Xakimov Farrux Shokirjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Poliakrilatlarni yoqilg‘i, moylar uchun qo‘ndirma va CO2 gazini tutuvchi membrana sifatida qo‘llash texnologiyalari», 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/T2254.
Ilmiy rahbar: Maksumova Oyto‘ra Sitdikovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.16/30.12.2019.T.87.01.
Rasmiy opponentlar: Turaev Erkin Rustamovich, texnika fanlari doktori; Abdushukurov Anvar Kabirovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy xomashyolar asosida poliakrilatlar olish va ularni yoqilg‘i, moylar uchun qo‘ndirma va CO2 gazini tutuvchi membrana sifatida qo‘llash texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor alkilakrilatlar ishtirokida, GTL texnologiyasi asosida va neftni chuqur qayta ishlab olingan yoqilg‘ilar uchun antistatik va emirilishga qarshi qo‘ndirmalar olish usuli ishlab chiqilgan;
metilakrilat bilan desil spirtini KU-2/8 katalizator ishtirokida transeterifikatsiyalash jarayoni orqali desilakrilat olish usuli ishlab chiqilgan;
uchlamchi sopolimer - poli(desil akrilat – so - butil akrilat – so - metil akrilat) tarkibli qo‘ndirmalar (PDBMA va PDBMA1) olishning maqbul sharoitlari aniqlangan;
sintez qilingan uchlamchi polimerlarning depressorlik xususiyatini kam namoyon qilishi, lekin boshqa depressorlar bilan birgalikda qo‘llanilganda muzlash haroratiga sinergik ta’sir etishi aniqlangan;
neftni qayta ishlash pechlari yoqilg‘isini yonishi natijasida atrof-muhitga chiqayotgan tutun gazlarini ushlab qolish va undan foydali mahsulot ishlab chiqarishning yangi texnologik sxemasi ishlab chiqilgan;
neftni birlamchi qayta ishlashdagi mavjud pechlarning foydali ish koeffisientini oshirish va yonish jarayonida zaharli gazlarni ajralishini kamaytirish uchun jarayonning avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Poliakrilatlarni yoqilg‘i, moylar uchun qo‘ndirma va CO2 gazini tutuvchi membrana sifatida qo‘llash texnologiyalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
akril monomerlari asosida olingan sopolimerni, SHODISAN 20 markadagi dizel yoqilg‘isi uchun emirilishga qarshi qo‘ndirma sifatida qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan tashkilot standarti «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan (Ts 29858293-02:2021). Natijada, import o‘rnini bosuvchi sifatli mahalliy qo‘ndirmani «Kvalitet Vostok Group» MChJda ishlab chiqarish imkonini bergan;
poliakrilatlar asosida olingan qo‘ndirma «Buxoro NQIZ» MChJda amaliyotga joriy qilingan (“O‘zbekneftegaz” AJ ning 2021 yil 12 iyuldagi 28-1-01/703-son ma’lumotnomasi). Natijada, EURO 3 - 5 dizel yoqilg‘isini ekspluatatsiya qilishda uning emirilishga qarshi xususiyatlarini yaxshilash imkonini bergan;
neftni birlamchi qayta ishlash pechlaridagi yonish jarayonini optimallash usuli «Farg‘ona NQIZ» MChJda amaliyotga joriy qilingan (“O‘zbekneftegaz” AJning 2021 yil 12 iyuldagi 28-1-01/703-son ma’lumotnomasi). Natijada, neftni birlamchi qayta ishlash pechlarining foydali ish koeffisientini oshirib, energiya sarfini kamaytirish imkonini bergan.