Raximov Kamoliddin Muxamadjonovichning
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimining nazariy-huquqiy jihatlari», 12.00.02 – «Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi» (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4PhD/Yu420.
Ilmiy rahbar: Berdiyarov Shuhrat Namozbaevich, yuridik fanlar doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.32/30.12.2020.Yu/74.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, dotsent Turg‘unov Oybek Karimovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Xudoyberdiev Abdurashid Abdurasulovich.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimining nazariy-huquqiy jihatlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.  
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yo‘l harakati qoidalarini muntazam ravishda va bir necha marotaba qasddan buzgan, harakat vaqtida avtomobil` bilan bezorilik qilgan, og‘ir oqibatli avtohalokatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan huquqiy choralarni, kuchaytirish zarurati asoslantirilgan;
qonunchilik hujjatlariga itoatkorlik ruhini, ayniqsa yo‘l harakati qoidalariga rioya etishni bog‘cha va maktab yoshidan boshlab nazariy va maxsus hududlarda amaliy o‘rgatish hamda ushbu choralarning yo‘llardagi xavfsizlikni ta’minlashdagi samaradorligi asoslantirilgan;  
sutkaning qorong‘u vaqtida yo‘l chetida nur qaytargichli kiyim yoki shunday belgilarga ega kiyimlar kiyib harakatlanish velosipedchilar va piyodalarning o‘limi bilan tugaydigan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish va ularning oldini olish samaradorligini oshirishi asoslantirilgan; 
haydovchilarga qulaylik yaratish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda inson omilini kamaytirish va soddalashtirish, sohani raqamlashtirish va kompyu`ter texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha xorijiy davlatlarga chiqadigan transport vositalaridan tashqari barcha transport vositalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyotini bekor qilish hamda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining planshetlari orqali bazaga kiritish amaliyotini joriy etish samaradorligi asoslantirilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimining nazariy-huquqiy jihatlari mavzusidagi tadiiiot natijalari asosida:
yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini muntazam ravishda qasddan buzuvchilarga, og‘ir oqibatlarga olib kelgan yo‘l-transport hodisalarini sodir etganlarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish, shu jumladan ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, transport vositasini boshqarish huquqidan uzoq muddatga mahrum qilish tarzidagi jinoiy-huquqiy ta’sir chorasini joriy qilish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabrdagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi»ning  12-bandida, transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etiladigan «yo‘lda bezorilik» holatlari bilan ifodalanadigan xatti-harakatlar uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish taklifi mazkur Konsepsiyaning 24-bandida o‘z aksini topgan (Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi 1/2008-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilanishga xizmat qilgan; 
«Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi» shiori ostida umumta’lim muassasalarida «Yo‘l harakati qoidalari» bo‘yicha o‘quv tadbirlarini tashkil etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabrdagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi»ning 70-bandida, Umumta’lim muassasalarida «Harakat xavfsizligi sinfxonalari»ni, mahallalarda «Yo‘l harakatini o‘rgatish maydonchalari»ni tashkil etish taklifi 71-bandida, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi asoslarini o‘qitish tizimini joriy etib, yo‘llarda, chorrahalarda va piyodalar o‘tish joylarida harakatlanish asoslarini amaliy hamda ko‘rgazmali tarzda o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish taklifi 72-bandida o‘z aksini topgan (Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi 1/2008-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarni joriy etilishi yoshlarni avtohalokatlardan saqlab qolinishiga, yo‘l harakati qatnashchilarining huquqiy madaniyatini oshishiga xizmat qilgan;
sutkaning qorong‘u vaqtida va etarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementlar bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi shartligi to‘g‘risidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 172-son qarori 1-bandi “d” kichik bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2022 yil 7 maydagi 12/21-33-son xati). Ushbu takliflarni joriy etilishi velosipedchilar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining kamayishiga va ularning oldini olinishiga xizmat qilgan;       
xorijiy davlatlarga chiqadigan transport vositalaridan tashqari barcha transport vositalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyotini bekor qilishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 martdagi «Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 125-son qarorining 6-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2022 yil 17 martdagi 12/21-17-son xati). Ushbu takliflarni joriy etilishi yo‘l-patrul` xizmati xodimlari bilan haydovchilar o‘rtasidagi munosabat uchun sarflanadigan vaqt qisqartirilishiga va haydovchilar uchun qo‘shimcha quylaylik yaratilishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish