Usmonov Doniyor Maxmudovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shartli hukm qilish institutining nazariy, huquqiy va amaliy jihatlarini takomillashtirish», 12.00.08 – Jinoyat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Yu161.
Ilmiy rahbar: Taxirov Farxod, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Rasulev Abdulaziz Karimovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Abduqodirov Sherzod Yoqubjonovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: shartli hukm qilish institutining nazariy, huquqiy va amaliy jihatlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qonun hujjatlarida shartli hukm qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan samarali nazorat tizimini joriy etish bo‘yicha ichki ishlar organlarining vakolatlarini belgilash zarurati asoslangan;
shartli hukm qilingan shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar, jumladan, elektron bilaguzukni tatbiq etish ehtiyoji mavjudligi asoslangan;
shartli hukm ijrosining samaradorligi davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligida voyaga etmaganlarni o‘qitish, ijtimoiy-huquqiy himoyalash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga bevosita bog‘liqligi asoslantirilgan;
shartli hukmni qo‘llash samaradorligini oshirish uchun shartli hukmda belgilanadigan majburiyat va cheklovlar doirasini kengaytirish zarurligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi
Shartli hukm qilish institutiga oid jinoyat-huquqiy normalarni, ularni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ichki ishlar organlarining shartli hukm qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilish faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 16 sentyabrdagi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonunining 17-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2019 yil 14 oktyabrdagi 06/2-06-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan yoxud shartli hukm qilingan shaxslarni nazorat qilish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish imkonini bergan;
probatsiya xizmatining jazo va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralari ijrosining samaradorligini oshirish faoliyatiga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2018 yil 7 dekabrdagi «Probatsiya xizmati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 316-sonli buyrug‘ining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan nizomning 7-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2019 yil 9 iyuldagi 28/14-519-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi jazo va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralari ijrosining samaradorligini oshirish maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikda voyaga etmaganlarni o‘qitish, ijtimoiy-huquqiy himoyalash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga xizmat qilgan;
tuman (shahar) IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limlarining shartli hukm qilingan shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 12 iyuldagi «Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 151-sonli buyrug‘ining 18-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining 2020 yil 21 yanvardagi 26/174-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limlarining shartli hukm qilingan shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etish yuzasidan choralar ko‘rilishiga xizmat qilgan.