Buranova Sagdiyana Nasurullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Osteoartritda tog‘ay oligomer matriksli  oqsil darajasiga ko‘ra bo‘g‘im tuzilmalaridagi buzilishlarning klinik xususiyatlari», 14.00.05 – Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Tib855
Ilmiy rahbar: Axmedov Xalmurad Sadullaevich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc 04/30.12.2019.Tib 30.02.
Rasmiy opponentlar: Xamraev Abror Asrarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor;  Abdullaev Akbar Xatamovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: osteoartritga (OA) chalingan bemorlarda bo‘g‘im tuzilmalaridagi o‘zgarishlar va kasallikning klinik kechishiga ko‘ra tog‘ay oligomer matriks oqsilini siljishi hamda erta davoning klinik samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
osteoartritda tizza bo‘g‘imi tog‘ayining yuzasidagi defekt shakllanishi va uning subxondral suyakka nisbatan o‘rnashuvidagi o‘zgarishlarni erta aniqlashda tog‘ayni xaritalash tizimini o‘rni asoslangan;
osteoartritda tizza bo‘g‘imi tog‘ayining yuzasida 5% dan kichik hajmdagi defekt shakllanganda bemorlar qon zardobida tog‘ay oligomer matriks oqsili (TOMO) miqdorining ishonchli ortishi isbotlangan;
osteoartritda TOMO miqdorining keng doiradagi siljishlari negizida bo‘g‘im sindromi avjlanishi, bo‘g‘im bukilish burchagi o‘tkirlashuvi (150°>) va bemorlarda bo‘g‘im faoliyati cheklanib borishi aniqlangan;
osteoartritning ilk davrlarida TOMO miqdorini kamaytirishga qaratilgan davo negizida bo‘g‘im tuzilmasidagi o‘zgarishlarning rivojlanishini kamayishi hamda bo‘g‘im sindromi, uning funksional imkoniyatini yaxshilanishi va tizza bo‘g‘imi bukilish burchagini (150° gacha) kengayishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
OAda bo‘g‘im tuzilmalaridagi buzilishlarni erta aniqlashda TOMOning o‘rni va davolashning samaradorligini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan:
OAda tog‘ayning erta destruksiyasini aniqlash usuli bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Osteoartritni erta aniqlash usuli» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 14 iyundagi 8 n-z/191-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi va ikkilamchi bo‘g‘inida faoliyat yuritib kelayotgan oilaviy shifokor va revmatologlarga mo‘ljallangan bo‘lib, undagi tavsiyalar OAda bo‘g‘im tog‘ayida rivojlangan destruksiyani erta tashxislash samaradorligini oshirish imkonini bergan;
OAda tog‘ayning erta shakllangan destruksiyasini davolash usuli bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Osteoartritga chalingan bemorlarda tog‘ay oligomer matriks oqsili dinamikasiga qaratilgan davolash usuli» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 14 iyundagi 8n-z/191-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanomada berilgan tavsiyalar OAning erta bosqichlarida davolash bo‘g‘im tuzilmalaridagi yaqqol buzilishlarni oldini olish imkonini bergan;
OAga chalingan bemorlarda tog‘ayning erta destruksiyasini tashxislash va uni davolash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, xususan Toshkent shahar 3-son klinik shifoxonasida hamda Toshkent tumani 22-qishloq oilaviy poliklinikasi klinik amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 25 dekabrdagi 08-09/20 874-sonli ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining klinik amaliyotga joriy qilinishi yil davomida 32% gacha bo‘g‘imdagi muammolar yuzasidan OA chalingan bemorlarning shifokorga murojaati kamayishi hamda shifoxonada davolanish ehtiyoji va mehnatga yaroqsizlik kunlarni kamayishi, moddiy sarf-harajatlarning qisqarish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish