Anashov Valixan Djumaxonovichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yuqori malakali bokschilarning musobaqa oldi tayyorgarligi samaradorligini oshirish uslubiyatini takomillashtirish”, 13.00.04 – Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2. PhD/Ped.438.
Ilmiy rahbar: Xalmuxamedov Rustam Dekanovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, DSc.03/30.12.2019.Ped 28.01.
Rasmiy opponentlar: Abdiev Abdulla Nosirovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Komilov Jamoliddin Karimjonovich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yuqori malakali bokschilarning musobaqa oldi tayyorgarligi samaradorligini oshirish uslubiyotini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yuqori malakali bokschilar faoliyatining individual uslubini belgilovchi omillar (texnik va taktik tayyorgarliklari, sportchilarning tipik psixofiziologik holatlari ko‘rinishidagi yuklamalarda mashg‘ulot yuklamalari va reaksiyalari) xususiyatlari “Sportchilarda terining elektr qarshiligini o‘lchash” hamda “Sportchilarning ko‘rish reaksiya tezligi va qo‘llar harakati sur’atini o‘lchash” uskunalari yordamida ilmiy asoslab berilgan;
yuqori malakali bokschilarda faoliyatning turli individual uslublari (pozision hujum, manyovrli hujum, manyovrli himoya, pozision himoya) harakatlarining (hujum, himoya va qarshi hujum) tarkibi, hajmi va natijaviyligi musobaqa janglarini notatsion yozuvi orqali aniqlangan;
yuqori malakali bokschilar mashg‘ulotlarining individual rejalari va kundaliklarini tahlil qilish yo‘li orqali asosiy musobaqaga tayyorgarlik bosqichdagi mashg‘ulot yuklamalari tuzilmasi hamda mazmuni, nazariy va amaliy jangovar tayyorgarlik (sherik bilan erkin janglar) hamda maxsus vositalar, “psixik jihatdan diqqatni ko‘chirish” va tiklanish, shuningdek, umumiy tayyorgarlik vositalari hajmlari asoslab berilgan;
yuqori malakali bokschilarning musobaqa oldi tayyorgarligi metodikasini takomillashtirishga bo‘lgan metodologik va psixologik-pedogogik yondashuvlar asosida dastur ishlab chiqish orqali musobaqa oldi tayyorgarligi samaradorligi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turli individual uslubda faoliyat olib boruvchi yuqori malakali bokschilarning musobaqa oldi tayyorgarligini takomillashtirish uslubiyati yuzasidan o‘tkazilgan tajribalar asosida:
yuqori malakali bokschilar faoliyatining individual uslubini belgilovchi omillar – tayyorgarlik xarakteri, sportchilarning psixofiziologik holatlari, sensomotor reaksiyalarini ob’ektiv aniqlash uchun “Sportchilarda terining elektr qarshiligini o‘lchash” hamda “Sportchilarning ko‘rish reaksiya tezligi va qo‘llar harakati sur’atini o‘lchash” priborlari yaratildi. Ushbu priborlarda xissiy qo‘zg‘alish va sensomotor reaksiya ko‘rsatkichlari aniqlanib, bokschilarning tayyorgarlik samaradorligi darajalarini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar “Sport pedagogik mahoratini oshirish (boks)” nomli darslik ishlab chiqarilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi 434-son buyrug‘i, 434-293 raqamli guvohnoma). Natijada, bokschilarning musobaqa oldi tayyorgarlik samaradorligi, psixofiziologik holati va reaksiya ko‘rsatkichlari 16%ga yaxshilangan;
yuqori malakali bokschilar jang olib borishining individual texnik va taktik ko‘rsatkichlari tahlili asosida to‘rtta guruhga ajratilgan va tizimli ko‘rsatkichlar, takliflar va tavsiyalar “Sport pedagogik mahoratini oshirish (boks)” nomli darslik mazmuniga kiritilgan (Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi 434-son buyrug‘i, 434-293 raqamli guvohnoma). Natijada, yuqori malakali bokschilarning musobaqa oldi tayyorgarlik davrida taktik ko‘rsatkichlari 14,6%ga o‘sishiga imkon bergan;
musobaqaga tayyorgarlik bosqichlarida mashg‘ulot yuklamalari va asosiy mashqlar tuzilishi o‘rganilib, uning optimal nisbatlari bo‘yicha sportchilarga tavsiyalar berilgan (O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2020 yil 10 martdagi 03-07-08-1078-son ma’lumotnomasi). Natijada, malaka oshirish kurslarida ta’lim olayotgan trenerlar bilim darajasi 9,5% oshgan;
yuqori malakali bokschilarni musobaqa oldi tayyorgarligi samaradorligini takomillashtirish uchun, nerv sistemasi xususiyatlarini, individual faoliyat uslubi va mashg‘ulot yuklamalarini hisobga olgan holda, dastur ishlab chiqilgan. Ushbu dastur O‘zbekiston milliy boks terma jamoa a’zolari o‘quv-mashulotlarida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2020 yil 10 martdagi 03-07-08-1078-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2019 yili (Ekaterinburg shahri, Rossiya) bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medallari qo‘lga kiritilgan.