Parovik Roman Ivanovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xotirali tebranish sistemalari nazariyasida kasr tartibli hisoblashning qo‘llanilishi», 05.01.07–Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (fizika-matematika fanlari).
Ilmiy maslahatchi: Naxushev Adam Maremovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Rossiya Fanlar akademiyasi Kabardino-Balkar ilmiy markazi qoshidagi Amaliy matematika va avtomatlashtirish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM.01.02.
Rasmiy opponentlar: Vel`misov Petr Aleksandrovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Shadimetov Xolmat Maxkambaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Sultanov Karim Sultanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Matematika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kasr tartibli ossilyatorlar sinfi uchun matematik modellar ishlab chiqish, ularni echish uchun samarali sonli usullarni ishlab chiqish, sonli algoritmlar asosida EHM dasturlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kasr tartibli ossilyatorlar sinfi uchun Koshi masalasi echimining mavjudligi va yagonaligi isbotlangan;
kasr tartibli ossilyatorlar uchun nolokal oshkor chekli-ayirmali sxemalarning turg‘unlik va yaqinlashuvchanlik teoremalari isbotlangan;
chiziqli kasr tartibli ossilyator uchun Raytning umumlashgan funksiyasi ma’nosidagi yangi analitik echim olingan va kasr tartibli Eyri ossilyatorini echish uchun birinchi va ikkinchi tur Eyri funksiyalarining analogi topilgan;
klassik va kasrli impuls-ko‘chish koordinatalarida yangi ossillogrammalar va kasr tartibli ossilyatorlarning davriy traektoriyalari qurilgan;
nochiziqli kasr tartibli ossilyatorlarning xaotik harakatini o‘rganish maqsadida Lyapunov maksimal ko‘rsatkichlarining yangi spektrlari qurilgan, Duffing kasr tartibli va nochiziqli kasr tartibli ossilyatorlarda xaotik harakat mavjudligi aniqlangan;
kasr tartibli ossilyatorlarda majburiy tebranishlarning yangi amplituda-chastotali va davriy-chastotali xarakteristikalari qurilgan hamda tebranuvchi sistemalarning sifat ko‘rsatkichlari va kasr hosilalarning tartibi orasidagi bog‘lanish aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xotirali tebranish sistemalari nazariyasida kasr tartibli hisoblashning qo‘llanilishi asosida:
Eyri kasr tartibli ossillyatorini echish uchun topilgan birinchi va ikkinchi tartibli Eyri funksiyalari analoglaridan 01201361965 raqamli «Aralash turdagi nolokal differensial tenglamalar va ularning harakat sistemalarga qo‘llanilishi» va 01201361970 raqamli «Qattiq tanali fraktallar tarkibi holati tenglamasining nano-tizim xususiyatlarini matematik modellashtirish» xorijiy loyihalarida dinamik sistemalarni tadqiq etishda foydalanilgan (RFA Kabardino-Balkar ilmiy markazining 2019 yil 21 noyabrdagi 17600/430.1.3H-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi ishqalanishga ega bo‘lgan fraktal parametrik ossillyatorni analiz qilish imkonini bergan;
Eriditar chiziqli ossillyatorlar uchun ossillogramm va davriy traektoriyalarni hisoblash dasturidan 12-I-OFN-16 raqamli «Erning atmosferasi va plazmosferasiga katta quvvatli radioto‘lqinlar yordamida ta’sir qilishning fundamental muammolari» loyihasida fizik jarayonlarni modellashtirish uchun foydalanilgan (RFA Kosmofizik tadqiqotlar va radioto‘lqinlarning tarqalishi institutining 2019 yil 6 noyabrdagi 319-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi xotirali tebranuvchi jarayonlarning modellashtirish natijalarini vizuallashtirish imkonini bergan;
eriditar ossillyatorlar uchun Lyapunov maksimal ko‘rsatkichlarini hisoblash dasturidan 12-I-OFN-16 raqamli «Erning atmosferasi va plazmosferasiga katta quvvatli radioto‘lqinlar yordamida ta’sir qilishning fundamental muammolari» loyihasida yaqin kosmos va geosferadagi fizik jarayonlarni modellashtirish uchun foydalanilgan (RFA Kosmofizik tadqiqotlar va radio to‘lqinlarning tarqalishi institutining 2019 yil 6 noyabrdagi 319-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi ossillogrammalar va davriy traektoriyalarni qurish imkonini bergan.