Umurov Feruz Faxriddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Pillachilik korxonalari oqova suvlarini tozalashning kimyoviy usulini ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash», 02.00.13 – Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/T2439.
Ilmiy rahbar: Amonov Muxtar Raxmatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.T.78.01.
Rasmiy opponentlar: Sultonov Baxodir Elbekovich, texnika fanlari doktori, professor; Eshmurodov Xurshid Esanberdievich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: pillachilik korxonalarida hosil bo‘ladigan oqova suvlarni tozalashning kombinatsion kimyoviy usulini yaratish va ekologik samarali texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ipak matosiga gul bosishda hosil bo‘ladigan oqova suvlarni tozalash uchun mineral koagulyant-sorbent-flokulyant sistemasining optimal tarkibi ishlab chiqilgan;
adsorbent, koagulyant va flokulyantlarni qo‘llashga asoslangan kombinatsiyalangan usul ishlab chiqilib, bu usul yordamida oqova suvlarni tozalash asoslari yaratilgan;
mineral koagulyant va sorbentlar birgalikda qo‘llanilganda hamda oqova suvlarni tozalashda sorbent zarrachalarining maqbul o‘lchami aniqlangan;
bentonit, kaolin, alyuminiy sul`fat, temir (III) xlorid va poliakrilamid asosidagi “sorbent – koagulyant – flokulyant” sistemasi asosida pillachilik korxonalari oqova suvlarini tozalash texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Pillachilik korxonalari oqova suvlarini “sorbent-koagulyant-flokulyant” sistemasi asosida tozalash texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bentonit, kaolin, alyuminiy sul`fat, temir (III) xlorid va poliakrilamid asosida ishlab chiqilgan tarkiblar “BBS klaster” MChJda oqova suvlarni tozashda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2021 yil 12 maydagi 03-02/8-332-son ma’lumotnomasi). Natijada, oqova suvlar tarkibidagi bo‘yovchi moddalar va muallaq zarrachalar miqdorlarini mos ravishda 11,6 mg/l dan 0,4 mg/l gacha va 350 mg/l dan 16,5 mg/l gacha kamaytirish imkonini bergan;
pillachilik korxonalari oqova suvlarini tozalashning kimyoviy usuli asosida ishlab chiqilgan tozalash texnologiyasi pardozlash fabrikalarida qayta ishlatish uchun yaroqli suv olishda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2021 yil 12 maydagi 03-02/8-332-son ma’lumotnomasi). Natijada, pillachilik korxonalarining oqova suvlarini 97% gacha samarali tozalash imkonini bergan.