Normatov Ibrohimali Xolmamatovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Funksional jadvallar algebrasi asosida murakkab tizimlarni boshqarishning algoritmik modellari», 05.01.02-Tizimli tahlil, boshqaruv va axborotni qayta ishlash (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/FM124.
Ilmiy maslahatchi: Kabulov Anvar Vasilovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.FM.01.02.
Rasmiy opponentlar: Igamberdiev Xusan Zakirovich, texnika fanlari doktori, akademik; Shakenov Kanat Kojaxmetovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor (Qozog‘iston);Uteuliev Nietbay Uteulievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Turin politexnikauniversiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi funksional jadvallar algebrasi va matematik modellashtirish usullaridan foydalanib murakkab tizimlar uchun algoritmik boshqarish modellarini yaratish va ularni avtomatlashtirilgan tizimlarga tadbiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
funksional jadvallar va chekli avtomatlar asosida murakkab tizimlarni boshqaruvchi algoritmik modellarni yaratish metodologiyasi ishlab chiqilgan;
funksional jadvallar asosida murakkab tizimlarni boshqarish muammolarini hal qiluvchi ish o‘rinlari komplekslarini sintezlashning algoritmik modeli va usullari ishlab chiqilgan;
chekli avtomatlar va bul funksiyalari ko‘rinishida berilgan agregatli boshqaruv monitorlari yaratilgan;
murakkab tizimlarda qaror qabul qilish va loyihalash jarayonini amalga oshirish uchun diskret ekstremal masalalarning algoritmik echimi topilgan;
bir xil xotirali o‘zaro teng bo‘lgan algoritmlarning barcha sinflari uchun majorant boshqaruv algoritmlari mavjudligi haqidagi teoremalar isbotlangan;
Shennon masalasiga asoslangan uch qiymatli monoton funksiyalar sinflari uchun kodlarni ochish va maksimal yuqori nollarni topish masalasi echilgan;
diskret ekstremal masalalarni algoritmik echimida k-qiymatli mantiqning qisman aniqlangan funksiyalarini invariant davomi haqidagi teorema isbotlangan;
o‘zaro bog‘liq dinamik tuzilishga ega bo‘lgan ob’ektlarni boshqarish uchun algoritmik agregativ tizim yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Funksional jadvallar algebrasi va matematik modellashtirish usullaridan foydalanib murakkab tizimlar uchun algoritmik boshqarish modellarini yaratish va ularni avtomatlashtirilgan tizimlarga tadbiq etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
diskret va ekstremal masalalarning aniq optimal echimini topish uchun ishlab chiqilgan kompleks algoritmlaridan “Taxiatosh don mahsulotlari” aksionerlik jamiyatining ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishda foydalanilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 26 noyabrdagi 33-8/8342–son ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqarish samaradorligini 20% ga oshirish imkonini bergan;
nazorat tizimlarini, murakkab ob’ektlarni hamda texnologik jarayonlarni optimallashtirish uchun ishlab chiqilgan funksional jadval va avtomatik boshqarish algoritmidan “Taxiatosh tuman Suv xo‘jaligi”da suv va energiya manbalarining iste’molini optimallashtirishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 16 sentyabrdagi 01/10-3-387–son ma’lumotnomasi). Natijada,suv va energiya sarfini 15% ga kamaytirish imkonini bergan;
imitatsion model va boshqarish tizimlarini ishlab chiqish uchun yaratilgan avtomatlashtirilgan tizimidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bo‘limlarining faoliyatini boshqarishni optimallashtirish va modernizatsiyalashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 01/1499-son ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqarish samaradorligini 15% ga oshirish imkon bergan;
murakkab tizimlarda boshqarish algoritmini optimallashtirish uchun yaratilgan funksional jadvallar algebrasining nazariy asoslari va universal usullaridan Nukus tuman “Fermer va dexqon xo‘jaligi hamda uy-joy mulkdorlar kengashi”da xom ashyo va energiya manbalari sarfini kamaytirishda, shuningdek texnika xafsizligini yaxshilashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 28 noyabrdagi 01/03-3516-son ma’lumotnomasi). Natijada,qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 15% ga oshirish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish