Abdullaeva Dilfuza Saidazimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarda ish vaqtini huquqiy tartibga solish», 12.00.05 – Mehnat huquqi. Ijtimoiy ta’minot huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Yu406.
Ilmiy rahbar: Ismoilov Shuhratjon Abdusaminovich, yuridik fanlar doktori (DSc).
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Xolmo‘minov Jumanazar Toshtemirovich, yuridik fanlar doktori, professor; Ziyadullaev Maxmudjon Jurakulovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ish vaqtini huquqiy tartibga solishni kompleks va qiyosiy o‘rganish asosida mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni hal etishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ish vaqti xodimning nafaqat o‘z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan vaqt, shuningdek xodimning mehnat vazifalarini bajarmagan, lekin mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, lokal-normativ hujjatlar va mehnat shartnomasida nazarda tutilgan hollarda ish vaqtiga kiritiladigan boshqa davrlar ham hisoblanishi asoslab berilgan;
mehnatni tashkil etish va ishlab chiqarish texnologiyasi bilan bog‘liq tanaffuslar, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar, xodimning aybisiz bekor turib qolish, dam olish va bayram kunlaridagi navbatchilik vaqtlari, shuningdek tayyorgarlik-topshirish ishlari kabilar ish vaqtiga kiritiladigan boshqa davrlar ekanligi asoslab berilgan;
ish joyi va turidan qat’i nazar xodimning muayyan vaqt oralig‘ida (haftalik, kunlik) mehnat vazifalarini bajaradigan cheklangan miqdordagi ish vaqti hajmi normal ish vaqti, shuningdek ish vaqtining normal muddatidan kam bo‘lgan har qanday muddat unga mutanosib ish haqi to‘langanda to‘liqsiz ish vaqti ekanligi asoslantirib berilgan;
ish vaqti rejimining mustaqil turlari sifatida smenali ishlardagi ish vaqti rejimi, moslashuvchan ish vaqti rejimi, ish kuni qismlarga bo‘lingan ish vaqti rejimining ta’riflari ishlab chiqilgan;
mehnatdan foydalanishning zamonaviy shakllarida (masofaviy mehnat, uy xizmati) ish vaqti rejimini erkin tarzda tashkil qilish mumkinligiga oid qoidalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarda ish vaqtini huquqiy tartibga solishga oid tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
ish vaqti xodimning nafaqat o‘z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan vaqt, shuningdek mehnat vazifalarini bajarmagan, lekin mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va lokal-normativ hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda ish vaqtiga kiritiladigan boshqa davrlar ham hisoblanishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi yangi tahrirdagi loyihasining 190-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2020 yil 11 noyabrdagi
06/1-05/2967-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif xodim ish beruvchining ixtiyorida bo‘lgan va ishlanmaydigan boshqa vaqtlarni ham ish vaqti tarkibiga kiritishga xizmat qilgan;
tayyorgarlik-topshirish ishlari, mehnatni tashkil etish va ishlab chiqarish texnologiyasi bilan bog‘liq tanaffuslar, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar, xodimning aybisiz bekor turib qolish, dam olish va bayram kunlaridagi navbatchilik vaqtlari ish vaqtiga kiritiladigan boshqa davrlar hisoblanishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasining 190-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2020 yil 11 noyabrdagi 06/1-05/2967-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif ish vaqtiga kiritiladigan boshqa davrlarning turlarini aniqlash uchun xizmat qilgan;
ish vaqtining turlari sifatida normal ish vaqti, qisqartirilgan ish vaqti, to‘liqsiz ish vaqtining huquqiy ta’riflari va ularning xususiyatlari haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasining 191, 192, 195-moddalarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2020 yil 11 noyabrdagi 06/1-05/2967-son ma’lumotnomasi). Mazkur ish vaqtining turlariga berilgan huquqiy ta’riflar ish vaqtiga oid qonunchilikni bir xilda qo‘llash va ziddiyatlarni oldini olishga xizmat qilgan;
smenali ishlardagi ish vaqti rejimi, moslashuvchan ish vaqti rejimi, ish kuni qismlarga bo‘lingan ish vaqti rejimi ish vaqti rejimining mustaqil turlarini tashkil qilishi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasining 201, 202, 203-moddalarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2020 yil 11 noyabrdagi 06/1-05/2967-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif orqali smenali ish vaqti rejimi, moslashuvchan ish vaqti rejimi, ish kuni qismlarga bo‘lingan ish vaqti rejimi tushunchalari va mazmuni ochib berilgan;
ish vaqti rejimini erkin tarzda tashkil qilish mumkinligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida»gi Nizomda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 13 iyuldagi 01/00-04/10-6171-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif masofaviy usulda ishlayotgan xodimlar, uy xizmatchilari kabi ayrim toifadagi xodimlarga ish vaqtini mustaqil ravishda belgilash imkonini taqdim etgan.