Gaipova Nodira Nigmatillaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘simlik xomashyosi asosida yallig‘lanishga qarshi ta’sirli stomatologik gel texnologiyasi», 15.00.01 – Dori texnologiyasi (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Far36.
Ilmiy rahbar: Karieva Yokut Saidkarimovna, farmatsevtika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.04/30.12.2019.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: To‘xtaev Xakim Raxmanovich, farmatsevtika fanlari doktori, professor; Mamatxanova Muniraxon Axmatxon qizi, texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega «Fitoinflam» quruq ekstraktini olish va uning asosida stomatologik gel dori shakli texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor oddiy eman, dorivor moychechak va it tikanak xom ashyolaridan quruq ekstraktni olish texnologiyasi ishlab chiqilgan, ekstraksiya jarayonining maqbul sharoitlari aniqlangan;
«Fitoinflam» quruq ekstraktining yuqori gigroskopiklik darajasi, boy element va aminokislotali tarkibi aniqlangan;
«Fitoinflam» quruq ekstrakti asosida gel dori shaklining tarkibi tanlangan va uni olishning maqbul texnologiyasi ishlab chiqilgan;
«Fitoinflam» quruq ekstrakti va uning asosidagi gel dori shaklining sifat me’yorlari ishlab chiqilgan;
«Fitoinflam» quruq ekstrakti asosidagi gelning struktura-mexanik xossalarini aniqlash natijasida u deformatsiya kuchlari qo‘llanilganidan so‘ng qayta tiklanish xususiyatiga ega tiksotrop tizim ekanligi hamda xarorat oshishi ushbu ko‘rsatkichlar kamayishiga olib kelishi isbotlangan;
«Fitoinflam» quruq ekstrakti va gel dori shakli ko‘rinishidagi preparatning yallig‘laniga qarshi faolligi va bezararligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘simlik xomashyosi asosida yallig‘lanishga qarshi ta’sirli stomatologik gel texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Fitoinflam» quruq ekstrakti uchun «MAKRO FARM ANDIJAN» MChJ bilan hamkorlikda korxona farmakopeya maqolasining loyihasi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUKga ro‘yxatdan o‘tkazish taqdim etilgan («Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUKning 2020 yil 9 oktyabrdagi 29/01-385-son va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 15 oktyabrdagi 8n-3/280-son xatlari). Natijada, korxona farmakopeya maqolasining tasdiqlanishi mahalliy xomashyolar asosida yallig‘lanishga qarshi stomatologik dori vositasini ishlab chiqish imkonini beradi;
«Fitoinflam» quruq ekstrakti uchun tajriba sanoat reglamenti «MAKRO FARM ANDIJAN» MChJ bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (OPR-42 Uz-03873/04610617-1097-2020). Mazkur hujjatining tasdiqlanishi natijasida yallig‘lanishga qarshi dori vositasi uchun me’yoriy xujjatlarni o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilishi va ro‘yxatga olinishi ta’minlangan;
o‘tkazilgan klinik oldi sinovlar natijasida «Fitoinflam» quruq ekstrakti va uning asosidagi gel uchun spesifik farmakologik faolligi isbotlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 15 oktyabrdagi 8n-3/280-son xati). Natijada, yallig‘lanishga qarshi ishonchli faollikga ega va bezarar dori vositalarni ishlab chiqarish imkonini bergan.