Akbaeva Zebiniso Djaloliddinovnaning
falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turkiston o‘lka musulmonlar byurosi faoliyati (1919-1920 yillar)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2017.1. PhD /Tar.5. 
Ilmiy rahbar: Murtazaeva Rahbar Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor; Sayfullo Tursunov, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Turkiston o‘lka Musulmonlar byurosining 1919 – 1920 yillardagi faoliyatini keng va atroflicha ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
milliy rahbar xodimlar tashabbusi bilan Toshkentda tashkil topgan va butun Turkiston ASSRda faoliyat yuritgan o‘lka Musulmonlar byurosi mahalliy xalqlarni sovet hokimiyati idoralariga jalb etish, ularni sovet qurilishiga tortish, tub aholi vakillari o‘rtasida tegishli mutaxassislarni tayyorlash, Turkistondagi ocharchilik va iqtisodiy vayronagarchilikka qarshi kurash olib borganlari isbotlangan;
Turkiston ASSRda sovet hokimiyati tomonidan 1920 yilda joriy qilingan hamda Markazdan yuborilgan Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya) rahbarligida amalga oshirilgan umumiy mehnat majburiyatining asl mohiyatini ko‘rsatish, tub aholi vakillarining majburiy mehnatga jalb etilishi, bu jarayonda 16 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan barcha erkak aholidan tashqari bolalar, ayollar, keksalar ham qatnashishga zo‘ravonlik bilan majbur qilinganligi dalillangan;
Turkiston o‘lka Musulmonlar byurosining tashkil topishi, uning o‘zbek xalqi milliy davlatchilik tarixida tutgan o‘rni, taniqli davlat arbobi Turor Risqulovning Musulmonlar byurosidagi rahbarlik faoliyati, Musulmonlar byurosining o‘lkadagi ijtimoiy va siyosiy jarayonlarga ta’siri, Turkistondagi istiqlolchilik harakatiga munosabati, ocharchilik va uning oqibatlari hamda oziq-ovqat muammosini hal etishda Musulmonlar byurosining tutgan o‘rni asoslangan;
sobiq sovet hokimiyati tomonidan yuritilgan mustamlakachilik siyosati, xususan, Markaz vakillari tomonidan yuborilgan turli favqulodda komissiya va byurolarning mintaqada yuritgan ulug‘ davlatchilik va shovinistik siyosati va uning natijasida Musulmonlar byurosi faoliyati majburiy ravishda tugatilganligi isbotlangan..
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Turkiston o‘lka Musulmonlar byurosi faoliyati (1919 –1920 yy.) mavzusiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
milliy rahbar xodimlarning o‘lka Musulmonlar byurosini tashkil qilish, mahalliy xalqlarning sovet hokimiyati idoralariga jalb etilishi, sovet qurilishiga tortilishi kabi faoliyatlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar, manbalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, xususan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi doimiy ekspozisiyasining “O‘zbekistonda milliy ozodlik harakatlari: XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlari” bo‘limi ekspozisiyasini to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2020 yil 11 fevraldagi 3/1255-425–son ma’lumotnomasi). Ilmiy materiallar Turkiston o‘lka musulmonlar byurosining faoliyatiga doir hisobotlar, ma’lumotlar, jumladan, sho‘’balariga oid yangi ma’lumotlar bilan boyitilishiga xizmat qilgan;
Turkiston o‘lka Musulmonlar byurosining tashkil topishi, uning o‘zbek xalqi milliy davlatchilik tarixida tutgan o‘rni, taniqli davlat arbobi Turor Risqulovning Musulmonlar byurosidagi rahbarlik faoliyati, Musulmonlar byurosining o‘lkadagi ijtimoiy va siyosiy jarayonlarga ta’siriga oid ilmiy xulosalardan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining 2018-2019 yillarda o‘tkazilgan targ‘ibot va tashviqot faoliyatida qo‘llanilgan (Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat Kengashi Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat Markazining 2020 yil 12 fevraldagi 0207-200-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya an’analarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni ilmiy asosda tashkil qilishga xizmat qilgan;
sobiq sovet hokimiyati tomonidan yuritilgan mustamlakachilik siyosati, Markaz vakillari tomonidan yuborilgan turli favqulodda komissiya va byurolarning mintaqada yuritgan ulug‘ davlatchilik va shovinistik siyosati va uning natijasida Musulmonlar byurosi faoliyati majburiy ravishda tugatilishiga oid ilmiy natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” telekanali tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalidagi “Millat fidoyilari” va “Evrika+”  ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat unitar korxonasining 2020 yil   13 fevraldagi 03-40-353 – son ma’lumotnomasi). Bunda, taqdim etilgan ma’lumotlar yoshlarni ulug‘ allomalarimiz yaratgan bebaho merosni o‘rganish, uni hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish