Nabiev Saydig‘ani Muxtorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning tuproqdagi suv tanqisligiga moslashuvining morfofiziologik va genetik xususiyatlari», 03.00.09 – Umumiy genetika, 03.00.07 – O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/B20.
Ilmiy maslahatchilar: [Rizaeva Safiya Mamedovna], biologiya fanlari doktori, professor; Usmanov Rustam Maxmudovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.V.53.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Safarov Karim Safarovich, biologiya fanlari doktori, professor; Avtonomov Viktor Aleksandrovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor; Xolliev Asqar Ergashovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning tuproqdagi suv tanqisligiga moslashuvining morfofiziologik va genetik xususiyatlarini aniqlash, o‘rta va ingichka tolali g‘o‘za navlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor panjasimon qirqimli bargli g‘o‘za navlari, panjasimon qirtiqli va panjasimon qirqimli bargli navlarni chatishtirishdan olingan panjasimon qirqilgan bargli F1 duragaylari tuproqdagi suv tanqisligiga barglardagi suv miqlori va transpiratsiya jadalligining kamayishi va barglarning suv tutib turishi xususiyatining oshishi bilan moslashishlari aniqlangan;
o‘simliklar suv almashinuvining fiziologik belgilari duragaylarning F1 avlodida turli daraja va yo‘nalishdagi to‘liqsiz, to‘liq va o‘ta dominantlik holatlarida irsiylanishi aniqlangan, resiprok farqlanishlarning mavjudligi esa bu belgilarning boshqarilishida sitoplazma genlarining ishtirok etishi isbotlangan;
tuproqdagi suv tanqisligiga F1 avlodida chidamsiz bo‘lgan duragay kombinatsiyaning F2 avlodda chidamliligining oshishi moslashuvchanlik jarayonlariga javob beradigan genlarning rekombinatsiyasi va ijobiy birikishi asosidagi keng morfogenetik shakllanish jarayoni bilan bog‘liqligi aniqlangan;
urug‘larning suv bilan kam ta’minlanganlik sharoitlarida shakllanishi keyingi avlodda o‘simliklarning fiziologik va qimmatli-xo‘jalik ko‘rsatkichlariga, ularning irsiylanishiga ta’sir etishi va ko‘pchilik genotiplarning tuproqdagi suv tanqisligiga yaxshiroq moslashuvini ta’minlashi aniqlangan;
ilk bor genetik ko‘rsatkichlar – dominantlik koeffisienti va geterozis samarasi darajalari va yo‘nalishlari, korrelyasiya va variatsiya koeffisientlari genotipik tarkib bilan bir qatorda urug‘ shakllanishi va o‘simliklarni etishtirishdagi suv bilan ta’minlanganlik sharoitlariga ham bog‘liq bo‘lishi aniqlangan;
g‘o‘za genotiplari tuproqdagi suv tanqisligiga chanoqlarning solishtirma sath zichligi, ko‘k ko‘saklardagi suv miqdori va barglardagi xlorofill «b» miqdori belgilari bo‘yicha kuchsiz, umumiy xlorofill va xlorofill «a» miqdorlari, xlorofill a/b nisbati bo‘yicha turlicha ta’sirchanliklari, xlorofill fluoressensiyasining oshishi barglarning fotosintetik faoliyatiga salbiy ta’sir etishi aniqlangan;
ingichka tolali navlar va tizmalarning moslashuvchanlik qobiliyatlari bo‘yicha genetik polimorfizm mavjudligi, chidamsiz genotiplarning suv stressiga fotosintez jadalligi bo‘yicha kuchli ta’sirchanliklari, bu belgi irsiylanishida resiprok farqlanishlar mavjudligi va onalik shaklining ta’siri kuchli ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘zaning tuproqdagi suv tanqisligiga moslashuvining morfofiziologik va genetik xususiyatlarini tahlil qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«O‘zFA-703» g‘o‘za naviga Intellektual mulk agentligining patenti (№ NAP 00113 2012 y.) olingan va ushbu nav 3 ming gektar ekin maydonlariga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 oktyabrdagi 02/020-215-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi navning ekilayotgan o‘rta tolali navlarga nisbatan ustunligi asosida yuqori va sifatli paxta hosilini olish imkonini bergan;
g‘o‘za barglari xlorofillining fluoressensiyasi va boshqa fiziologik ko‘rsatkichlariga suv bilan ta’minlanganlik sharoitlarining ta’sirini aniqlash bo‘yicha olingan natijalarga 3 dan ortiq yuqori impakt faktorli jurnallarda sitatalar keltirilgan va o‘simliklarning qurg‘oqchilikka chidamliligining morfofiziologik xususiyatlarini tahlil qilishda foydalanilgan (Research Gate,Web of Science) (J. Fronties in Plant Science, 2017, V.8, Research Gate, IF 4,30; J. of Stress Physiology and Biochemistry, 2014, V.10, №3, Research Gate, IF 2,83; J. Photosynthetica, 2010, V.48, Research Gate, IF 1,74; J. Molecular Stress Physiology of Plants, 2013, Research Gate, IF 2,83). Natijada, o‘simliklarning suv tanqisligiga chidamliligini aniqlash, fiziologik belgilarning qimmatli-xo‘jalik ko‘rsatkichlari bilan bog‘liqligini baholash, o‘simlik barglari xlorofilli fluoressensiyasiga qurg‘oqchilikning ta’sirini asoslash imkonini bergan.
L-100, L- HSt va L-9 liniyalari QXA-8-044 raqamli “Viltga chidamli, andoza navlarga nisbatan tola hosili bo‘yicha 25-30 % ga ustun bo‘lgan navni yaratish va Davlat komissiyasining gruntnazoratiga topshirish” loyihada murakkab duragaylashda foydalanilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining 2019 yil 21 oktyabr` T-9/02-1043-son ma’lumotnomasi). Natijada, viltga bardoshli va suv tanqisligida yuqori hosil beradigan oilalarni ajratib olish va ular bilan seleksiya ishlarini olib borish imkonini bergan;
qurg‘oqchilikka chidamli o‘rta tolali L-100, L- HSt va L-9 liniyalari «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 16 oktyabrdagi 4/1255-2740-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu liniyalar o‘rta tolali g‘o‘za kolleksiyasi xilma-xilligini boyitish imkonini bergan.