Ataullaev Aminjon Odilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Texnologik jarayonlar boshqaruv tizimlari uchun suyuqlik sarfini o‘lchovchi halqasimon kanalli elektromagnit o‘zgartirgichlar», 05.01.06–Hisoblash texnikasi va boshqaruv tizimlarining elementlari va qurilmalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/T998.
Ilmiy rahbar: Amirov Sulton Fayzullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.27.06.2017.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Siddiqov Ilxomjon Xakimovich, texnika fanlari doktori, professor; Nazarov Xayriddin Nuritdinovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: texnologik jarayonlar boshqaruv tizimlari uchun mo‘ljallangan sezgirligi va asimmetrik suyuqlik oqimi sarfini o‘lchash aniqligi yuqori hamda chiziqli statik tavsifga ega bo‘lgan suyuqlik sarfini o‘lchovchi elektromagnit o‘zgartirgichlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sezgirligi va aniqligi yuqori hamda chiziqli statik tavsifga ega bo‘lgan suyuqlik sarfini o‘lchovchi halqasimon kanalli elektromagnit o‘zgartirgich ishlab chiqilgan;
elektromagnit o‘lchash o‘zgartirgichlarining ko‘p konturli va tarqoq parametrli elektromagnit zanjirlarini hisoblash usuli ishlab chiqilgan;
elektr va magnit zanjirlar parametrlari taqsimlanishini hisobga olgan holda yangi suyuqlik sarfini o‘lchovchi halqasimon kanalli elektromagnit o‘zgartirgichning matematik modeli ishlab chiqilgan;
suyuqlik sarfini o‘lchovchi elektromagnit o‘zgartirgich halqasimon kanalida qutb nakonechniklari navbati bilan almashinib keladigan magnit tizimini joylashtirish orqali o‘zgartirgich sezgirligini oshirish mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Texnologik jarayonlar boshqaruv tizimlari uchun suyuqlik sarfini o‘lchovchi halqasimon kanalli elektromagnit o‘zgartirgichlar bo‘yicha olingan natijalar asosida:
sezgirligi va aniqligi yuqori hamda chiziqli statik tavsifga ega bo‘lgan suyuqlik sarfini o‘lchovchi halqasimon kanalli elektromagnit o‘zgartirgich qurilmasiga Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№IAP 04960-2014 y.). Natijada texnologik jarayonlar boshqaruv tizimlarida qo‘llanadigan suyuqlik sarfini o‘lchash o‘zgartirgichlarida yuqori sezgirlik, aniqlik, suyuqlik sarfining butun o‘lchash diapazoni bo‘ylab elektr signalga o‘zgartirishning chiziqliligi, ekspluatatsiyaning ekstremal sharoitlarida tavsiflarning yuqori ishonchliligi va barqarorligiga erishilgan;
sezgirligi va asimmetrik suyuqlik oqimi sarfini o‘lchashda aniqligining yuqoriligi hamda butun o‘lchash diapazonida chiziqli statik tavsiflarga ega bo‘lgan yangi suyuqlik sarfini o‘lchovchi halqasimon kanalli elektromagnit o‘zgartirgich “Birlashgan energiya xizmati” shahar suv ta’minoti tizimiga joriy etilgan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining 2019 yil 21 oktyabrdagi 01-01-10/13380-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida suyuqlik sarfini o‘lchovchi halqasimon kanalli elektromagnit o‘zgartirgich sezgirligini oshirish, asimmetrik suyuqlik oqimi sarfini o‘lchashdagi xatolikni kamaytirish va butun o‘lchash diapazonida statik tavsifining chiziqliligini ta’minlashgan erishilgan;
elektromagnit o‘lchash o‘zgartirgichlarining ko‘p konturli va tarqoq parametrli elektromagnit zanjirlarini hisoblash usuli “Birlashgan energiya xizmati” shahar suv ta’minoti tizimiga joriy qilingan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining 2019 yil 21 oktyabrdagi 01-01-10/13380-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘p konturli va parametrlari tarqoq joylashgan magnit zanjirlarini hisoblash ketma-ketligini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
elektr va magnit zanjirlar parametrlari taqsimlanishini hisobga olgan holda yangi suyuqlik sarfini o‘lchovchi halqasimon kanalli elektromagnit o‘zgartirgichlarning matematik modeli “Birlashgan energiya xizmati” shahar suv ta’minoti tizimiga joriy qilingan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining 2019 yil 21 oktyabrdagi 01-01-10/13380-son ma’lumotnomasi). Natijada yaratilgan o‘zgartirgich qo‘llaniladigan tizim sifat ko‘rsatkichlarini hisoblash aniqligini oshirish imkoni yaratilgan.