Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan “Farmatsevtika fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Ma’lumki,  mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini jahon talablari asosida rivojlantirish barobarida ushbu jarayonda yuqori sifatli,  bezarar dori vositalarini yaratish va ishlab chiqarishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Xususan,  farmatsevtika fanlari yo‘nalishidagi olimlarning ilmiy tadqiqotlari samaradorligini oshirish hamda davolashda qo‘llaniladigan sintetik va tabiiy dori vositalarini yaratish ishlari har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda.  

Tadbirda ta’kidlanganidek,  o‘tgan yilda mazkur fan yo‘nalishida 5 talabgor fan doktori,  13 talabgor farmatsevtika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajalarida tasdiqlandi.  Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki,  ushbu raqamlar yil sayin o‘sib bormoqda.  

Himoya qilingan dissertatsiya tadqiqotlari asosida qator ilmiy natijalarga erishildi.  Jumladan,  mahalliy dorivor o‘simliklardan tayyorlangan qon bosimini me’yorlashtiruvchi,  jigar,  arterial gipertenziya,  allergiya kasalliklarini davolovchi dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqildi.  Tabiiy xomashyolar – mo‘miyo va propolis asosida surtma va gel` dori shakllarining ilmiy asoslangan tarkibini tanlash va ularni olish texnologiyasi yaratildi.  

Shuningdek,  kimyoviy sintez usuli bilan koordinatsion birikmalar asosida oshqozon yarasini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari texnologiyasi ishlab chiqildi.  Mamlakatimizda ilk bor infuzion eritmalarning sifat me’yorlari ishlab chiqilib,  ular tarkibidagi aminokislotalarni aniqlashning zamonaviy usullari amaliyotga kiritildi. 

– Farmatsevtika sohasidagi olim va izlanuvchilar aholi salomatligi uchun yuqori samarali,  zararsiz dori vositalarini yaratish va ishlab chiqarish borasida izchil faoliyat yuritmoqda,  – dedi Oliy attestatsiya komissiyasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadaliev.  – Kelgusida ham zamonaviy yo‘nalishlarda biotexnologiya,  mikrobiologiya hamda kimyoviy sintez yo‘llari bilan olinadigan va mahalliy o‘simliklar xomashyosidan tayyorlanadigan dori vositalari salmog‘ini kengaytirish,  mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga munosib hissa qo‘shish yo‘lida faol ilmiy izlanishlar olib boradi. 

Gulnoza BOBOEVA,  O‘zA

Yangiliklarga obuna bo‘lish