Bayqabilov Xusnudin Mardanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jahon mamlakatlari nomlarining tabiiy geografik jihatlari va toponimik tahlili», 11.00.01 – Tabiiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Gr45.
Ilmiy rahbar: Nigmatov Asqar Nigmatullaevich, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Gr.02.07.
Rasmiy opponentlar: Abdulqosimov Ali Abdulqosimovich, geografiya fanlari doktori, professor; Xakimov Qo‘chqor Maxkamovich, geografiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jahon mamlakatlari nomlarining tabiiy geografik jihatlarini asoslash va ularning nomlanishida ehtiyojini yuzaga keltirgan omil va usullar rolini aniqlash, mamlakatlarning nomlanishiga oid ilmiy-amaliy asoslangan toponimik tavsifini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor jahon mamlakatlari tabiiy geografik joylashuviga muvofiq nomlanishida tellurokratiya (quruqlik) va talassokratiya (dengiz) guruhlaridan tashqari mutlaqo yangi guruh-insulokratiya (orol) mavjudligi asoslangan;
jahon mamlakatlari nomlarining bir ma’noli-monosemantik va ko‘p ma’noli-polisemantik xususiyatlari toponimik jihatdan aniqlangan;
jahon mamlakatlari nomlarining toponimik tasnifi hudud bilan bog‘liq guruhlar, xalq bilan bog‘liq guruhlar va qisqartmali guruhlar asosida ishlab chiqilgan;
«Jahon mamlakatlarining qit’alar bo‘yicha tabiiy geografik hududiy tizimi va toponimik tasnifi»ni davriy jadvali asosida tahliliy-tizimli elektron katalogi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jahon mamlakatlari nomlarining tabiiy geografik jihatlarini toponimik tahlil qilish bo‘yicha olingan natijalari asosida:
jahon mamlakatlari tabiiy geografik joylashuviga muvofiq davriy tizimlaridan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi amaliyotida insulokratik guruhga kiruvchi mamlakatlar bilan yaqin munosabatlar o‘rnatishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2020 yil 24 fevraldagi 01-07-369-son ma’lumotnomasi). Natijada, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash imkonini bergan.
jahon mamlakatlari nomlarining toponimik jihatlari ilmiy kitobxonlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Fundamental kutubxonasi axborot-kutubxona xizmatida foydalanish uchun joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Fundamental kutubxonasining 2020 yil 13 martdagi 42-son ma’lumotnomasi). Natijada, elektron katalog kutubxonaning ilmiy ishlar va elektron resurslar fondini boyitish va toponimika bilan shug‘ullanuvchi ilmiy tadqiqotchilarga foydali manba bo‘lib xizmat qilgan;
jahon mamlakatlari nomlarining hudud bilan bog‘liq, xalq bilan bog‘liq va qisqartmali guruhlarining toponimik tasnifidan «O’zbekiston tarixi» telekanalida joy nomlarini kelib chiqishi bilan bog‘liq ko‘rsatuvlar yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasi «O’zbekiston tarixi» telekanalining 2020 yil 13 martdagi 02-40-595-son ma’lumotnomasi). Natijada, mamlakat nomlarining kelib chiqishi bilan bog‘liq ko‘rsatuvlarni yaratish va ssenariylarda foydalanish imkonini bergan;
«Jahon mamlakatlarining qit’alar bo‘yicha tabiiy geografik hududiy tizimi va toponimik tasnifi» elektron katalogi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2020 yil 26 fevraldagi 01-07-391-son ma’lumotnomasi). Natijada, millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishni yanada kuchaytirish, ilmiy yondashuvni takomillashtirish imkonini bergan.