Scopus», «ScienceDirect» va «Web of science» xalqaro ilmiy-texnik bazalar ro‘yxatida mavjud ixtisoslashgan ilmiy nashrlarda impakt-faktori tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha belgilangan darajada bo‘lib, dissertatsiya tayyorlamasdan avtoreferat shaklidagi taqdimnoma muallifiga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish;
     muayyan tarixiy mavzu tadqiqoti natijalari bo‘yicha ilmiy yangiliklari taqdimoti “O‘zbekiston tarixi” telekanalida o‘tkazilgan va  ilmiy yangiliklari badiiy/hujjatli fil`mlar ssenariylarida foydalanilgan tadqiqot muallifiga dissertatsiya tayyorlamasdan avtoreferat shaklidagi taqdimnoma asosida tarix va san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish;
    aniq vazifalarni hal etish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ilg‘or texnologik ishlanmalar muallifiga dissertatsiya tayyorlamasdan avtoreferat shaklidagi taqdimnomani Yoshlar akademiyasidagi muhokamasi asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish;
     ilmiy darajalar berish bo‘yicha attestatsiya jarayonida “sub’ekt- sub’ekt” uchrashuvini kamida 80 foizga qisqartirish;
    falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga talabgorlar tomonidan «Scopus», «ScienceDirect» va «Web of science» xalqaro ilmiy-texnik bazalar ro‘yxatida mavjud ixtisoslashgan ilmiy nashrlarda maqolalar chop etish talabini bosqichma-bosqich joriy qilish;
    fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tarkibiga professor ilmiy unvonli falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega yuqori malakali va tajribali mutaxassislarni kiritish;
    malakaviy imtihonlarni va qo‘shimcha topshiriladigan imtihonlarni tashkil qilish amaliyotini to‘laligicha ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari vakolatiga berish;
    faoliyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda talabgorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida dissertatsiya himoyalari o‘tkaziladigan manzil, kuni, sanasi va boshqa ma’lumotlarni O‘zbekiston milliy axborot agentligi veb-sayti orqali ma’lum qilish;
    dissertatsiyalar mavzularini ro‘yxatga olish va «OAK Byulleteni» jurnalida e’lon qilishni, dissertatsiyalar ilmiy natijalarini e’lon qilish tavsiya etilgan milliy va xalqaro jurnallar ro‘yxatini tasdiqlashni, ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi dissertatsiyasi bo‘yicha monografiya e’lon qilishni hamda dissertatsiyani qo‘shimcha muhokamadan o‘tkazuvchi yetakchi tashkilot institutini bekor qilish;
     oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga kirishda chet tili bo‘yicha imtihon topshirilishini nazarda tutgan holda chet tili bo‘yicha malakaviy imtihonni topshirish to‘g‘risidagi talabni bekor qilish;
     talabgorga ilmiy daraja berish bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash qarorini ochiq ovoz berish yo‘li bilan hal etish va shu munosabat bilan hisob komissiyasi institutini bekor qilish.

Oliy attestatsiya komissiyasi

Yangiliklarga obuna bo‘lish