Boboev Zufar Durmamat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Yod-β-siklodekstrin substansiyasi va kapsula dori shaklining sifatini nazorat qilish usullarini ishlab chiqish», 15.00.02 – Farmatsevtik kimyo va farmakognoziya (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Far68.
Ilmiy rahbar: Sharipov Avez To‘ymurodovich, farmatsevtika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.04/30.12.2019.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: Tillaeva Gulnora Urinbaevna, texnika fanlari doktori, professor; Azizov Olim Tohirovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yod tanqisligida qo‘llaniladigan yod-β-siklodekstrin substansiyasini sintez qilish, standartlashtirish va uning asosida olingan kapsula dori shaklining sifat nazorati usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor yod-β-siklodekstrin supramolekulyar birikmasini olinish usuli hamda substansiyaning kukunli rentgen difraktometrik va derivatografik tahlil natijalari asosida tarkibi va xossalari aniqlangan;
ilk bor yod-β-siklodekstrin substansiyasi tarkibidagi umumiy yod miqdorini aniqlash uchun yuqori samarali suyuqlik xromatografiya hamda spektrofotometrik usullar ishlab chiqilgan;
yodni aniqlashning YuSSX va SF usullari xususiylik, tanlanganlik, chiziqlilik, payqash chegarasi, miqdoriy aniqlash chegarasi, to‘g‘rilik, takrorlanuvchanlik kabi validatsion ko‘rsatkichlar bo‘yicha validatsiyalangan;
yod-β-siklodekstrin saqlagan yangi original «Betayodeksa» preparati sifatini nazorat qilishning nazariy asoslangan usullari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Yod-β-siklodekstrin substansiyasi va kapsula dori shaklining sifatini nazorat qilish usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Yod-β-siklodekstrin» substansiyasi uchun korxona farmakopeya maqolasi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi» DUK tomonidan tasdiqlangan (KFM 42 Uz-22175941-4178-2020). Natijada, yod saqlovchi dori preparatlarni ishlab chiqarish imkonini bergan;
«Betayodeksa» kapsulasi uchun korxona farmakopeya maqolasi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi» DUK tomonidan tasdiqlangan (KFM 42 Uz-22175941-4296-2020). Natijada mahalliy yod saqlovchi dori preparatlar assortimentini kengaytirish imkonini bergan;
«Yod-β-siklodekstrin» substansiyasi va «Betayodeksa» kapsulalari «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi» Davlat unitar korxonasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va tibbiyotda qo‘llashga ruxsat etilgan (DV/M 03514/09/20 va DV/M 03630/11/20). Natijada, tiroid stimullovchi ta’sirli bezarar dori vositasini ishlab chiqarish imkonini bergan.