Tursunov Anvar Sultonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tijorat banklarida islomiy bank xizmatlarini rivojlantirish yo‘nalishlari”, 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2020.2.PhD/Iqt1367.
Ilmiy rahbar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Sattarov Odiljon Berdimuratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Qaraliev Sherbek Turaboevich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Aloqabank ATB.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tijorat banklarida islomiy bank xizmatlarini tashkil qilish va rivojlantirish orqali moliya-kredit tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tijorat banklarida islomiy bank xizmatlarini vadia va mudoraba shartnomasi asosida yo‘lga qo‘yish orqali aholi va biznes vakillari ixtiyoridagi bo‘sh turgan pul mablag‘larini depozitga jalb qilish tartibi taklif etilgan;
tijorat banklarida islomiy moliyalashtirishning mushoraka shartnomasi asosida moliyalashtirilgan loyihalarda foyda va zararni bo‘lishish yordamida biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali mijozlarni ko‘proq jalb qilish asoslangan;
islomiy bank xizmatlarini tashkil qilish moliya bozorida diversifikatsiya darajasini oshirishi va raqobatni kuchaytirishi ilmiy asoslangan;
tijorat banklari qoshida islomiy bank xizmatlari tuzilmasini tashkil qilish orqali xalqaro islomiy moliyaviy tashkilotlardan moliyaviy resurslarni faol jalb qilish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tijorat banklarida islomiy bank xizmatlarini rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tijorat banklarida islomiy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish orqali aholi va biznes vakillari ixtiyorida bo‘lgan bo‘sh turgan pul mablag‘larini depozitga jalb qilish va undan foydalanish tartibini joriy etish taklifi “Trastbank” XAB va AT “Aloqabank” tomonidan amaliyotga joriy etilgan (“Trastbank” XABning 2020 yil 1 dekabrdagi 01-33/2894–son va AT “Aloqabank”ning 2020 yil 15 dekabrdagi 25-09/4284–son ma’lumotnomalari). Ushbu taklifning samarasi o‘laroq islomiy bank xizmati, ya’ni mudoraba shartnomasi asosida jalb qilingan depozit (omonat) mablag‘lari bo‘yicha joriy va jamg‘arma hisobvaraqlar (hisob raqamlar) ochish bankning hisob siyosatida aks ettirilishi belgilangan;
tijorat banklarida islomiy moliyalashtirishni joriy etish orqali moliyalashtirilgan loyihalarda foyda va zararni bo‘lishish yordamida biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali mijozlarni kengroq jalb qilish taklifi “Trastbank” XAB va AT “Aloqabank” tomonidan amaliyotga joriy etilgan (“Trastbank” XABning 2020 yil 1 dekabrdagi 01-33/2894–son va AT “Aloqabank”ning 2020 yil 15 dekabrdagi 25-09/4284–son ma’lumotnomalari). Ushbu taklifning joriy etilishi natijasida islomiy moliyalashtirishning sherikchilikka asoslangan shartnomalari orqali biznes sub’ektlariga mablag‘lar ajratish bankning rivojlanish strategiyasiga kiritilishi belgilangan;
islomiy bank xizmatlarini tashkil qilish orqali moliya bozorining diversifikatsiya darajasini oshirish va raqobatni kuchaytirish taklifi “Trastbank” XAB va AT “Aloqabank” tomonidan amaliyotga joriy etilgan (“Trastbank” XABning 2020 yil 1 dekabrdagi 01-33/2894–son va AT “Aloqabank”ning 2020 yil 15 dekabrdagi 25-09/4284–son ma’lumotnomalari). Mazkur taklif asosida mudoraba, murobaha, mushoraka va ijara shaklidagi islomiy bank xizmatlarining joriy qilinishi bank xizmatlari turlarining kengayishi va raqobatbardoshligining oshishiga imkon yaratgan;
tijorat banklari qoshida islomiy bank xizmatlari tuzilmasini tashkil qilish orqali xalqaro islomiy moliya tashkilotlarining moliyaviy resurslarini faol jalb qilish taklifi “Trastbank” XAB va AT “Aloqabank” tomonidan amaliyotga joriy etilgan (“Trastbank” XABning 2020 yil 1 dekabrdagi 01-33/2894–son va AT “Aloqabank”ning 2020 yil 15 dekabrdagi 25-09/4284–son ma’lumotnomalari). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etish natijasida 2019 yilda murobaha shartnomasi asosida “Trastbank” XAB tomonidan Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi (XSRIK)dan 7 mln. AQSh dollari jalb qilinib, 4 ta korxona moliyalashtirilgan; Xalqaro islom savdo moliya korporatsiyasi (XISMK)dan 4 mln. AQSh dollari miqdorida mablag‘lar jalb qilinib, 4 ta korxona hamda 2020 yilda 8 mln. AQSh dollari miqdorida mablag‘lar jalb qilinib, 6 ta korxona moliyalashtirilgan; 2019 yilda murobaha shartnomasi asosida AT “Aloqabank tomonidan Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi (XSRIK) dan 10 mln. AQSh dollari jalb qilinib, 6 ta korxona moliyalashtirilgan.