Mirxaydarova Feruza Sayfullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Orttirilgan immuntanqislik virusi bilan kasallangan bemorlarda qandli diabetning 2-turiga moyillik omillari va klinik kechishi», 14.00.03 – Endokrinologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tib1141.
Ilmiy rahbar: Shagazatova Barno Xabibullaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc 04/30.12.2019.Tib30.02.
Rasmiy opponentlar: Kamalov Telman Tulyaganovich, tibbiyot fanlari doktori; Kasimova Ra’no Ibragimovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi orttirilgan immuntanqislik virusi bilan kasallangan bemorlarda qandli diabetning 2-turiga moyillik omillari va klinik kechishini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
orttirilgan immuntanqislik virusi infeksiyasiga chalingan bemorlarda antiretrovirus dori vositalari, koinfeksiyalar, opportunist kasalliklar bilan uglevod va lipid almashinuvining izdan chiqishi orasida bog‘liqlik asoslangan;
orttirilgan immuntanqislik virusi infeksiyasi negizida qandli diabet rivojlangan bemorlarda OIV infeksiyasining jinsiy yo‘l bilan zararlanishi, avval qandli diabet so‘ng OIV infeksiyasi kuzatilganlarda parenteral yo‘l bilan zararlanish ustuvor ekanligi aniqlangan;
orttirilgan immuntanqislik virusi infeksiyasidan so‘ng qandli diabet bilan kasallanganlarga nisbatan qandli diabet negizida orttirilgan immuntanqislik virusi infeksiyasiga chalingan bemorlar solishtirilganda glikemik ko‘rsatkichlarning ustuvor buzilishi aniqlangan;
antiretrovirus terapiya qabul qiluvchilarga nisbatan antiretrovirus terapiya qabul qilmaydigan bemorlarda lipid almashinuvining yaqqol buzilishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Orttirilgan immuntanqislik virusi bilan kasallangan bemorlarda qandli diabetning 2-turiga moyillik omillari va klinik kechishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan:
orttirilgan immuntanqislik virusi bilan kasallangan bemorlarda antiretrovirus terapiya qabul qilishiga ko‘ra insulinrezistentlik va uglevod almashinuvi buzilishlarini baholash asosida ishlab chiqilgan «Orttirilgan immuntanqislik virusi bilan kasallangan bemorlarda uglevod almashinuvi ko‘rsatkichlari buzilishini baholash» mavzusidagi uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 19 yanvardagi 8n-z/15-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma orttirilgan immuntanqislik virusi bilan kasallangan bemorlarda insulinrezistentlik rivojlanish ehtimolligi antiretrovirus terapiya qabul qiluvchilarda yuqoriligini aniqlash orqali qandli diabetning 2-turini erta aniqlash va oldini olish, bu orqali esa bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkonini bergan;
orttirilgan immuntanqislik virusi bilan kasallangan bemorlarda qandli diabetning 2-turiga moyillik omillari va klinik kechishini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Toshkent viloyati va Namangan viloyati OITSga qarshi kurash markazlari klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 29 martdagi 08-09/853-sonli ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinishi natijalari qandli diabetning 2-turini erta aniqlash orqali bemorlarning kasalxonada yotish muddatini qisqarishiga, asoratlarni oldini olish va davolash samaradorligini oshirish imkonini bergan.