Allayarov Abduraxman Nazaralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Karamdosh sabzavot ekinlarining zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari”, 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Qx297.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc. 27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Amanov Shuhrat Baxtiyorovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Isamiddinov Ilhomjon Tulaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiya instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyati sharoitida karamdosh sabzavot ekinlarining zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kasalliklari tarqalishi, rivojlanishi va zararini aniqlash hamda kasallik qo‘zg‘atuvchilarining biologik xususiyatlarini tahlil qilgan holda ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent viloyati sharoitida karamdosh sabzavot ekinlaridagi qorason, fuzarioz, al`ternarioz, soxta un-shudring, fomoz kasalliklarining tarqalishi va zarari aniqlangan;
mazkur kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larning patogenligi hamda qorason va fuzarioz kasalliklarini qo‘zg‘atuvchilarining fitotoksik xususiyatlari aniqlangan;
karamdosh sabzavot ekinlarining urug‘laridan ajratilgan zamburug‘larni tur tarkibi va ularning fitotoksik xususiyatlari aniqlangan;
kasalliklarga qarshi urug‘larni dorilash uchun Vitavaks 200 75% n.kuk. preparatini va o‘suv davrida qo‘llanilgan Akrabat MS 690 g/l, Previkur 722 g/l, Praksanil 45% sus.k., Titul 390 k.e.k., Reks Duo 49,5% sus.k., Shavit F 72% s.e.g. va Kurzat R n.kuk. fungisidlarining ta’siri aniqlangan;
orgamika F biopreparati bilan urug‘larni dorilash, ko‘chatlarni ildiziga ishlov berish va o‘simlikni o‘ziga purkash bo‘yicha olingan natijalarning biologik va iqtisodiy samaradorligi aniqlangan;
karamdosh sabzavotlarda al`ternarioz kasalligini respublika sharoitida Alternaria brassicae (Berk.) Sacc. turi qo‘zg‘atishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Karamdosh sabzavot ekinlarida zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarni tarqalishi, rivojlanishi va zararini aniqlash hamda kasalliklarga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanish natijalari asosida:
karamdosh sabzavot ekinlarini ko‘chat etishtirish davrida qorason kasalligiga qarshi urug‘larni ekishdan oldin Vitavaks 200 75% n.kuk fungisidi bilan 10 g/kg me’yorda ishlov berish texnologiyasi O‘rta Chirchiq, Qibray tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida jami 0,2 gektar issiqxona maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 apreldagi 02/029-238-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘llanilgan ushbu preparatning biologik samaradorligi 86,7–88,9 foizni tashkil etgan;
karamdosh sabzavot ekinlarida o‘suv davrida zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarga qarshi turli fungisidlarni qo‘llash muddat va me’yorlarini aniqlashda kichik va katta dala maydonlarida Akrobat MS (2,0 kg/ga), Previkur SL (1,5 l/ga), Proksanil (2,0 l/ga), Titul (0,25 l/ga), Reks Duo (0,4 l/ga), Shavit F (0,25 kg/ga) va Kurzat R (3,5 kg/ga) fungisidlari bilan ishlov berish texnologiyasi Qibray, Toshkent tumani fermer xo‘jaliklari hamda O‘rta Chirchiq tumanidagi “Fresh Rose” MChJga qarashli 25 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 apreldagi 02/029-238-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘llanilgan kimyoviy vositalarning biologik samaradorligi 85,0–90,0 foizni tashkil etgan;
karamdosh sabzavot ekinlarining fuzarioz kasalligiga qarshi Orgamika F biopreparati O‘rta Chirchiq tumanidagi “Fresh Rose” MChJga qarashli 13 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 11 apreldagi 02/029-238-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu biopreparatning biologik samaradorligi 79,3 foizni tashkil etgan va nazoratga nisbatan 8,2 tonna qo‘shimcha hosil olingan va bir gektar maydondan olingan sof foyda 8732800 so‘mni tashkil etgan.