Yo‘ldoshev Akmal Baxtiyorovichning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘zbeklar: tarixiy tahlil (1991-2020 yillar)”, 07.00.01- O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2019.2.PhD/Tar464.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Tar.72.07
Ilmiy rahbar: Xaitov Shadmon Axmadovich, tarix fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: G‘afforov Shokirjon Safarovich, tarix fanlari doktori, professor; Davlatova Saodat Tilovberdievna tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘zbeklarning tarixi masalalari va ularda kechgan transformatsion jarayonlarni o‘rganish hisoblanadi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Markaziy Osiyo davlatlarida o‘zbeklar joylashuviga sovet hokimiyati yillarida aholining ixtiyoriy, majburiy-ixtiyoriy ko‘chirish tadbirlari, qo‘riq va bo‘z erlarni o‘zlashtirish kompaniyalari, surgun qilish va qatag‘on siyosati kabi omillar sezilarli ta’sir etganligi aniqlangan;
mustaqillikning dastlabki yillarida o‘zbeklarning ijtimoiy-siyosiy mavqei, milliy o‘zligini saqlab qolish darajasi va sonining bir oz pasayishiga “ko‘r millatchilik”, milliy ehtirosga berilish kabi omillarning ta’sir etganligi va bu qo‘shni respublikalarning o‘zaro milliy munosabatlarning chigallashuviga sabab bo‘lganligi dalillangan;
o‘zbek millati vakillarining Markaziy Osiyo davlatlarida ozchilik millatlar orasida birinchi, tubjoy aholiga nisbatan ikkinchi o‘rinda turishi va demografik o‘sishga erishayotganligi, ular asosan, O‘zbekiston chegaralariga yaqin hududlar bo‘ylab zich joylashgan tub joy aholisi ekanligi dalillangan;
Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘zbeklarning milliy o‘zligini va birligini saqlab qolishida milliy-madaniy markazlar, milliy uyushmalar, jamoat tashkilotlari va o‘zbek tilidagi matbuot organlarining faoliyat samaradorligi muhim ahamiyat kasb etganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. «Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘zbeklar: tarixiy tahlil (1991-2020 yillar)» mavzusini tadqiq etish bo‘yicha dissertatsiyada olingan ilmiy natijalar va ma’lumotlardan:
Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘zbeklarning soni, demografik o‘sish dinomikasi, mintaqa bo‘ylab tarqalishi va joylashuvi, mashg‘uloti kabi jihatlarni bilan bog‘liq yangiliklardan O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasining 2021 yil 9 noyabrdagi 01/5-20-13/2-110-son ma’lumotnomasi). Natijada sovet hokimiyati yillarida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari natijalari bo‘yicha muhim statistik ma’lumotlar to‘plangan va ilmiy muomalaga olib kirilgan;
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda istiqomat qilayotgan o‘zbeklarning 1926-2020 yillardagi soni, joylashuv geografiyasi, ijtimoiy tarkibi, mashg‘uloti haqidagi muhim ma’lumotlar, shuningdek, mintaqadagi o‘zbek jamiyatlari va uyushmalari, milliy-madaniy markazlari, o‘zbek tilidagi milliy nashrlar va ijtimoiy muassasalar haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitaning istiqbolli rejasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2021 yil 3 dekabrdagi 14-09-2186-son ma’lumotnomasi). Natijalar Markaziy Osiyo respublikalaridagi o‘zbeklar bilan do‘stona, madaniy-ma’rifiy va qavm qarindoshlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilgan;
Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘zbeklar hayoti, turmushi, urf-odat va an’analari, o‘ziga xos madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ular istiqomat qilayotgan mamlakatlardagi ahvoli haqida ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston tarixi” telekanali davlat muassasasi tomonidan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 28 dekabrdagi 40-40-7865-son ma’lumotnomasi). Mazkur teleko‘rsatuvlardagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi» faoliyati samaradorligining o‘sishiga xizmat qilgan.