Shermuxamedov Bexzodjon Usmonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tijorat banklarida depozit siyosatini takomillashtirish yo‘llari”, 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Iqt1080.
Ilmiy rahbar: Karaliev To‘raboy Mamatkulovich, iqticodiyot fanlari nomzodi, profeccor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01
Rasmiy opponentlar: Juraev Abdugappor Safarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Berdiyarov Baxriddin Tavasharovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tijorat banklarida depozit siyosatini takomillashtirish yuzasidan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tijorat banklari faoliyatini rivojlantirish strategiyasi va siyosati o‘rtasidagi uzviy va izchil bog‘liqlikni ta’minlash orqali depozit siyosatini optimallashtirish asoslab berilgan;
bank depozit siyosatida kombinatsiyalangan (uyg‘unlashtirilgan) depozit xizmatlarini shakllantirish orqali milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligini oshirish va iqtisodiyotning dollarlashuv darajasini pasaytirish taklif etilgan;
bank resurs bazasi barqarorligini ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan depozit xizmatlari tarkibiga “lahzali” depozitlarni joriy etish taklif etilgan;
tijorat banklari resurs bazasini diversifikatsiyalash maqsadida muomalaga chiqarilayotgan noemissiyaviy qimmatli qog‘ozlar hajmini oshirish zarurati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tijorat banklari depozit siyosatini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tijorat banklari faoliyatini rivojlantirish strategiyasi va siyosati o‘rtasidagi uzviy aloqadorlikni ta’minlash asosida depozit siyosatini optimallashtirish taklifi ATB “Mikrokreditbank” va ATB “Savdogarbank” 2020 yilga mo‘ljallangan depozit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida o‘z aksini topgan va bank amaliyotiga joriy etilgan (“Mikrokreditbank” ATBning 2020 yil 17 yanvardagi 01-13/416-son ma’lumotnomasi; “Savdogarbank” ATBning 2020 yil 20 yanvardagi 10/238-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi tijorat banklarining depozit siyosatini boshqa siyosatlar bilan uzviy aloqadorligini ta’minlash, depozit operatsiyalarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, depozit bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, depozit siyosatini amalga oshirish va joriy holatini tahlil etish hamda nazorat qilish tizimini takomillashtirish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilgan. Taklifning bank amaliyotiga joriy etilishi yuqorida keltirilgan faoliyat yo‘nalishlaridagi mehnat sarfini 5 foizga pasaytirgan holda bank operatsion xarajatlarining 1,2 foizga kamayishiga olib kelgan;
bank depozit siyosatida kombinatsiyalangan (uyg‘unlashtirilgan) depozit xizmatlarini shakllantirish orqali milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligini oshirish va iqtisodiyotning dollarlashuv darajasini pasaytirish taklifi ATB “Mikrokreditbank” depozit xizmatlari assortimentini kengaytirishga xizmat qilgan (“Mikrokreditbank” ATBning 2020 yil 17 yanvardagi 01-13/416-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida 2019 yilning 9 oyi davomida bank tomonidan jalb etilgan depozitlar hajmi 1 474 096 mln. so‘mni tashkil etib, 2019 yilning 1 yanvar` holatiga nisbatan 19 foizga oshgan;
bank resurs bazasi barqarorligini ta’minlash maqsadida tijorat banklari tomonidan depozit xizmatlari tarkibiga lahzali depozitlarni joriy etish taklifi ATB “Mikrokreditbank” depozit siyosatining qisqa muddatli depozitlardan foydalanish samaradorligini oshirishda qo‘llanilgan (“Mikrokreditbank” ATBning 2020 yil 17 yanvardagi 01-13/416-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida 2019 yil yanvar`-sentyabr` oylarida aholining bankdagi muddatli depozitlari hajmi 28 591 mln. so‘mga yoki 26,9 foizga oshgan;
tijorat banklari resurs bazasini diversifikatsiyalash maqsadida noemissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish ko‘lamini kengaytirish taklifi ATB “Mikrokreditbank” tomonidan depozit siyosatini ishlab chiqishda inobatga olingan va amaliyotga joriy etilgan (“Mikrokreditbank” ATBning 2020 yil 17 yanvardagi 01-13/416-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi bankning resurs bazasini diversifikatsiyalashga xizmat qilgan va 2019 yilning 9 oyida muomalaga chiqarilgan bank qimmatli qog‘ozlari hajmi 2018 yildagi 110 221 mln. so‘mdan 118 900 mln. so‘mgacha ko‘paygan.