Yunusxodjaeva Nodira Abdulxamitovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Nastoyka va ekstraktlar sifatini ta’minlash va standartlashdagi metodologik yondashuvni takomillashtirish», 15.00.02–Farmatsevtik kimyo va farmakognoziya (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Far18.
Ilmiy maslahatchi: Abdullabekova Viloyat Nurillabekovna, farmatsevtika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.27.06.2017.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: Do‘smatov Aziz Fayzamatovich, farmatsevtika fanlari doktori; Tulaganov Abduqodir Abduraxmonovich, farmatsevtika fanlari doktori, professor; Abdulladjonova Nodira Gafurjanovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: dorivor o‘simlik xomashyolari asosida olingan yangi va bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining sifatini nazorat qilish va standartlash uchun ilmiy asoslangan zamonaviy tahlil usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor mahalliy achchiq toron, qush toron, ikki uyli gazanda o‘simliklarining xomashyosidan «Gemostat» qon to‘xtatuvchi suyuq ekstrakti olingan;
«Gemostat» suyuq ekstraktining biofaol moddalaridan flavonoidlar, aminokislotalar, vitamin K1, makro-, mikroelement tarkibi hamda tibbiyotga tatbiq etish maqsadida farmakologik faolligi aniqlangan;
ilk bor oddiy chernika va dorivor galega o‘simliklari xomashyosi asosida «Fitodiabetol» BFQ nastoykasi olingan, zaharliligi va biologik samaradorligi isbotlangan;
tibbiyotda qo‘llanilayotgan jag‘-jag‘ suyuq ekstrakti uchun ilk bor spektrofotometriya va YuSSX usullaridan foydalangan holda miqdoriy tahlil uslubi ishlab chiqilgan;
qush toron nastoykasi va achchiq toron suyuq ekstrakti uchun zamonaviy tahlil usullari ishlab chiqilgan;
yangi olingan va mahalliy farmatsevtika sanoati tomonidan ishlab chiqarilayotgan tirnoqgul, valeriana, jen`shen` va achchiq qalampir nastoykalari, jag‘-jag‘ suyuq ekstrakti uchun etil va propil spirtlari, og‘ir metallar va makro-, mikroelement miqdorini aniqlashning zamonaviy usullari ishlab chiqilgan hamda etil va propil spirtlari uchun GSX, og‘ir metallar aniqlashning AAS usulidan foydalanish imkoni mavjudligi aniqlangan;
yangi olingan dori preparatlar turg‘unligini tabiiy usulda aniqlash yo‘l bilan saqlanish muddatlari belgilangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nastoyka va ekstraktlar sifatini ta’minlash va standartlashdagi metodologik yondashuvni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Qush toron» nastoykasi va «Gemostat» suyuq ekstrakti O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUK tomonidan tibbiyotda qo‘llashga ruxsat etilgan (FM 42 Uz-1249-2016; FM 42 Uz-0215-2019). Natijada olingan dori vositalari gemostatik sifatida samarali davolash imkonini bergan;
«Fito diabetol» biologik faol qo‘shimcha uchun Texnikaviy shartlar (Ts15005859-02:2016) tasdiqlangan. Uni ishlab chiqarish bo‘yicha Texnologik yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan tasdiqlangan (TI 15005859-02:2016). Natijada “Aktash” xususiy farmatsevtik ishlab chiqarish korxonasida «Fito diabetol» nastoyka biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqarish imkonini bergan;
«Tirnoqgul nastoykasi» (KFM 42Uz-22477731-3096-2017), «Jen`shen` nastoykasi» (KFM 42Uz-22477731-3296-2018), «Achchiq qalampir nastoykasi» (KFM 42Uz-22477731-3209-2017) uchun xalqaro farmakopeyalar bilan uyg‘unlashgan holda etil va propil spirtlari hamda og‘ir metallarni aniqlashning zamonaviy tahlil usullari ishlab chiqilgan va me’yoriy hujjatlariga kiritilgan. Natijada ushbu dori vositalari sifatini zamonaviy usullarda aniqlash imkonini bergan;
«Tirnoqgul» nastoykasi dori preparatlari uchun sanoat ishlab chiqarish reglamenti tasdiqlangan (42 Uz-03837-22477731-2808-2018). «Gemostat» suyuq ekstrakti (440-sonli buyruq, 16.10.2019 y.) va «Fito diabetol» nastoykasi BFQlarni (Ts15005859-02:2016) «Ziyo nur farm» va «Aktash» XK bazalarida seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada «Gemostat» suyuq ekstrakti va «Fito diabetol» nastoykasini tayyorlash texnologiyalari o‘zlashtirilib, dori preparatlarini ishlab chiqarish imkonini bergan.