Kuldashev Abdulla Xamidullaevichning
ixtiro patentlari asosida o‘tkaziladigan falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi) “Mahalliy mineral xom ashyolar asosida olov va issiqdan saqlovchi qoplama materiallarini olish usullarini takomillashtirish”, 05.10.02 - Favqulodda holatlarda xavfsizlik. Yong‘in, sanoat, yadro va radiatsiya xavfsizligi (texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/T2573.
Ilmiy maslahatchi: texnika fanlari doktori, professor Madjidov Inom Urishevich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent arxitektrua-qurilish instituti, DSc26/30.12.2019.T.11.01
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi mahalliy xom ashyolar asosida olovbardoshlikni oshiruvchi hamda issiqlikdan himoyalovchi qurilish aralashmalari (qurilish pastasi va suvoq) yangi tarkiblarini olish, ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish hamda ularni qo‘llash orqali bino va inshootlar yong‘in xavfsizligini oshirishga erishishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
termovermikulit, vollastonit, mikrokremnezyomlarning yangi ishlab chiqilgan yuqori dispersli g‘ovakdor zarrachalari asosida yog‘och, metall va temirbeton konstruksiyalarni olov va issiqdan yuqori darajada himoyalovchi qurilish aralashmalarining yangi tarkiblari yaratilgan;
yangi ishlab chiqilgan qurilish aralashmalarining tarkiblari, asosiy komponentlarining miqdor ko‘rsatkichlari, disperslik darajasi va g‘ovakdorligining optimal qiymatlarini aniqlash asosida ularni yog‘och, metall va temirbeton qurilish konstruksiyalari, materiallarini yuqori darajada olov va issiqdan himoyalash mexanizmlari ishlab chiqilgan;
yangi tarkibli olov va issiqdan saqlovchi qurilish aralashmalari bilan ishlov berilganda yog‘och konstruksiyalar (600oS gacha), metall konstruksiyalar (1100-1150oS gacha), temirbeton konstruksiyalar (1600oS gacha) olovbardoshligi oshirilishi hamda bino va inshootlar konstruksiyalarining yong‘inlar paytidagi issiqlik ta’sirida deformatsiyaga uchrash vaqtini 15-20%gacha uzaytirish mumkinligi aniqlangan;
metall, yog‘och va temirbeton konstruksiyalariga olov va issiqdan saqlovchi qurilish aralashmalarining yangi tarkiblari bilan ishlov berilganda, binolarning yong‘inlarning xavfli omillari ta’siridan ratsional himoya qilinishi va barqarorlik muddatini oshirish hisobiga avariya-qutqaruv ishlarini tashkillashtirish muddatini 8-10 daqiqagacha uzaytirish mumkinligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Olovbardosh va mustahkam qurilish materiallarini olish texnologiyasini yaratish va fizik-mexanik xususiyatlarini tatbiq etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
mahalliy xom ashyolar asosida olingan yangi turdagi olov va issiqdan himoyalovchi qurilish aralashmalarini (qurilish pastasi va suvoq) tarkiblari O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasida joriy qilingan (O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasining 2022 yil 11 fevraldagi 05/15-382-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yangi olingan olov va issiqlikdan saqlovchi aralashma tarkiblari asosidagi qoplamalarning bino va inshootlar konstruksiyalarining termikbardoshligini 40-45% ga, mustahkamligini 15-20% ga, termik va ochiq olov ta’sirida deformatsiyalanishga uchrash vaqtini 10-15 % gacha oshishiga erishilgan.
mahalliy xom ashyolar asosida olov va yuqori darajali issiqlikka chidamli qurilish aralashmalarini (qurilish pastasi va suvoq) yangi tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tasarrufidagi korxonalarga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2022 yil 13 fevraldagi 09-06/1349-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yog‘och, metall, beton konstruksiyalarini termik va ochiq olov ta’siriga bardoshliligi oshirish imkoniyatini bergan.