Berdixanova Shaxida Nurlibaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpoq dostonlarining metroritmik asoslari», 17.00.02–Musiqa san’ati (san’atshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/San33.
Ilmiy rahbar: Azimova Arzu Nishanovna, san’atshunoslik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat konservatoriyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, PhD.03/30.12.2019.San.54.01
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Rustambek Samigovich, san’atshunoslik fanlari doktori, professor; Muradova Zulfiya Alievna, san’atshunoslik fanlari nomzodi (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi dostonchilik ijodiyotidagi metroritmik shakllanish qonuniyatlarini aniqlash, uning qahramonlik va lirik tarmoqlaridagi o‘ziga xosligini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qoraqalpoq dostonlari jirov, baxsi (baxshi) ijrochilik maktablariga tayanishi aniqlanib, ijro uslublariga ko‘ra metroritmning dostonchilik ijro amaliyoti va doston nomalaridagi voqeani ijroda ifoda etish semantikasi, yopiq va ochiq ovozning koloristik xususiyatlari asoslangan;
qahramonlik va lirik doston nomalarida metrning qat’iy, o‘zgaruvchan, modulyasiyalanuvchi va ritmning rechitativli, tayanch, o‘zgaruvchan (transformatsiyalanuvchi) tipologik tamoyillari mavjudligi isbotlangan;
musiqiy bayonning rechitativ va ohangdor-qo‘shiqsimon toifalarini aniqlash imkonini beruvchi doston ohanglari tarkibidagi baxshi va jirov ijro talqinlarining ta’siri doston nomalarining musiqiy shakl tuzilishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi dalillangan;
dostonlar musiqiy tilining intonatsion bazasini tashkil etuvchi ritm-formulalar va ritm-satrlarning qahramonlik va lirik dostonlarga oid bo‘lgan bo‘g‘in ritm me’yorlariga tayanuvchi ekspozision, ritmik hissani jamlovchi cho‘zimli kombinatsiyalaridan shakllangan kadension xususiyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqalpoq dostonlarining metroritmik asoslarini o‘rganishdan olingan ilmiy natijalar asosida:
qahramonlik va lirik doston nomalarida metrning qat’iy, o‘zgaruvchan, modulyasiyalanuvchi va ritmning rechitativli, tayanch, o‘zgaruvchan (transformatsiyalanuvchi) tipologik tamoyillari mavjudligi O‘zbekiston davlat San’at va madaniyat instituti Nukus filialining o‘quv-metodik rejasiga kiritilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 29 aprel`dagi 03/860 son ma’lumotnomasi). Natijada talabalar qoraqalpoq halq epik merosining nazariy asoslari bilan tanishish va mazkur sohadagi bilimlarini kengaytirishga ega bo‘lgan;
dostonlar musiqiy tilining intonatsion bazasini tashkil etuvchi ritm-formulalar va ritm-satrlarning qahramonlik va lirik dostonlarga oid bo‘lgan bo‘g‘in ritm me’yorlariga tayanuvchi ekspozision, ritmik hissani jamlovchi cho‘zimli kombinatsiyalaridan shakllangan kadension ritmik formulalar xususiyatlaridan O‘zbekiston kompozitor va bastakorlar uyushmasining «Musiqashunoslar bilan uchrashuv» tadbiri doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda foydalanilgan (O‘zbekiston kompozitor va bastakorlar uyushmasining 2021 yil 27 apreldagi 01-04/53-90 son ma’lumotnomasi). Mazkur uchrashuv davomida tadbir ishtirokchilari ijro etilgan dostonlarning arxiv yozuvlari bilan tanishish va qoraqalpoq dostonlari metroritmik shakllanishining universal va o‘ziga xos tamoyillari haqida tasavvurga ega bo‘lganlar;
musiqiy bayonning rechitativ va ohangdor-qo‘shiqsimon toifalarini aniqlash imkonini beruvchi doston ohanglari tarkibidagi she’riy qonuniyatlar va ijro talqinlarining ta’siri doston nomalarining musiqiy shakl tuzilishida hal qiluvchi ahamiyatidan «O‘zbekiston 24» telekanalining «Maxsus reportaj» teleko‘rsatuvi ssenariysida foydalanilgan («O‘zbekiston 24 teleradiokanali» davlat unitar korxonasining 2021 yil 24 martdagi 02-09-183 sonma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq epik merosini o‘rganish muammosini keng yoritish va mazkur san’at turini samarali targ‘ib etishga xizmat qilgan;
qoraqalpoq dostonlari jirov, baxsi (baxshi) ijrochilik maktablariga tayanishi, ijro uslublariga ko‘ra metroritmning dostonchilik ijro amaliyoti va doston nomalaridagi voqeani ijroda ifoda etish semantikasi, yopiq va ochiq ovozning koloristik xususiyatlari O‘zbekiston teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” 103.3 radiokanalining “Yaxshi kayfiyat” turkum eshittirish ssenariysida foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2021 yil 28 sentyabrdagi 09/R-9-54-21-son ma’lumotnomasi). Natijada tinglovchilarning badiiy saviyasini yuksaltirishda, qoraqalpoq dostonchilik san’atining o‘rni va ahamiyati borasidagi ma’lumotlarni olish imkoni yaratilgan.