Allanazarova Sholpan Artikbaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shaxsga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarda o‘quvchilarni bahs-munozaraga undash mexanizmlari», 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Ped535.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti.
Ilmiy rahbar: Safarova Roxat Gaybillaevna, pedagogika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Nukus davlat pedagogika instituti, DSc.03/30.12.2019.Ped.34.01.
Rasmiy opponentlar: Yuzlikaev Farit Rafailovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Pazilov Arzi Kenjebaevich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi shaxsga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarda o‘quvchilarni bahs-munozaraga undash mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bahs-munozara vaziyatlarining tarkibi, mazmuni va o‘quvchilarda bahs-munozaraga kirishish ko‘nikmalarini rivojlantirish jarayoni tuzilmasi hamkorlik, sub’ektivlik, o‘zaro hurmat, qiziqish va ehtiyojlarni inobatga olish, individual yondashuv, erkin tanlov prinsiplari asosida aniqlashtirilgan;
shaxsga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarda o‘quvchilarning bahs-munozaraga kirishuvchanlik darajasini ifodalovchi indikator ko‘rsatkichlari kommunikativ, o‘zini o‘zi rivojlantirish, faol fuqarolik, milliy va umummadaniy tayanch kompetensiyalarni shakllantirish jarayonida bilimlarni integratsiyalash va g‘oyalarni generatsiyalash imkoniyatlarini kengaytirish asosida aniqlangan;
o‘quvchilarni bahs-munozaraga undashga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarga ta’sir etuvchi sub’ektlar faoliyatining izchilligi va uzviyligini ta’minlash mexanizmi “o‘qituvchi-o‘quvchi”, “o‘quvchi-o‘quvchi” munosabatlarini demokratlashtirish asosida sinergetik pedagogika imkoniyatlaridan foydalanish va pedagogning fasilitatorlik funksiyasini kengaytirish orqali takomillashtirilgan;
o‘quvchilarni bahs-munozaraga undashga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon modeli didaktik vaziyatlarning o‘ziga xos pedagogik-psixologik xususiyatlari va yo‘nalishlarini belgilash natijasida o‘quv munozarasi vaziyatlarida amal qilinishi lozim bo‘lgan tartib qoidalarga ustuvorlik berish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shaxsga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarda o‘quvchilarni bahs-munozaraga undash yuzasidan olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
bahs-munozara vaziyatlarining tarkibi va mazmunini tanlashning ustuvor prinsiplarini aniqlash, o‘quvchilarni bahs-munozaraga undashga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarning o‘ziga xos pedagogik-psixologik xususiyatlari va yo‘nalishlarini belgilashga doir taklif va tavsiyalaridan bo‘lajak pedagog va psixologlar uchun “Uliwma psixologiya” nomli o‘quv qo‘llanmani yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 24 avgust 603-son buyrug‘i, guvohnoma № 603-046). Natijada talabalarning o‘quvchilarda shaxsga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarni shakllantirish va bunda o‘quvchilarda bahs-munozaraga kirishishiga doir pedagogik va psixologik ko‘nikmalarining rivojlanishiga erishilgan;
shaxsga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarda o‘quvchilarni bahs-munozaraga kirishuvchanlik darajasini aniqlashga va o‘quvchilarda kommunikativ, o‘zini o‘zi rivojlantirish, faol fuqarolik, milliy va umummadaniy tayanch kompetensiyalarni shakllantirishga doir taklif va tavsiyalardan FZ-2016-0909111822 raqamli “Darsliklar va o‘quv adabiyotlari mazmuniga Sharq pedagogik tafakkuri durdonalarini singdirish orqali o‘quvchilarda “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashchanlik ko‘nikmalarini shakllantirish mexanizmlari” mavzusidagi (2017-2020 yy.) fundamental loyihasini bajarishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 9 dekabr` 02-02/4-1493-son ma’lumotnomasi). Natijada shaxsga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarda o‘quvchilarnining bahs-munozaraga kirishish ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishga doir o‘quv faoliyati natijalarini aniqlashga erishilgan;
o‘quvchilarni bahs-munozaraga undashga yo‘naltirilgan didaktik vaziyatlarga ta’sir etuvchi sub’ektlar faoliyatining izchilligi hamda uzviyligini ta’minlashga doir taklif va tavsiyalardan F1-XT-0-92997 raqamli “Yoshlarni umuminsoniy, milliy va tarixiy qadriyatlar uyg‘unligi asosida ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning muammolari” (2014-2017 yy.) mavzusidagi amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 9 dekabr` 02-02/4-1493 son, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi 2020 yil 5 dekabr` 07-04/0-12/2072 son ma’lumotnomalari). Natijada didaktik vaziyatlarni yaratuvchi sub’ektlarning faoliyatini izchil va uzviy tashkil etish, bahs-munozaralar natijasida o‘quvchilarning milliy va umuminsoniy qadriyatlarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga erishilgan.