Xatamova Zumradxon Nazirjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qo‘qon xonligida soliq tizimi», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Tar548.
Ilmiy rahbar: Yusupova Dilorom Yunusovna, tarix fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Maxmudov Sherzod Yunusovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent; Sultonov O‘ktam Abdulg‘anievich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi Qo‘qon xonligidagi soliq tizimi, uning takomillashib borishi, o‘ziga xosligi, soliq va yig‘imlar hamda uning xonlik iqtisodiyotiga ta’sirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qo‘qon xonligida soliq tizimi majburiylik, adolat, aniqlik, qulaylik, tejash, nazorat-taftish tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirilganligi, soliq tizimida faoliyat olib borgan bek, sarkor, amlokdor, oqsoqol, mirza, miroxo‘r, xazinachi, mirzaboshi, yuzboshi, yovar, muftiy, amin, qozikalon, to‘qsoba, inoq-sarkorboshi, mahram, eshik og‘asi kabi amaldorlarning majburiyat hamda vakolatlari, moddiy ta’minotining huquqiy asoslari dalillangan;
xonlikda qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, savdo va hunarmandchilik sohalari bo‘yicha joriy etilgan soliqlar hosilning etilish vaqtlari, mavsumiyligi, saqlanish muddati, mahsulot turi va uning iqtisodiyotda tutgan o‘rnidan kelib chiqib belgilanganligi asoslangan;
aholidan soliqlarni undirish an’anasiga ko‘ra imtiyozga ega bo‘lgan ijtimoiy qatlamlar, xususan, davlat amaldorlari, diniy ulamolar, qishloq oqsoqollari, harbiy ma’murlarning xiroj va tanobona soliqlaridan ozod etilishidan hukmdorlar ko‘zlagan asosiy maqsad iqtisodiy yon berish orqali siyosiy boshqaruvni mustahkamlash ekanligi dalillangan;
Qo‘qon xonligida soliqdan tushgan mablag‘lar saroy harajatlari, davlat amaldorlarining maoshlari, mamlakat mudofaasi, xorijiy davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash, xonlik iqtisodiyotini hamda madaniy-ma’rifiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qo‘qon xonligi soliq tizimi muammolarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Qo‘qon xonligida qishloq xo‘jaligi - dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik va savdo hamda hunarmandchilikda joriy qilingan soliqlar, davlat xazinasiga soliqlardan kelib tushgan daromadlar, ularning sarf etilishi, soliq tushumlarining ijtimoiy hayotda aks etishi, mamlakatda soliq tizimini nazorat qilinishining tartib qoidalari va aholidan soliqlarni undirish an’anasi kabi ilmiy natijalar asosida tayyorlangan maqolalar, fors tilida yozilgan rasmiy hujjatlarga tayanib yaratilgan jadvallar kabi muzey hujjatlar fondiga taqdim etilgan ma’lumotlardan Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi ekspozisiyasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 13 avgustdagi 01-12-10-2808-son ma’lumotnomasi). Natijada muzey fondini boyitishga, ekspozision rejalar tuzishga, ko‘rgazmalar tashkil etishga, ilmiy-ommabop ma’lumotlar yaratishga, ularni ilmiy jihatdan boyitishga manba sifatida xizmat qilgan;
Qo‘qon xonligidagi soliq tizimi, soliq turlarini birlamchi manbalar asosida tahlili, aholidan soliqlarni undirish an’anasiga ko‘ra imtiyozga ega bo‘lgan ijtimoiy qatlamlar, soliq tizimini ma’muriy nazorat qilinishining tartib qoidalari, Xiva, Buxoro, Qo‘qon xonliklarda mavjud soliq tizimi bilan qiyosiy tahlili kabi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (“O’ZBEKISTON” TELERADIOKANALI DUKning 2020 yil 10 fevraldagi 02-40-311-son va 2020 yil 12 oktyabrdagi 02-40-947-son ma’lumotnomalari). Natijada ko‘rsatuvning birlamchi tarixiy manbalar asosidagi ilmiy dalil va Qo‘qon xonligi soliq tizimida amalga oshirilgan islohotlarga oid yangiliklar bilan boyitilishi ta’minlangan.