Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida muhim voqea bo‘ldi.
Oliy attestatsiya komissiyasida Murojaatnomaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasida qo‘yilgan yangi vazifalar” mavzusida taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da ilg‘or xorijiy amaliyot asosida dotsent va professor ilmiy unvonlari hamda falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajalarini tasdiqlash vakolatini o‘z yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli oliygohlarga berish bo‘yicha metodik va ilmiy-tashkiliy ishlarni amalga oshirishga doir vazifalar muhokama qilindi.
Murojaatnomada belgilab berilgan davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish, boshqaruv idoralarining masalalarni hal qilishdagi mas’uliyat, javobgarligini kuchaytirish yuzasidan belgilangan vazifalar xususida so‘z bordi.
Shu bilan birga, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish, islohotlar samarasini har bir inson o‘z hayotida his etishi uchun qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan fikrlashildi.
Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash kabi dolzarb vazifalar haqida o‘zaro fikr almashildi.
Manba: http://uza.uz