Smamutova Shirin Azatbaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Mustaqillik davri qoraqalpoq lirikasida xalq she’riyati an’anasining rivojlanishi (X.Davlatnazarov, V.Seytaev, O.Satbaev lirikasi misolida)» 10.00.12 – Qoraqalpoq adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil929.
Ilmiy rahbar: Orazimbetov Quanishbay Kelimbetovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, DSs.03/30.04.2021. Fil.20.01
Rasmiy opponentlar: Keruenov Turg‘anbay Arazmetovich filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent; Tleuniyazova Gүlmira Bayniyazovna filologiya fanlari falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mustaqillik davri qoraqalpoq lirikasida xalq she’riy an’analarining rivojlanishini taniqli qaroqalpoq shoirlari X.Davlatnazarov, B.Seytaev, O.Satbaevlarning she’rlari misolida ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatini belgilash, badiiylik mahoratini aniqlash va ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustaqillik davri qoraqalpoq adabiyoti vakillari X.Davlatnazarov, B.Seytaev, O.Satbaevlar lirikasida xalq she’riyati an’analarining turlanishi, stilizatsiyalanishi, folklorizmlarning interpretatsiyalanishi – milliy adabiy tafakkur tadrijida poetik yangilanishlardan ekanligi va badiiy-estetik jihatdan adabiy vosita sifatida xizmat qilishi dalillangan;
mustaqillik davri she’riyatidagi didaktika, o‘tkir satira va yumor, shuningdek, vatanparvarlik motivlari, muhabbat lirikasi va meditativ qarashlar − o‘rta asrlardagi yozma adabiyot, jirovlar she’riyati, xalq she’riyati an’analari namunalari bilan tipologik jihatdan taqqoslanib, haqiqatparvarlik, adolatpeshalik, kurashchanlik kabi demokratik g‘oyalarni, sog‘inch, ayriliq kabi intim tuyg‘ularni ifodalashdagi o‘ziga xos xususiyatlari aniqlangan;
xalqning madaniy tarixida mavjud g‘oyalarni bugungi davr bilan bog‘lashdagi badiiy izlanishlar xalq madaniyati va mentalitetining shoirlar she’riyati tilidagi kumulyativligi, milliy nozik tuyg‘uni etkazishdagi badiiy estetik mahoratlari va yangi davr she’riyati bilan hamohanglikda uyg‘unlashganligi dalillangan;
xalq she’riyati an’analariga tayanib, qoraqalpoq xalqining milliy o‘ziga xosligini ko‘rsatadigan ramziy obrazlarni, xalq turmushidagi azaldan e’zozlanib kelingan insoniy tushunchalarni (X.Davlatnazarov: toychoq, qo‘chqor, qo‘zi, uloq, arslon, yo‘lbars, baliq; B.Seytaev: qonozat, duldul, do‘ynoq; O.Satbaev: yontoq, qamish, qorabaroq, po‘rriq, suvqabaq, arava) hozirgi zamon bilan bog‘lashdagi shoirlarning mahorati, xalq tili durdonalaridan unumli foydalanib so‘z jilvalantirishlari, yangi poetik ifoda yasashdagi individual uslublari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mustaqillik davri qoraqalpoq lirikasida xalq she’riyati an’analarining rivojlanishini X.Davlatnazarov, B.Seytaev, O.Satbaevlar ijodi misolida o‘rganish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
qoraqalpoq lirikasida xalq she’riyati an’analarining rivojlanishi va ularning badiiy tafakkur rivojida tutgan o‘rniga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan FA-F-1-005 raqamli «Qaraqalpaq fol`klortanio‘ hәm әdebiyattanio‘ tariyxin izertleo‘» (2017-2020 jj.) mavzusidagi fundamental ilmiy loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 16 apreldagi 78/1-son ma’lumotnomasi). Natijada mustaqillik davri qoraqalpoq lirikasida xalq she’riyati an’analarining rivojlanishi va o‘ziga xosligi, nazariy asoslari amaliy tomondan boyitilgan;
xalq she’riyati an’analarining badiiy manbalari, muayyan adabiy rivojlanish bosqichlariga oid ilmiy-nazariy qarashlar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyida qoraqalpoq shoirlari hayoti va ijodiy faoliyati yuzasidan tashkil qilinadigan ko‘rgazmalar namoyishida, mavjud osori-atiqalar haqidagi tasavvurlarni boyitishda, ekskurs darslarni o‘tishda targ‘ib etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 9 apreldagi 2-03/725-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq nazmida xalq she’riyati an’analarining tarixiy ildizlari hamda adabiy rivojlanish bosqichlarini joriy etish imkonini bergan;
X.Davlatnazarov, B.Seytaev, O.Satbaev adabiy meroslarining milliy o‘ziga xoslikni anglatishdagi ahamiyati va ularning fuqarolik mavqei, milliy g‘urur, til boyligi, fikr erkinligining yosh avlodning ma’naviy dunyosini boyitishdagi roli va o‘rni haqidagi ilmiy va amaliy xulosalarni Qoraqalpog‘iston teleradiokanali «Әdebiy portret», «Әdebiyat hәm dәӯir», «Miyras», «Assalaӯma aleykum, Qaraqalpaqstan» ko‘rsatuvlari va eshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasi 2021 yil 8 apreldagi 01-02.197-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq shoirlari asarlari, ularning lirikasida xalq she’riyati an’analarining maxsuldorligi targ‘ib qilinishiga erishilgan.