Xalilova Gulnoza Abduvaxobovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Bazidiomiset β-glyukanlarining tuzilishi, xossalari va biologik faolligi», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/K212.
Ilmiy rahbar: Turaev Abbasxan Sabirxanovich, kimyo fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullajonova Nodira Gulyamjanovna, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Raxmonberdiev Gappar Raxmonberdievich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy sharoitda o‘sadigan va madaniylashtirilgan Ganoderma lucidum bazidial zamburug‘laridan tarmoqlangan polisaxaridlarni ajratib olish, ularning fizik-kimyoviy xususiyatlari, makromolekulyar tuzilishi va biologik faolligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor mahalliy sharoitda o‘sgan va madaniylashtirilgan Ganoderma lucidum bazidial zamburug‘laridan β-D-glyukanlar ajratib olindi va ularning fizik-kimyoviy xususiyatlar va makromolekulyar strukturalari GX-mass spektrometriya, UB-, IQ-Fur`e hamda YaMR – spektroskopiya usullari yordamida isbotlangan;
ilk bor dektin-1 reseptorining β-D-glyukanlar bilan o‘zaro ta’sirini molekulyar modellashtirish orqali doking hisoblash usuli orqali β-D-glyukanlarning komplementarligi aniqlangan;
β-D-glyukanlarni in vitro (KML, HeLa o‘sma hujayra liniyalarida) hamda in vivo (Erlix adenokarsinomasi o‘sma hujayra liniyasida) sharoitida o‘smaga qarshi faolliklari aniqlangan;
β-D-glyukanlarning o‘smaga qarshi faolligi ularning hujayra va gumoral immunitetga ta’siri bilan bog‘liq ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ganoderma lucidum bazidiomiset zamburug‘idan β-D-glyukanlarni ajratib olish, ularning fizik-kimyoviy xususiyatlari, makromolekulyar tuzilishi va biologik faolligini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliy sharoitda o‘sgan va madaniylashtirilgan Ganoderma lucidum bazidiomiset zamburug‘idan ajratib olingan β-D-glyukanlarning tuzilishi va biologik faolligi bo‘yicha olingan natijalardan №FA–F-6-007 “Dorivor o‘simliklarning biologik faol polisaxaridlari va ularning modifikatsiyalangan shakllarini o‘rganish” loyihasida dorivor o‘simliklar polisaxaridlarining tuzilishi va biologik faolligini taqqoslash maqsadida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 4/1255-1613-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot ob’ektlarining ortishiga, turli tabiatli polisaxaridlarning tuzilishi va biologik faolliklari orasidagi bog‘liqliklarni aniqlash xamda umumiy xulosalar chiqarishga imkon bergan;
zamburug‘lardan ajratib olingan β-glyukan tipidagi polisaxaridlardan Zagreb universiteti (Xorvatiya) loyihasida har xil o‘sma turlariga qarshi xususiyatlari va saratonga qarshi immunitetni oshirish mexanizmini aniqlashda foydalanilgan (Division of Physical Chemistry Department of Chemistry Faculty of Science, University of Zagreb, Croatia 2021 yil 21 maydagi ma’lumotnomasi). Natijada, polisaxaridlar hosilalarining o‘smaga qarshi faollik mexanizmlarini aniqlash imkonini bergan.