Amonturdieva Shoira Ravshanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek diniy matnining funksional-stilistik tadqiqi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Fil933.
Ilmiy rahbar: Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Xo‘jamurod, filologiya fanlari doktori; Uluqov Nosirjon Muhammadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbekcha diniy matnlarning til xususiyatlarini tahlil qilish va shu orqali uning o‘ziga xos jihatlari, tanlanish imkoniyatlari, uslubiy va o‘zbek tili funksional uslublari tizimida tutgan o‘rnini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
diniy matnlar vazifaviy-uslubiy jihatdan tahlil qilish orqali uning o‘zbek tili funksional-stilistik tizimidagi o‘rni ochib berilgan;
diniy matnlarning leksik-semantik, semantik-uslubiy, grammatik xususiyatlari aniqlanib, o‘zbek tili funksional uslublariga xoslanishi asoslangan;
diniy matnlarda til birliklari namoyon bo‘lishining lingvistik va ekstralingvistik xususiyatlari faktik materiallar bilan dalillangan;
diniy matnlarning fonetik xususiyatlari eksperimental tadqiq qilinib, uning adabiy til me’yorlariga amal qilinish darajasi aniqlangan va yozma diniy matnlarning imloviy xususiyatlariga doir tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek diniy matnining funksional-stilistik tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek diniy matnining funksional-stilistik tadqiqi yuzasidan olingan xulosalar OT-Atex-2018-519-raqamli «Kompter imitatsion modellar asosidagi virtual resurslarni veb ilovasini dasturiy ta’minotini yaratish» loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 26 oktyabrdagi 89-03-4197 con ma’lumotnomasi); Natijada talabalarning diniy matnlar uslubi bo‘yicha ma’lumot olishiga xizmat qilgan;
tadqiqot natijalaridan Surxondaryo viloyatidagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan chop etilgan «Hakim Termiziy» (U.Uvatov, J.Cho‘tmatov), «Imom Termiziy» (U.Uvatov, O.Jo‘raev), «Abu Bakr Varroq Termiziy» (J.Cho‘tmatov) risolalarida foydalanilgan (O‘zbekiston Musulmonlari idorasining 2020 yil 8 iyuldagi №1479-sonli ma’lumotnomasi). Natijada risolalar diniy matnlar uslubi bo‘yicha ma’lumot bilan boyitilgan.
dissertatsiya materiallaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Surxondaryo viloyati telekanalining «Til millat ko‘zgusi», «Munosabat», «Hidoyat sari» ko‘rsatuvlari ssenariysini tayyorlashda (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2020 yil 17 martdagi 01-01-80-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar diniy matnlarining o‘zbek tilidagi nutqiy uslublardagi vazifasi bilan boyitilgan.