Yusupova Shaxzoda Toxirjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Diniy matnlarning lingvopragmatik tadqiqi», 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1250.
Ilmiy rahbar: Xakimov Muhammad Xo‘jaxonovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Uluqov Nosirjon Muhammadalievich, filologiya fanlari doktori, professor; Alieva Mehrinoz Aybekovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat chet tillari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: diniy matnlarning lingvopragmatik xususiyatlarini tadqiq etish va diniy matnlarni tavsiflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
diniy matnlarning uslubiy, funksional va lingvopragmatik xususiyatlari orqali o‘zbek tilidagi diniy matnlarning boshqa matn turlaridan farqli xususiyatlari ochib berilgan;
diniy matnlarga oid leksik birliklar tasniflangan, diniy terminlar terminlashish, determinlashish va reterminlashish hodisalari asosida yoritilgan;
arab tiliga oid diniy leksik birliklarning boshqa tillarga ta’siri va diniy baynalmilal terminlarning turli tillarda talqin qilinishi lisoniy vositalarning funsiyalari yuzasidan tahlil qilinib, diniy matnlarda tilning reprezentativ funksiyasi yetakchilik qilishi aniqlangan;
diniy nutqning fonopragmatik xususiyatlari nutqiy aktlar nazariyasi yordamida asoslangan, diniy nutq prosodiyasining perlokutiv akt yuzaga chiqishidagi o‘rni eksperiment yordamida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Diniy matnlarning lingvopragmatik tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
terminologik leksikaning lingvistik tabiati bilan bog‘liq natijalaridan, terminlarga xos terminlashish, reterminlashish va determinlashish hodisalarining xususiyatlariga oid ilmiy xulosalaridan BYoA1-012 “Oliy ta’lim muassasalarida talabalarning chet tili bo‘yicha ekologik madaniyatini faollashtirishning uslubiy asoslari” yosh olimlar amaliy loyiha grantida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 28 oktyabrdagi 89-03-4262 – son ma’lumotnomasi). Natijada grant loyihasi doirasida yaratilgan elektron lug‘at (№ DGU 04834) maqolalarining ilmiyligi va ommabopligi ortgan.
matnning uslubiy-funksional xususiyatlariga doir qarashlardan va ishning nazariy xulosalaridan 2016-2019 yillarda Qo‘qon davlat pedagogika institutida bajarilgan Evropa ittifoqining Erasmus+ tomonidan moliyalashtirilgan 574097-EPP- 2016-1-CY-EPPKA2-CBHE-JP raqamli “RUECVET – Rossiya va O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimida ECVET tizimini sinovdan o‘tkazish” (RUECVET: Piloting ECVET system to the national VET system of Russia and Uzbekistan) amaliy loyiha granti doirasida kasb-hunar kollejlari hamda akademik lisey o‘qituvchilari uchun tashkillangan malaka oshirish kurslarini o‘tkazishda, dasturlar tuzishda hamda qo‘llanmalar tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 28 oktyabrdagi 89-03-4262 – son ma’lumotnomasi). Natijada malaka oshirish kurslari dasturlari takomillashtirilgan, qo‘llanmalar ilmiy jihatdan boyitilgan.
dissertatsiyaning dinning jamiyat hayotida tutgan o‘rni, insonlarning ma’naviy-ruhiy kamolotida diniy matnlarning ahamiyatiga doir xulosalaridan Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining “Qadriyat”, “Ma’naviy komillik” ko‘rsatuvlari hamda “Ma’naviyat – qalb ko‘zgusi” nomli radioeshittirishlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasining 2020 yil 20 oktyabrdagi 366-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar ilmiy va amaliy jihatdan boyigan, ijtimoiy xususiyatlari ortgan.