Omanov Behruzjon Shuhrat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Asetilendan vinilatsetatning katalitik sintezi va texnologiyasi», 02.00.14 - Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/T1527.
Ilmiy rahbar: Fayzullaev Normurot Ibodullaevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.16/30.12.2019.T.87.01.
Rasmiy opponentlar: Tangyarikov Normurod Sayitovich, texnika fanlari doktori; Beknazarov Xasan Soyibnazarovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy xomashyolardan olingan nanokatalizator ishtirokida atsetilendan vinilatsetat olish va uning texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
atsetilenni sirka kislotasi bilan atsetillash jarayoni uchun qo‘llaniluvchi yuqori unumdorlik va selektivlikka ega bo‘lgan yangi (ZnO)0.5·(CdO)0.45·(ZrO2)0,05/keramzit tarkibli katalizator “zol`-gel`” usuli yordamida yaratilgan;
atsetillash jarayoni uchun yaratilgan yuqori katalitik faollikka ega bo‘lgan, yangi tarkibli nanokatalizatorning tekstura hamda fizik-kimyoviy xossalari aniqlangan;
yangi tarkibli katalizator ishtirokidagi atsetillash jarayonining kinetikasi asosida reaksiyaning kinetik modellari va borish mexanizmi aniqlangan hamda kinetik modellar tahlili asosida maqbul reaktor turi tanlangan;
differensial reaktor sharoitida yaratilgan nanokatalizator ishtirokida, reaksiyaning kinetik qonuniyatlari va jarayon borishining maqbul sharoiti aniqlanib, jarayonni ifodalaydigan kinetik tenglamalar tanlangan va ularning adekvatligi baholangan;
atsetilenni katalitik atsetillab vinilatsetat olishning takomillashtirilgan hamda kam chiqindili, energiya va resurs tejamkor texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Asetilendan vinilatsetatning katalitik sintezi va texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
atsetilenni sirka kislotasi bilan atsetillash jarayoni uchun yuqori katalitik faollikka ega bo‘lgan yangi tarkibli nanokatalizatorlarni ishlab chiqish texnologiyasi «Navoiazot» AJda amaliyotga joriy qilingan («Navoiazot» AJning 2020 yil 26 avgustdagi 5949-son ma’lumotnomasi). Natijada, atsetilen va sirka kislotadan vinil atsetat olishning takomillashtirilgan texnologiyasini ishlab chiqish imkonini bergan;
yangi (ZnO)0.5·(CdO)0.45·(ZrO2)0,05/keramzit tarkibli yuqori katalitik faollikka ega bo‘lgan nanokatalizator «Muborak gazni qayta ishlash zavodi»da amaliyotga joriy qilingan («O’zbekneftgaz» AJ «Muborak gazni qayta ishlash zavodi»ning 2020 yil 30 avgustdagi 933/GK-08-son ma’lumotnomasi). Natijada, (ZnO)0.5·(CdO)0.45·(ZrO2)0,05/keramzit tarkibli nanokatalizatori-dan vinilatsetat sintezida import o‘rnini bosuvchi maxalliy katalizator sifatida qo‘llash imkonini bergan.