Mirsoatov Alisher Kudratullaevichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida bank xizmatlarini innovatsion rivojlantirish», 08.00.07 – «Moliya, pul muomalasi va kredit» (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Iqt362.
Ilmiy rahbar: Abdurahmonov Qalandar Xodjaevich, akademik, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.20/13.05.2020.I.23.01.
Rasmiy opponentlar: Xaydarov Nizamiddin Xamraevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Omonov Akrom Abdunazarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida bank xizmatlarini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mobil va internet banking xizmatlari ko‘rsatishni sug‘urta, chegirma berish kabi qo‘shma xizmatlari orqali muvofiqlashtirish mexanizmi asoslangan;
informatsion texnologiyalar sohasidagi startaplarni amalga oshirishda banklar tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning “elektron maydon” tamoyiliga asoslangan ta’sirchan mexanizmi taklif etilgan;
banklarda ma’lumotlar bazasini to‘liq raqamlashtirishda tijorat banklari faoliyatini bosqichma-bosqich tranformatsiyalashning tizimli risklarini belgilashning ustuvor yo‘nalishlari asoslangan;
investision «loyihalar fabrikasi»ni shakllantirishda ma’lumotlar («Big Data») intellektual tahlilining jamlangan mexanizmi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida bank xizmatlarini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda texnologik uslublardagi evolyusion o‘zgarishlar asosida tijorat banklari faoliyatini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi PF-5992-son «O‘zbekiston Respublikasi bank tizimini 2020-2025 yillarda isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020 yil 24 avgustdagi 37-09/209-son ma’lumotnomasi). Bank faoliyatiga KPI tizimini joriy etish natijasida kadrlar soni hamda  ish haqi fondi 20 % ga qisqarishi, mehnat unumdorligi esa 15 % ga oshishi kutilmoqda;
bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish doirasida tijorat banklari faoliyatini bosqichma-bosqich raqamli transformatsiyalash mexanizmi bo‘yicha taklifidan ATB «Agrobank»da kredit operatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (ATB «Agrobank»ning 2020 yil 14 avgustdagi 02-07/547-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur muassasada kredit ajratish vaqtini 5 kundan 1-2 kungacha qisqartirishga, kredit portfelining esa 10 % ga o‘sishiga erishilgan;
bank xizmatlarini ko‘rsatishda raqamli texnologiyalardan foydalanishni yanada rivojlantirish, tijorat banklarining operatsion va biznes jarayonlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish taklifi ATB «O’zbekiston sanoat-qurilish banki»ning bank amaliyotida qo‘llanilgan (ATB «O’zbekiston sanoat-qurilish banki»ning 2020 yil 14 avgustdagi 01-07/3445-son ma’lumotnomasi). Natijada, ATB «O’zbekiston sanoat-qurilish banki»da “Joyda” ilovasi orqali bank depozit portfelining 10 % ga o‘sishiga erishilgan;
investision «loyihalar fabrikasi»ni shakllantirishda ma’lumotlar («Big Data») intellektual tahlilining jamlangan mexanizmi  bo‘yicha ishlab chiqilgan taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi PF-5992-son «2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020 yil 24 avgustdagi 37-09/209-son ma’lumotnomasi). Natijada, bank kredit portfelining 6,02 % dan 9,5 % gacha o‘sishiga hamda 3054 mlrd. so‘m miqdorida qo‘shimcha daromad olinishiga erishilgan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish